Milliy musibatga aylangan chaquv: Rossiyaga xos eng yashovchan odat haqida
Bugun Rossiyada gapirishdek surbetlik bilan shug‘ullanadigan, umuman nimadir qilayotgan, qimirlayotgan va umuman yashayotganlardan jamiyatni tozalashdek zararli jarayon bilan hozir nihoyatda ko‘payib ketgan «ko‘ngillilar» shug‘ullanishmoqda.
Bir inson umri davomida ona tilidagi u yoki bu so‘z jamoatchilik tafakkurida yoki rasmiy ritorikada o‘z ma’nosini keskin o‘zgartirishi mumkinligi avvaldan yaxshi ma’lum. Bu o‘zgarish ayrim hollarda avval boshidagiga umuman zid keladigan tarzda bo‘lishi ham mumkin.
Bolaligi urush davrlariga to‘g‘ri kelgan akam, masalan, otamiz ofitser ekanidan juda faxrlanardi. Urushning eng qaynoq pallalarida ofitserlik rutbasiga erishgan otamiz esa, «ofitser» so‘zi haqoratomuz ma’no kasb etgani — ofitser deganda «oq ofitser»lar tushunilgan chog‘larni yaxshi eslagan. Qizil armiyada esa komandirlar bo‘lgan. Otamiz urushga komandir bo‘lib jo‘nab ketib, ofitser bo‘lib qaytib kelgan, — deb yozadi adib va shoir Lev Rubinshteyn.
Yana «ko‘ngilli» degan so‘z bo‘lardi. Beminnat ijtimoiy harakatga moyil insonni bildiradigan beozorgina so‘z. 1941 yilda frontga ko‘ngilli ravishda otlanganlar juda ko‘p bo‘lgan. Ular asosan o‘smir yigitchalar, kechagi maktab o‘quvchilari, mashq o‘tamagan, qurol otib ko‘rmagan bolalar edi va ularning sanoqlilarigina frontdan tirik qaytgan.
Mening o‘smirlik chog‘larimga kelib bu so‘z «ko‘ngilli komsomolchilar» kabi so‘z birikmalari paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. «Qizil xoch va yarimoy», «Tabiatni asrash», «Armiya, aviatsiya va flotga ko‘mak ko‘rsatish», «O‘t o‘chiruvchilarga yordam» kabi sanoqsiz «ko‘ngillilar jamiyati» kabilarni-ku, sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Lekin rostdan ham hammasi ko‘ngilli yordam bo‘lgan.
1970-yillar o‘rtalarida qandaydir ilmiy muassasada ishlovchi o‘zimdan kattaroq tanishimning hikoyasini eslayman. Navbatdagi «kommunistik shanbalik»da (hozirgi bizdagi umumxalq hasharining «bobokaloni») xodimlarni anjumanlar zalida to‘plashgan, u yerda partiya tashkiloti raisi «mazkur tadbir» nihoyatda ahamiyatli ekani haqida gapirgan. «Roppa-rosa sakkiz-u nol-nolda hamma o‘z ish joyida bo‘lishi kerak… Ish qurollari tashkiliy ravishda bo‘limlarga qarab tarqatiladi… Bu muhim siyosiy masala ekanini hisobga olinglar… Kim bu tadbirda sababsiz ishtirok etmasa, o‘zidan xafa bo‘lsin...». Xullas, mana shunaqa tarzda.
O‘zining otashin nutqidan so‘ng u picha sukut saqlab, ifodali tarzda, barchasini bo‘g‘inga bo‘lgan holda irod qilgan: «Le-kin ham-ma-si ix-ti-yo-riy ra-vish-da bo‘-li-shi ke-rak! Tushuntiroldimmi?»
Bu yerda nimasi tushunarsiz bo‘lishi mumkin, tavba. Aynan o‘sha yillari «ixtiyoriy-majburiy tartibda» ko‘rinishidagi so‘z qurilmasi paydo bo‘lgan.
Pionerlik yillarimda fuqarolar urushi ishtirokchisi bo‘lgan qariya qo‘shni ayoldan «Paroxod plyvyot, dymit kolsami. Budem rybu my kormit dobrovolsami» («Kema suzib borar, tutun burqsitib, baliqlarni ko‘ngillilar bilan boqamiz») qabilidagi chastushka (to‘rtlik she’r) eshitganman. O‘shanda menga bu she’r tahqirlovchi, yumshoqroq qilib aytganda, g‘alati ko‘ringan. «Ko‘ngilli xalq drujinasichi»-chi? DOSAAF-chi (Vsesoyuznoye dobrovolnoye obshchestvo sodeystviya armii, aviatsii i flotu — Butunittifoq armiya, aviatsiya va flotga ko‘mak ko‘rsatuvchi ko‘ngillilar jamiyati)? Men o‘shanda fuqarolar urushi davrida oqlarga yordam beruvchilar ko‘ngilli (dobrovolets) deb atalganini qayoqdan bilay? Keyinroq yana bir kampirdan — u ham «sobiq»lardan — shu chastushkaning boshqacharoq variantini eshitdim: unda baliqlarga yem sifatida komsomolchilar tilga olingan. «Ko‘ngilli komsomolchilar» mening shuurimda ziddiyatlar kurashi va birlik to‘g‘risidagi dialektik qonuniyatning lo‘nda illyustratsiyasiga aylanib qolgandi.
Yaqindan boshlab u yoki bu yaratuvchanlik va jamiyat uchun foydali faoliyat bilan chindan ham ko‘ngilli ravishda shug‘ullanayotganlar o‘zlarini «volontyorlar» deb atab kelishmoqda.
Volontyorlik harakati qandaydir lahzadan boshlab o‘sib, kengayib, o‘zini shu darajada aniq-tiniq namoyon eta boshladiki, u bilan turli «tergov qo‘mitalari» qiziqib qolishdi. Mamlakatda allakimlar hech kimdan so‘ramasdan qandaydir fuqarolik jamiyati shakllantirayotganiga va bu jamiyatning eski yog‘och uylarning karnizidagi oqqayinlar singari ingichka va jimjimador bachkilari barqarorlikning beton-kafelli devorlari yorig‘idan o‘sib chiqib kelishiga ular befarq qarab tura olishmaydi, albatta. Chopish kerak!
Hokimiyat o‘zining rahbarlik va yo‘naltiruvchi rolisiz nimadir sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bera olmaydi, endi «donatlar» deb atalayotgan qandaydir xayriya va badallar eng kishini g‘azablantiradigan tarzda ularning keng ochilib turgan cho‘ntaklari yonidan zuvillagancha o‘tib ketmoqda.
Binobarin, Rossiyadagi hozirgi terminal davrda volontyorlik tashkilotlarining juda ko‘pchiligi «kuchishlatar idoralar»ga xos tarzda juda osonlik bilan «chet el agenti», undan tashqari, ayrimlari «nomaqbul tashkilotlar» yorlig‘i bilan siylanayotganiga aslo hayron bo‘lmaslik kerak.
To‘g‘ri-da, qorong‘ilikda bilmasdan kimningdir dumini bosib olmaslik yoki o‘z ixtiyoringga qarshi tarzda, qilinishi lozim bo‘lmagan biror narsani propaganda qilib qo‘ymaslik uchun bu holatda aynan nimalarnidir bajarish, gapirish, yozish, tasvirlash va kuylash mumkinmasligini kim biladi? Shunday bo‘lib chiqyaptiki, balodan hazar deb hech narsa gapirmaslik va hech narsa qilmaslik kerak — omon qolasan. Lekin bunday qilib bo‘ladimi?
Aynan nima bilan mashg‘ulligi muhim bo‘lmagan jamiyatlar atrofida birlashgan, surbetlarcha gapirayotgan, qilayotgan va umuman yashayotganlarni tozalash jarayonida eng serharakat va eng zararli rolni xavfli darajada ko‘payib ketgan «ko‘ngillilar» amalga oshirishmoqda.
Axir aynan o‘shalar va faqat o‘shalar — ko‘ngilli chaqma-chaqarlar, sotqinlar, hammayoqni to‘ldirib tashlagan pensioner xolalar — navbatdagi taqiq-jazo kampaniyasiga milliy musibat miqyosini taqdim eta olishi mumkin. Bu miqyoslar ushbu kampaniyalarning bevosita tashabbuskorlari, qolaversa qandaydir tasavvurga, hayotiy tajribaga va o‘zini asrash instinktiga ega bo‘lganlarni jiddiy tarzda qo‘rqita olishi, hech qursa bosh qashlab qolishiga sabab bo‘ladi.
Bunaqasi tarixda bo‘lgan. Bir necha marta bo‘lgan. Rossiyaning qandaydir «ma’naviy-axloqiy» an’analari haqida gapirilgan taqdirda ham bu eng yashovchan va doimiy barhayot an’analaridan biridir — «so‘z va ish birligi» davridan tortib, yuqori texnologiyali raqamli davrlargacha.
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024