Jahon | 09:37 / 02.05.2023
6844
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: AQSh Finlandiyada harbiylarini joylashtirish bo‘yicha muzokaralarni boshladi

AQSh va NATOga qo‘shilgan Finlandiya mudofaa sohasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha muloqot olib bormoqda. Bu Vashingtonga Finlandiya hududidan mashg‘ulotlar va texnikani joylashtirish uchun foydalanish imkonini beradi, deb yozadi Helsingin Sanomat.

Foto: National guard

AQSh va NATOga qo‘shilgan Finlandiya mudofaa sohasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Agar kelishuv tuzilsa, Qo‘shma Shtatlar qurolli kuchlari Finlandiya hududidan mashg‘ulotlar va texnikani joylashtirish uchun erkin foydalanishi mumkin bo‘ladi, deb yozadi 1 may, dushanba kuni Finlandiyaning Helsingin Sanomat gazetasi.

Muzokaralar raundlaridan biri o‘tgan hafta Helsinki-Katayanokke hududida bo‘lib o‘tdi. Finlandiya Tashqi ishlar vazirligi siyosiy bo‘limi rahbari o‘rinbosari Mikael Antell kelishuv matni ittifoqchilar tomonidan ijobiy va yechimga yo‘naltirilgan tarzda muhokama qilinganini ta’kidladi.

Prezident Sauli Niinistyo kelishuv haqida Finlandiya xavfsizligini maksimal darajada oshirish yo‘li sifatida gapirdi va Qo‘shma Shtatlar bu masalada muhim omil ekanligini ta’kidladi.

Finlandiya 4 aprel kuni NATOning 31-a’zosiga aylandi. Shimoliy Atlantika ittifoqining Rossiya bilan umumiy chegarasi ikki baravar ko‘paydi va 2600 kilometrga yetdi.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Bryusseldagi matbuot anjumanida Helsinkini o‘z safiga qabul qilib, “NATO Finlandiyani himoya qilishga tayyorligi borasida Moskva uchun xatoga joy qoldirmayapti”, dedi. Uning tushuntirishicha, har qanday tushunmovchilik yoki noto‘g‘ri hisob-kitoblar xavfli, chunki u mojaroga sabab bo‘lishi mumkin, NATOning siyosati maqsadi - mojarolar oldini olish. Shuning uchun alyansga a’zolik Finlandiyani xavfsizroq, blokni esa kuchliroq qiladi, deya qo‘shimcha qildi NATO bosh kotibi.

Finlandiya Rossiya bilan chegarada devor qurishni ham boshladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid