Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Prilepinga suiqasdda Qo‘shma Shtatlarni aybladi
Rossiya TIV buni «Kiyev rejimi va uning G‘arbdagi kuratorlari uyushtirgani» allaqachon ravshan deb hisoblamoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi targ‘ibotchi Zaxar Prilepinning avtomobilini portlatishda javobgarlik Ukraina rasmiylari va «ularning G‘arbdagi homiylari, birinchi navbatda AQSh» zimmasiga yuklanadi, deb hisoblaydi. Bu haqda Rossiya TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Departament portlash bo‘yicha tergov hali ham davom etayotganini ta’kidladi. Biroq Rossiya TIV buni «Kiyev rejimi va uning G‘arbdagi kuratorlari uyushtirgani» allaqachon ravshan deb hisoblamoqda.
«Ushbu va boshqa terrorchilik harakatlari uchun javobgarlik nafaqat Ukraina hukumati, balki ularning G‘arbdagi homiylari, birinchi navbatda, AQSh zimmasiga tushadi», deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, rossiyalik diplomatlarning fikriga ko‘ra, Vashington Prilepinning avtomobili portlatilishini rasman qoralamagani tufayli «Amerika rasmiylari o‘zini-o‘zi oshkor qilmoqda».
6 may kuni Nijniy Novgorod viloyatida Zaxar Prilepin ketayotgan mashina portlatib yuborildi. Oqibatda haydovchi halok bo‘ldi, targ‘ibotchining o‘zi esa og‘ir yaralandi.
Bir necha soat ichida Rossiya xavfsizlik kuchlari ikki kishini hibsga oldi, ulardan biri so‘roqdan so‘ng suiqasdning ijrochisi deb e’lon qilindi. Rossiya xavfsizlik kuchlari bilan suhbatdan so‘ng, erkak uzoq vaqt davomida Ukraina maxsus xizmatlarida ishlaganini va ularning buyrug‘i bilan sobiq LXR jangarisiga suiqasd qilganini aytgan.
Hozircha, Ukraina suiqasdga aloqadorligini tasdiqlamadi, lekin rad ham qilmadi.