Jahon | 08:56 / 09.05.2023
5535
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada sud Prilepinga suiqasdda gumonlanayotgan shaxsni hibsga oldi

Aleksandr Permyakov terakt va noqonuniy qurol savdosida ayblangan. Nijniy Novgorod viloyati sudi uni ikki oyga hibsga oldi.

Videodan kadr

Nijniy Novgorod viloyati sudi yozuvchi Zaxar Prilepinning hayotiga suiqasd ishi bo‘yicha Ukrainaning Donetsk viloyatida tug‘ilgan 29 yoshli Aleksandr Permyakovni ikki oyga hibsga oldi. Bu haqda Rossiya Bosh prokuraturasi 8 may, dushanba kuni o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.

Avvalroq Rossiya Tergov qo‘mitasi Permyakovni terakt (Jinoyat kodeksining 205-moddasi) va noqonuniy qurol savdosi (Jinoyat kodeksining 222-moddasi)da ayblagan edi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi politsiya xodimlari Permyakovning hibsga olinishi haqida gapirgan videoni e’lon qildi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, u ularda shubha uyg‘otgan, chunki erkak qo‘lga olingan joydagi ko‘lda kaklik bo‘lmasa-da, u kaklik ovlash haqida gapirgan.

Avvalroq "MK" jurnalistlari 2014 va 2015 yillarda Permyakov o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan "DXR" Donbass respublikasi tomonida jang qilgani haqida xabar bergan edi. Ularga ko‘ra, Permyakov 15 yoshida bir guruh odamlar tarkibida o‘g‘irlik ishi bo‘yicha to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Permyakov Baxmut yaqinidagi axloq tuzatish muassasasida jazo muddatini o‘tgan va ozodlikka chiqqandan keyin Drujkovkaga qaytgan.

2015 yilning fevralida Permyakov Kuybishevo qishlog‘i yaqinida Rossiya bilan chegarani piyoda kesib o‘tmoqchi bo‘lgan, biroq bojxonachilar ryukzakdan Kalashnikov avtomatidan nayza-pichoq topgan. Permyakov chegarani kesib o‘tishdan bosh tortgani uchun jinoiy ish ochmaslikka qaror qilingan. Erkak Drujkovkaga qaytib kelgan va u yerda 2022 yilgacha qurilish maydonchasida ishlagan. RTQda so‘roq paytida u Ukraina maxsus xizmatlari uni 2018 yilda o‘z safiga jalb qilgani haqida guvohlik berdi.

6 may kuni Nijniy Novgorod yaqinidagi Pionerskoye qishlog‘i yonida kremlparast yozuvchi Zaxar Prilepinning Audi Q7 avtomobili portlab ketdi. Portlash natijasida Prilepin yaralandi, uning haydovchisi halok bo‘ldi.

Prilepin Donbassga tashrifidan so‘ng Moskvaga qaytayotgan bo‘lgan. U chegara hududidagi nazorat-o‘tkazish punktini kesib o‘tgan. Yo‘lda Prilepin Nijniy Novgorod viloyatida ovqatlanish uchun to‘xtab o‘tgan. U mashinaga qaytib kelganidan keyin portlash sodir bo‘lgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid