Jahon | 10:31 / 10.05.2023
4126
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Moldovaga yangi makromoliyaviy yordamni ma’qulladi

Yevroparlament deputatlari Moldovaga 145 million yevrogacha qo‘shimcha makromoliyaviy yordam ajratish uchun ovoz berdi. Shunday qilib, ushbu yordamning umumiy miqdori deyarli 300 million yevroga yetadi.

Foto: AP

9 may, seshanba kuni Yevropa Ittifoqi parlamenti Yevropa komissiyasining Kishinyovga 145 million yevrogacha bo‘lgan qo‘shimcha makromoliyaviy yordam ajratish to‘g‘risidagi taklifini ma’qulladi. Shundan 100 million yevro kredit, 45 million yevro esa grant ko‘rinishida taqdim etiladi. Moldova tomonidan muayyan siyosiy majburiyatlarni bajarish sharti bilan bu summa 2023 yilning uchinchi va to‘rtinchi choraklarida ikki transhda to‘lanadi. Jumladan, adliya tizimini isloh qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish, shuningdek, Xalqaro valuta jamg‘armasining makroiqtisodiy dasturini amalga oshirishdagi muvaffaqiyatlar nazarda tutilgan.

Tashabbusni 561 deputat qo‘llab-quvvatladi, 43 kishi qarshi ovoz berdi, 20 nafari betaraf qoldi. "Rossiyaning Ukrainadagi bosqinchilik urushi hech kimni va, albatta, Moldovani ayamadi, - dedi Chexiyadan deputat Marketa Gregorova. - Urush, energetika inqirozi, ulkan inflatsiya va uy xo‘jaliklari iste’moli va investitsiyalar kamayishi kombinatsiyasi davlat moliyasini quritmoqda va Moldova fuqarolari farovonligiga zarar keltirmoqda. Bundan tashqari, Rossiyaning mintaqadagi ta’siri kuchayib borayotgani Moldova iqtisodiyotiga qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda". Uning ta’kidlashicha, iqtisodiy va siyosiy zaiflik davrida YeI Moldovani qo‘llab-quvvatlashga majburdir.

Ruminiya deputati Vlad George Kishinyovga makromoliyaviy yordamni yanada kengaytirish kerak, deb hisoblaydi. "Moldova Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga nisbatan shafqatsiz tajovuzkorligi va doimiy gibrid tahdidlar bilan bog‘liq ko‘plab xavfsizlik muammolariga duch kelmoqda. YeI ko‘proq mablag‘ bilan yordam berishi kerak".

Endi Kishinyovga qo‘shimcha makromoliyaviy yordam ajratish rejasi Yevropa Ittifoqi kengashi tomonidan tasdiqlanishi lozim.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid