Jahon | 12:01 / 13.05.2023
5997
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning JARdagi elchisi bu davlatni Rossiyaga qurol yetkazib berishda aybladi

AQShning JARdagi elchisi Ruben Bridjyetining fikricha, dekabr oyida JARda yuk kemasiga Rossiya uchun qurol-yarog‘ ortilgan. Qo‘shma Shtatlar rasman bu faktdan xavotir bildirdi.

Ruben Bridjyeti / Foto: Wikimedia

AQShning Janubiy Afrika Respublikasidagi elchisi Ruben Bridjyeti ushbu mamlakat rasmiylarini Rossiyaga qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yetkazib berishda aybladi, deb xabar bermoqda dpa 12 may, juma kuni mahalliy matbuotga tayanib. Elchi payshanba kuni Pretoriyada janubiy afrikalik jurnalistlar bilan uchrashuvda tegishli bayonot bilan chiqdi.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, qurol va o‘q-dorilar dekabr oyi boshida Saonestaun dengiz portida bo‘lgan Rossiyaning “Ledi R” yuk kemasida RFga yetkazilgan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, elchi bu ma’lumotga to‘liq ishongan va hatto bu haqiqat deb qasam ichgan.

Qo‘shma Shtatlar ham voqea yuzasidan rasman xavotir bildirdi. "Qo‘shma Shtatlar o‘tgan yil dekabr oyida Rossiyaning sanksiya ostidagi yuk kemasi Janubiy Afrika harbiy portiga kirganidan jiddiy xavotirda. Biz o‘z xavotirimizni bevosita JAR rasmiylarining bir nechta vakillariga bildirdik", - dedi payshanba kuni Davlat departamenti matbuot kotibi o‘rinbosari Vedant Patel.

Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramaposaning aytishicha, rasmiylar voqea yuzasidan tergov olib bormoqda. Rasmiy ravishda Janubiy Afrika Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda neytral pozitsiyani egallaydi, ammo G‘arb davlatlari bu mamlakatni Rossiyaga yashirin yon bosishda gumon qilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid