O‘zbekiston | 17:58 / 17.05.2023
10143
3 daqiqa o‘qiladi

“Rektorlarni saylashga tayyormasmiz” – Abduvali Xoliqov

Oliy ta’lim muammolariga bag‘ishlangan suhbatda vazirlik xodimi rektorlarni tayinlashdan voz kechish juda oson ekanini, ammo bunga hali hech kim tayyor emasligini bildirdi. U ta’lim sohasidagi mavjud holatdan kelib chiqib, hozirgi tartib to‘g‘ri ekanligini qayd etdi.

Kun.uz bilan suhbatda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining departmenti boshlig‘i Abduvali Xoliqov OTM boshqaruvida rektorlarni saylash sohadagi muammolarga yechim bo‘lmasligini ta’kidladi.

“Buning shaklini o‘zgartirish oson. Lekin qanday bo‘ladi, qay tartibda tashkil etiladi yoki saylangan rektorga qanday imkoniyatlar beriladi? Mana shunday savollar tug‘iladi. Bu jarayonda rektorning vakolatlari, kafolatlari qo‘yilishi kerak. Bugungi oliy ta’lim tizimida rahbarlarni belgilangan tartibda rektor lavozimiga qo‘yishda, albatta, oldingi mehnat faoliyati, qanday ishlagan, qanday natijalar bergan – mana shularga qarab rektorlik lavozimiga tayinlanadi. Bu jarayonlar 3-4 yil oldingiga nisbatan ancha yengillashgan. 

Masalan, oldin dekanlarni Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi suhbatdan o‘tkazib tayinlardi. Hozir esa dekanlar OTM tomonidan tayinlanyapti. Prorektorlar hukumat darajasida lavozimga qo‘yilardi. Bu tartib bugungi kunga kelib tegishli vazirlik va idoralarga berilgan. Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi OTM shu vazirlik tomonidan, ya’ni tashkilotlarning tasarrufiga qarab prorektorlar tayinlanyapti. 

Bugungi kunda oliy ta’limdagi mavjud holat va kelajakda rivojlantirishga qaratilgan ishlarga qaraydigan bo‘lsak, amaldagi tartib to‘g‘ri. Saylovga o‘tkazishdan osoni yo‘q, bu – shakl. Lekin u nima beradi degan savol tug‘iladi-da. Endi mavjud holatdan kelib chiqib, buni ochiqchasiga aytish kerak. Mutaxassis sifatidagi shaxsiy fikrim — rektorlarni saylashga tayyormasmiz”, – deydi Xoliqov.  

Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining boshqarma boshlig‘i Sherzod Ne’matov esa ilgari rektorlarni saylash tizimi yo‘lga qo‘yilgani, ammo samara bermagani haqida gapirdi. 

“Yaqin tarixda OTM rektorlarini saylash amaliyoti bo‘lgan. Ammo bu tajriba bitta yomon salbiy oqibatga olib kelgan. Tabiiyki, bunda 2-3 nafar nomzod haqida gap ketadi. Mana shunda jamoada guruhbozlik, nosog‘lom muhit paydo bo‘ladi. Jamoa o‘rtasida bo‘linishlar yuzaga keladi”, – dedi Ne’matov.

To‘liq videoni shu yerda ko‘rishingiz mumkin.

Mavzuga oid