Jahon | 09:26 / 18.05.2023
5853
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiya Rossiyani bepul yer uchastkalariga bo‘lgan huquqdan mahrum qildi

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, gap Rossiya elchixonasi tomonidan “diplomatik maqsadlarda” foydalanilmayotgan 59 ta yer uchastkasi haqida bormoqda. Ular Praga, Karlovi Vari, Brno va mamlakatning boshqa hududlarida joylashgan.

Pragadagi Rossiya elchixonasi / Foto: Getty Images

Ukrainadagi urush fonida Chexiya hukumati SSSR davridagi farmonlarni bekor qildi, u Rossiya elchixonasiga Praga va respublikaning boshqa shaharlarida yerdan bepul foydalanish huquqini bergandi. Bu haqda 17 may, chorshanba kuni Yevropa ishlari bo‘yicha vazir Martin Dvorjak ma’lum qildi.

"Mamlakatimiz bosib olingandan so‘ng biz Rossiya tanklari tomonidan qurol ostida qabul qilingan hukumat qarorlarini bekor qildik, bu qarorlar bugungi kunga qadar Rossiyaga bizning hududimizdagi katta yerlardan erkin foydalanishga imkon berdi. Bu uchastkalardan ruxsat etilmagan daromadlar hozirgi okkupatsiyani qo‘llab-quvvatlamasligi kerak”, — deb yozdi Dvorjak Twitter’da.

Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy, o‘z navbatida, “Rossiya tomonidan yerdan tekin foydalanish, asossiz boyib ketishning oldini olish uchun ijara shartnomalari asosida foydalanish bilan almashtirilishi kerak”, deb ta’kidladi.

Chexiya axborot agentligi (ČTK) ma’lumotlariga ko‘ra, gap Rossiya elchixonasi tomonidan “diplomatik maqsadlarda” foydalanilmayotgan 59 ta yer uchastkasi haqida bormoqda. Ular Praga, Karlovi Vari, Brno va mamlakatning boshqa hududlarida joylashgan. Chexiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim obektlar tijorat maqsadlarida foydalaniladi.

Mavzuga oid