O‘zbekiston | 13:48 / 16.06.2023
7905
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda yangi temiryo‘l tarmog‘i tortilib, yangi avtomobil yo‘llari quriladi

2030 yilga qadar Pop va Chustda 1 ming 200 megavattli 3 ta quyosh elektr stansiyasi ishga tushadi. Shuningdek, Norin daryosida 250 megavattli 1 ta yirik va 3 ta kichik GESlar ishga tushadi. Buning hisobiga, yiliga qo‘shimcha 5 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi. Bu – Namanganning yillik elektr energiyasi iste’moliga teng.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev bugungi uchrashuvda Namangan viloyatida transport tizimini yaxshilashga oid quyidagi rejalarga to‘xtaldi:

— aholi va sayyohlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida, Uychi tumani orqali Uchqo‘rg‘on va Norinni markaz bilan bog‘laydigan zamonaviy yo‘l quriladi;

— Pop tumanini Namangan shahri bilan bog‘laydigan elektr poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi, Chust va Pop hududidan o‘tuvchi temiryo‘l tarmog‘i tortiladi (12 kilometr);

— eng muhimi, Pop-Namangan avtomobil yo‘lining 75 kilometr qismi xalqaro standartlar asosida 4 tasmali sement-beton qoplamali yo‘lga aylantiriladi (160 million dollar).

Nomzodning elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha rejalarida esa 6,5 ming kilometr tarmoq, 2 mingta transformator va 12 ta podstansiya yangilanishi, barcha ijtimoiy va davlat idoralari hamda 15 mingta xonadonga umumiy quvvati 82 megavatt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatish ham bor.

Shuningdek, Uchqo‘rg‘onning Qirg‘iziston bilan chegarasida yirik “Erkin savdo zona”si tashkil qilinadi. Namangan xalqaro aeroporti ham tashqi boshqaruvga berilib, bu yerda “kargo” yuk terminali ish boshlaydi.

Сардор Раҳмонқулов
Tayyorlagan Сардор Раҳмонқулов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid