Sport | 20:30 / 09.07.2023
33700
12 daqiqa o‘qiladi

«PSJ» va «Bavariya»da koreyaliklar. So‘nggi transfer xabarlari

So‘nggi kunlarda amalga oshirilgan asosiy transferlar, kutilayotgan o‘tishlar va keng tarqalgan mish-mishlar.

Li Kan In rasman «PSJ»da

Parij klubi Li Kan In transferini e’lon qildi. 22 yoshli janubiy koreyalik yarimhimoyachi «PSJ»ga 22 million yevroga tushdi, u bilan 2028 yilga qadar shartnoma imzolangan.

Li Kan In o‘tgan  mavsumda «Malorka» safida 39 o‘yinda ishtirok etib, «gol plyus pas» tizimida 6+6 ko‘rsatkichini qayd etgan.

Fransuzlar jamoasi uchun yangi marketing kengliklari ochildi: Li — Parij klubiga kelgan ilk janubiy koreyalik bo‘ldi. Shunday ekan, bu transfer tarixga kirdi.

«Bavariya» himoyachisini «PSJ»ga sotdi

«PSJ» rasmiy saytida Myunxenning «Bavariya» klubidan himoyachi Lyuka Ernandes sotib olingani haqida xabar berildi. Fransiya milliy jamoasiga nomzod bo‘lgan 27 yoshli futbolchi bilan besh yillik shartnoma imzolangan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, Ernandesning transferi summasi 47 million yevroni tashkil etgan.

Ernandes 2019 yildan buyon «Bavariya» safida o‘ynab kelayotgandi, u nemis klubida 107 o‘yinda maydonga tushib, ikki gol urgan, Chempionlar ligasi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan, Germaniyaning to‘rt karra chempioniga aylangan. Klubda rahbariyat o‘zgargach, u vataniga qaytishga qaror qildi.

«PSJ»ning yana bir top-transferi

Bungacha Milan Shkrinyar va Marko Asensioni erkin agent maqomida safiga qo‘shib olgan «PSJ»ning navbatdagi transferi katta summa evaziga amalga oshdi. Klub «Sporting»ning tayanch yarimhimoyachisi Manuel Ugarte uchun 60 mln yevro to‘ladi. 22 yoshli urugvaylik bilan besh yillik shartnoma tuzilgan. «PSJ»da Ugarte 4 raqamli futbolkada o‘ynaydi. Shu tariqa, Parij klubining yozdagi transferlari soni beshtani tashkil etmoqda.

«Arsenal» yetakchisi Xabi Alonso jamoasiga o‘tdi

Granit Jaka APLdan ketishi haqida oldindan ma’lum edi, bu ma’lumot rasman tasdiqlandi. Shveytsariyalik 30 yoshli yarimhimoyachi «Bayyer»ga o‘tdi va 2028 yilga qadar shartnoma imzoladi. Transferning taxminiy summasi — 25 mln yevro.

Jaka o‘tgan mavsumda Angliya chempionligi uchun «Manchester Siti»ning asosiy raqobatchisi bo‘lgan «Arsenal»ning muhim futbolchilaridan biri edi. Ammo klub Deklan Rays transferini hal qilganidan keyin u Londonda qolmaslikka qaror qildi. U endi Leverkuzen jamoasi bosh murabbiyi bo‘lib ishlayotgan Xabi Alonso bilan hamkorlik qiladi.

Simeone «Chelsi» afsonasini qo‘lga kiritdi

Sesar Aspilikuetaning ham Londondan ketishi haqida anchadan buyon gapirib kelishardi, ammo u boshqa yo‘nalishda harakatlanishi kutilgandi. «Chelsi» afsonasini «Barselona» bilan bog‘lashayotgandi, ammo ispaniyalik futbolchi yakunda Madridda paydo bo‘ldi. Endi Aspilikueta Diyego Simeone boshqaruvidagi «Atletiko»da o‘ynaydi. Ispaniya milliy jamoasi a’zosi bo‘lgan 33 yoshli himoyachi erkin agent sifatida qo‘lga kiritildi va u bilan 1+1 sxemasida shartnoma tuzildi.

David de Xeaning «MYu»dagi 12 yillik faoliyati tugadi

Futbolchi va klub shartnomani uzaytirish borasida uzoq vaqt muzokara olib borishdi va shartnoma muddatining oxirgi kunlarida ham shartnoma shartlari muhokama qilindi. Lekin maoshi miqdori ikki barobar kamaytirilgan shartnomani ispaniyalik futbolchi rad etdi va erkin agentga aylandi.

Ushbu darvozabon ingliz klubidagi 12 yillik faoliyatida APL, Yevropa ligasi, Angliya kubogi va Angliya liga kubogi g‘olibi bo‘lgan. Endi u ham Saudiya Arabistoniga yo‘l olishi kutilmoqda

«MYu» yangi darvozabon olmoqda

Andre Onana. Foto: ALEXANDER HASSENSTEIN/GETTY IMAGES

«Manchester Yunayted» David de Xea o‘rniga kim kelishini hal qilib bo‘lgan. De Telegraaf ma’lumotiga ko‘ra, klub «Inter»dan Andre Onanani transfer qilishga yaqin. Tomonlar 27 yoshli kamerunlik transferini 55 mln yevro evaziga rasmiylashtirish arafasida. Darvozabonning o‘zi yoki besh yillik, yoki «4+1» sxemasidagi shartnomaga ega bo‘ladi. Onana 2022 yil yozidan buyon «Inter» safida o‘ynab kelayotgandi, endi dunyoning eng kuchli ligasiga yo‘l olmoqda.

«Inter» «Bavariya» darvozabonini qo‘lga kiritmoqchi

Andre Onanani «Manchester Yunayted»ga sotayotgan «Inter» yangi darvozabon izlamoqda. Sky Spors ma’lumotiga ko‘ra, «Bavariya»dan Yan Zommer olib kelinishi mumkin. 34 yoshli darvozabon myunxenliklar safiga o‘tgan mavsum o‘rtasida kelib qo‘shilgan va bundesligada 19 o‘yin o‘tkazgan.

«Bavariya»dagilar bu taklifni o‘ylab ko‘rmoqda, chunki ularda ikki variant bor — Manuel Noyyer jarohatidan tuzalgunicha Zommerni qoldirish yoki uni qo‘yib yuborib, «Valensiya»ning gurjistonlik posboni Georgiy Mamardashvili bilan shartnoma imzolash.

Insayder Fabritsio Romano xabariga ko‘ra, Zommer ham «Inter»ga o‘tishni istamoqda. U «Inter»da asosiy darvozabon bo‘lishdan umid qilmoqda.

«Bavariya» Kim Min Je transferini hal qilgan

Fabritsio Romano myunxenliklar «Napoli» himoyachisi Kim Min Jeni 50 million yevroga sotib olish masalasini hal qilgani haqida ham xabar bergan. 26 yoshli futbolchi yangi klubi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tib bo‘lgan. Tez fursat ichida u bilan 2028 yilga qadar shartnoma tuzilgani e’lon qilinishi kutilmoqda.

Yakunlangan mavsumda ushbu janubiy koreyalik futbolchi A seriyaning 35 o‘yinida maydonga tushib, «Napoli» bilan skudettoni qo‘lga kiritdi. Unga «Manchester Siti» ham da’vogarlik qilayotgandi.

«Milan» «Chelsi»dan yana bir futbolchi olmoqda

Kristian Pulishich. Foto: SEBASTIAN WIDMANN/GETTY IMAGES

Fabritsio Romano «Milan» va «Chelsi» 24 yoshli vinger Kristian Pulishich transferi borasida kelishib olganini xabar qildi. Klublar barcha hujjatlarni rasmiylashtirib bo‘lishgan. Transfer qiymati 20 mln yevroni tashkil etadi, yana bonuslar ko‘zda tutilgan. Pulishich bilan shartnoma 2027 yilga qadar bo‘ladi, unga yiliga 4 mln yevro miqdorida maosh to‘lanadi.

Amerikalik futbolchi «Chelsi»ning asosiy tarkibidan tushib qolgandi. U o‘z vaqtida istiqbolli vinger sifatida xarid qilingandi, ammo bu umid oqlanmadi. 2022/2023 yillar mavsumida Pulishich «Chelsi» safida barcha turnirlar doirasida 30 o‘yinda maydonga tushib, bir gol va ikki pas bilan cheklandi. Endi u «Milan» safida yana top-darajaga qaytishga urinib ko‘radi.

«Yuventus» Lukakuga qiziqmoqda

Muvaffaqiyatsiz mavsum o‘tkazganiga qaramay, Romelu Lukaku hamon grand klublar radarida turibdi. The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, «Chelsi»ning 30 yoshli forvardi uchun kurashga «Yuventus» qo‘shilgan. Turinliklar «Inter»ning muzokaradan chiqishini kutmoqda - milanliklar klubi belgiyalik futbolchini bir yil oldin ijaraga olgandi va hozirda ijarani keyingi mavsumga ham uzaytirishga harakat qilmoqda, London klubi esa uni sotishni istaydi.

London klubi Romelu uchun 45 million yevro olishni ko‘zlagan. Lukakuga Saudiya Arabistoni jamoalari ham qiziqmoqda. Yakunlangan mavsumda forvard A seriyaning 25 o‘yinida qatnashib, 10 gol urdi va 6 golga uzatma berdi.

Mane yana Firminoga jamoadosh bo‘ladimi?

Aftidan, «Al-Ahli» xo‘jayinlari «Liverpul»ning afsonaviy juftligiga muxlis bo‘lishgan va uni yana tiklashga qaror qilishgan. Nikolo Shiraning yozishicha, Roberto Firmino bilan shartnoma imzolab bo‘lgan saudiyaliklar klubi endi Sadio Manega ko‘z tikishgan. 31 yoshli vingerning «Bavariya»dagi ishlari o‘xshamayapti va myunxenliklar uni «Liverpul»dan transfer qilinganiga bir yil bo‘lmay sotishga rozi bo‘lishi mumkin.

Mane uchun taklif Yevropa mezonlari bo‘yicha yuqori, Saudiyaniki bo‘yicha ancha kamtarroq. Xabarga ko‘ra, Sadioga uch yillik shartnoma va 20 mln yevro miqdorida yillik maosh taklif etilmoqda. Shunga qaramay, kelishuv yaqinligi aytilmoqda. Darvoqe, Mane taklifni qabul qilsa, nafaqat Firmino bilan, balki Senegal milliy jamoasidagi sherigi — darvozabon Eduard Mendi bilan ham jamoadosh bo‘ladi.

«MYu» daniyalik yangi yulduz bilan kelishuvga erishdi

Rasmus Hoylund — yakunlangan mavsumda kashfiyotga aylangan hujumchilardan biri bo‘ldi. U «Atalanta» safida shunday o‘yin ko‘rsatdiki, yozda top-klublar o‘zi uchun navbatga turishiga erisha oldi. «MYu» esa bu navbatda birinchi. Fabritsio Romanoning tasdiqlashicha, inglizlar 20 yoshli hujumchining o‘zi bilan kelishib olgan va endi transfer borasida italyan klubi rahbariyati bilan kelishishi qolgan.

Hoylund bo‘yicha «Atalanta»ga rasmiy taklif yo‘llangan. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, «MYu» stolga 60 mln yevro qo‘ygan va javob kutmoqda. Bu transfer doirasida «Manchester Yunayted» hujumchisi Meyson Grinvud «Atalanta»ga ijaraga beriladi. «Daniyalik Holand» deb atalayotgan futbolchi esa Angliyada norvegiyalik Holand bilan raqobatlashadi.

Uoker kelajagi borasida bir qarorga kela olmayapti

Insayder Fabritsio Romanoning xabariga ko‘ra, «Manchester Siti» himoyachisi Kayl Uoker faoliyatini davom ettirish borasida tanlov qarshisida qolgan. 33 yoshli futbolchining «Siti» bilan shartnomasi muddati 2024 yil yozida tugaydi — va «shaharliklar» unga shartnomani yangilashni taklif etishmoqda.

Bunga parallel tarzda Uokerga «Bavariya» qiziqmoqda. Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, himoyachi — Tomas Tuxel uchun birinchi galdagi nishon. Endi Angliyaning besh karra chempioni, 2022/23 yilgi mavsumda trebl sohibi bo‘lgan futbolchi yakuniy qarorga kelishi va takliflardan birini qabul qilishi kerak.

«Milan» yana bir hujumchi transferini tayyorlamoqda

Samuel Chukveze. Foto: CHRISTIAN KASPAR-BARTKE/GETTY IMAGES

Stefano Pioli jamoasi Sandro Tonalining «Nyukasl»ga sotuvidan keyin boyib qolgan. Endi «Milan» tarkibni kuchaytirish uchun investitsiya kiritmoqda. The Athletic xabariga ko‘ra, «rossonerilar» «Vilyarreal»ga nigeriyalik yarimhimoyachi Samuel Chukveze uchun 25 mln yevro taklif qilmoqda. Futbolchining o‘zi italyan grandi bilan og‘zaki kelishuvga erishib bo‘lgan. Uning «Vilyarreal» bilan shartnomasi tugashiga bir yil qolgan. Shunday ekan, ispan klubi uni keyingi yil tekinga qo‘yib yuborishidan ko‘ra, hozir sotib yuborishi haqiqatga yaqinroq.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid