Jahon | 16:35 / 21.07.2023
22435
3 daqiqa o‘qiladi

Fattoh Shodiyevning jiyani Qozog‘istonda 1,5 yilga qamaldi

Qozog‘istonning eng ta’sirli va eng boy 50 nafar biznesmenlari qatoriga kirgan, boyligi 170 mln dollardan ortiqqa baholangan tadbirkor Orifjon Shodiyev Asia Credit Bank ishi bo‘yicha aybdor deb topildi.

Orifjon Shodiyev / Foto: Facebook / @orifdzhan_shadiev

Oligarx Fattoh Shodiyevning jiyani Orifjon Shodiyev Qozog‘istondagi Asia Credit Bank ishi bo‘yicha aybdor deb topildi va 18 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Hukm hali qonuniy kuchga kirmagan.

Kichik Shodiyev Qozog‘iston Jinoyat kodeksi 250-moddasida nazarda tutilgan mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblanmoqda. Sud hukmiga ko‘ra, u Asia Credit Bank'ka 16,69 milliard tenge (37,5 million dollardan ortiq) zarar yetkazgan. Hukmda bu zararni qoplash majburiyati ham yuklangan. Orif Shodiyevdan tashqari, uning yordamchisi Mixail Solovevga 1 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, 2019 yilda Orif Shodiyev Nurbola Sultandan Asia Credit Bank'ni sotib oladi. Kelishuvdagi yagona shart – Shodiyev, aksiyalar evaziga, bankning bir nechta kreditlari bo‘yicha garov ta’minotini yechishi va bu majburiyatlarni o‘z bo‘yniga olishi kerak bo‘lgan. O‘sha vaqtda bu kelishuv qiymati 16,69 milliard tenge bo‘lgan mulklarni nazarda tutgan.

Shodiyev, dastlab, yechilgan garov ta’minotlari o‘rniga, Olma-otaning yuqori qismidagi 7 ta yer uchastkasini garov sifatida qo‘ygan. Keyinroq fikrini o‘zgartirib, Tog‘li Gigantda (Olma-otadagi elit hudud) joylashgan 100 gektardan oshiq hududni garovga qo‘yadi. O‘shanda bu yer maydonlarining qiymati 46 milliard tengedan (100 million dollardan ko‘proq) ortiqqa baholangan. Ya’ni garov qiymati kredit summasini qoplaydi, deb hisoblangan.

Keyinroq, Asia Credit Bank o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajara olmasligi tufayli litsenziyasi olib qo‘yilgan. Bankni boshqarish davlat tomonidan tuzilgan likvidatsiya komissiyasi qo‘liga o‘tgan. Komissiya bankning mijozlar va kreditorlar oldidagi majburiyatlarini qoplash uchun bank aktivlarini sotuvga qo‘yish maqsadida ularni xatlovdan o‘tkazgan. Xatlov davomida ma’lum bo‘lishicha, Shodiyev tomonidan garovga qo‘yilgan 100 gektardan ortiq yer maydoni fermer xo‘jaliklari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u yerda kottej va villalar qurishga qonuniy ruxsat yo‘q (hujjatlarda esa bu yerlarda yakka tartibdagi uylar qurish mumkinligi ko‘rsatilgan bo‘lgan). Shu sababli hududning narxi 46 mlrd tenge turmasligi ma’lum bo‘lgan.

Orif Shodiyev – asli o‘zbekistonlik oligarx Fattoh Shodiyevning jiyani hisoblanadi. U qo‘shni mamlakatda bank va qurilish sohadagi yirik bizneslar egasi. 48 yoshli Shodiyev, Forbes reytingiga ko‘ra, bir necha marotaba Qozog‘istondagi eng ta’siri katta 50 nafar tadbirkor va millionerlar ro‘yxatiga kirgan. 2018 yil holatiga, uning boyligi 177 million dollarga baholangan.

Mavzuga oid