Jahon | 13:17 / 27.07.2023
12848
2 daqiqa o‘qiladi

Chubays Rossiyadagi deyarli barcha kompaniyalar rahbariyatidan iste’foga chiqdi

Rossiya bosh vazirining sobiq o‘rinbosari faqat bitta Rossiya kompaniyasi - «Xolding ERSO» direktorlar kengashida qolgan, deb yozadi The Moscow Times. Chubaysning rafiqasi Avdotya Smirnova ham o‘z korxonasini yopdi. 

Foto: TASS

Rossiya bosh vazirining sobiq o‘rinbosari, 1990-yillarda Rossiyada iqtisodiy islohotlarning mafkurachisi va yetakchilaridan biri bo‘lgan Anatoliy Chubays mamlakatni tark etgach, deyarli barcha rus kompaniyalari rahbariyatidan iste’foga chiqdi. Bu haqda 26 iyul, chorshanba kuni kechqurun The Moscow Times SPARK ma’lumotlar bazasiga tayanib xabar berdi. 

Hozirda Chubays faqat bitta kompaniya - «Xolding ERSO» direktorlar kengashida qolgan, deb yozadi nashr. Ushbu korxona sobiq bosh vazir o‘rinbosari 2022 yil aprel oyida tark etgan «AFK Sistema» tarkibiga kiradi. Chubays, shuningdek, endi o‘zi asoschilaridan biri bo‘lgan «Fonda pervogo Prezidenta Rossii B. N. Yelsina» egalari ro‘yxatida yo‘q. Urush boshlanishidan oldin Chubays bir nechta rus kompaniyalarining yuqori boshqaruvi va direktorlar kengashi a’zosi edi. 

Shu bilan birga, The Moscow Times Chubaysning rafiqasi, rejissyor Avdotya Smirnova 2009 yilda ro‘yxatdan o‘tgan shaxsiy korxonasini yopganini eslatib o‘tgan. 

Rossiyaning Ukrainaga harbiy hujumi boshlanganidan keyin Anatoliy Chubays Rossiya prezidentining xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha maxsus vakili lavozimidan iste’foga chiqdi va mamlakatni tark etdi. O‘tgan yozda u Giyena-Barre sindromi tashxisi bilan Italiyada kasalxonaga yotqizilgani ma’lum bo‘ldi. Avgust oyi boshida kasalxonadan chiqarildi. Chubays o‘zining ketishi haqida ochiqchasiga izoh bermadi. U Italiyadan tashqari, boshqa bir qancha mamlakatlarda, xususan Turkiya, Germaniya va Isroilda ham payqalgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid