Milliy gvardiya qo‘mondoni birinchi o‘rinbosari ishdan olindi
Milliy gvardiyaning Jizzax va Surxondaryo viloyatlari boshliqlari ham ishdan ketadi.
Milliy gvardiya qo‘mondonining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha birinchi o‘rinbosari I.Ibragimov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Farg‘ona viloyatidagi yig‘ilishda prezident jamoat joylarida tinchlikni ta’minlash masalalariga alohida to‘xtaldi.
Milliy gvardiyaga qo‘shimcha vakolat berilib, park, xiyobon va bozorlarda jamoat tartibini saqlash ushbu tuzilma zimmasiga yuklandi.
Lekin bozorlarni «jinoyatdan xoli hudud»ga aylantirish borasida Milliy gvardiyaning faoliyati qoniqarli emasligi ta’kidlandi.
Shu yilning o‘zida Milliy gvardiya mas’ul bo‘lgan hududlardagi 236 ta jinoyatning 86 foizi aynan bozorda sodir etilgan.
«Umuman, Milliy gvardiya javobgarligi ostidagi hududlarda jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha tizim yaratilmagani ko‘rsatilib, Milliy gvardiya qo‘mondonining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha birinchi o‘rinbosari I.Ibragimov lavozimidan ozod etildi», deyiladi xabarda.
Zimmasiga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmagani uchun Milliy gvardiyaning Jizzax va Surxondaryo viloyatlari boshliqlari (Anvar Ibrohimov va Sharofiddin Saidov) hamda Navoiy shahar qo‘riqlash bo‘limi boshlig‘ini ishdan bo‘shatishga ko‘rsatma berildi.
- Inomjon Ibragimov 2005 – 2017 yillarda Mudofaa vazirligi harbiy qismlar va birlashma komandiri bo‘lgan, 2017-2018 yillarda Milliy gvardiya Markaziy devoni ishlar boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan, 2021 yil noyabrida Milliy gvardiya qo‘mondonining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi.
Mavzuga oid
16:37
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
15:15
Shavkat Mirziyoyev Yangihayotda barpo etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘ldi
13:42
Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi bog‘ga ko‘chat ekdi
22:12 / 22.11.2024