Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tog‘li hududlarda tavsiya etiladigan ehtiyot choralari haqida ma’lumot berildi
Tog‘li hududlarda yolg‘iz sayr qilmang. Qo‘shimcha kiyim-bosh, oziq-ovqat zaxirasini oling. Boradigan yo‘l va manzil haqida yaqinlaringizni oldindan ogohlantiring. Yo‘lboshlovchi xizmatidan foydalaning.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tog‘li hududlarga borganda amal qilish tavsiya etilgan ehtiyot choralari haqida ma’lumot berdi.
Hech qachon tog‘li hududlarga bir o‘zingiz chiqmang, bu xavfli bo‘lishi mumkin, deyiladi xabarda. Agar siz bilan birga joyni va tog‘da o‘zini qanday tutishni yaxshi biladigan malakali sayohatchi bo‘lmasa, unda tajribali yo‘lboshchini yollang.
Agarda tog‘ga bir kunga chiqmoqchi bo‘lsangiz ham, qo‘shimcha kiyimlarni olish maqsadga muvofiq. Tog‘li hududlarda havo hamisha o‘zgaruvchan bo‘ladi, ayniqsa 1600 metrdan balandlikda.
Agar past joylarda issiq bo‘lsa-da, tog‘ning cho‘qqisida yomg‘ir yog‘ishi va tuman tushishi mumkin. Agar bularga shamol ham qo‘shilsa, xavf ikki barobar oshadi.
Balandlik har 100 metrga oshgan sari, harorat 1 darajaga pasayib boradi. Mumkin qadar oyoq kiyim qalin poshnali va nam o‘tkazmaydigan bo‘lishi kerak. Shippak va krossovkalar kiyish tavsiya etilmaydi. 1 kunlik sayr uchun ozgina ovqat, suv uchun plastik idish, nam o‘tkazmaydigan kurtka va bosh kiyim bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Agar bir necha kunga tog‘ga chiqishni istasangiz, yoningizda albatta qo‘shimcha shim, ko‘ylak, nam o‘tkazmaydigan kurtka, bosh va oyoq kiyim, palatka, qop ko‘rpa, qozoncha, karta, kompas va bir necha kunga yetadigan oziq-ovqat zaxirasi bo‘lishiga ahamiyat bering.
Shu bilan birga, kiyim-kechak va ovqatning og‘irligini hisobga olish lozim. Chunki 2 km masofa bosib o‘tilganidan keyin, tayyorgarligi yo‘q odam og‘ir yukni ko‘tara olmaydi.
Tuman tushganida ko‘rish masofasi 10 metrni tashkil etishi inobatga olinsa, bunday vaziyatda yo‘qolib qolish juda oson. Shuning uchun doimo hamrohlar bilan birga yonma-yon yurish kerak.
Tog‘ga sayrga chiqishda boradigan yo‘l va manzil haqida yaqin odamlarga oldindan xabar berish lozim.
Yo‘l va manzil haqida joylardagi FVV idoralari bilan maslahatlashib olish tavsiya etaladi, chunki tanlangan yo‘l xavfli bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonning tog‘li hududlarida yirtqich hayvonlar borligini esda tutish lozim: ayiq, bo‘ri va hokazolar.
Notanish joyda birinchi navbatda rejaga asosan harakatlaning. Agar sizlar bir necha kishi bo‘lsangiz, doimo birgalikda harakat qiling. Tog‘da har qanday hodisa bo‘lishi mumkin, hattoki adashib qolish ham. Tog‘da kutilmagan joylarda jarliklar bo‘lishi mumkin.
Uyali aloqa vositalarini imkon qadar yoningizda olib yurish tavsiya etiladi. Qish faslida qor ko‘chkisi holatlari ko‘p uchraydi. Agar siz birinchi marotaba tog‘ga chiqqan bo‘lsangiz, uzoq masofaga sayr qilmang.
Tog‘da xavfsiz sayr qilish uchun yo‘lboshlovchi xizmatidan foydalaning.
Mavzuga oid
09:40 / 18.06.2026
Katta Chimyon tog‘ida qidiruv-qutqaruv operatsiyasi o‘tkazildi
13:14 / 14.06.2026
O‘zbekistonning g‘arbiy hududlaridagi «chigirtkalar bosqini» yuzasidan izoh berildi
14:06 / 11.06.2026
Qamchiq dovonida avtomobil jarlikka tushib ketdi
17:18 / 08.06.2026