Jahon | 09:14 / 04.08.2023
7342
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina va AQSh xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha muzokaralarni boshladi

Ukraina va AQSh Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ikki tomonlama kelishuv yuzasidan muzokaralarni boshladi. 

Foto: Alastair Pike| AFP via Getty Images

«Bizning eng yirik strategik hamkorimiz bo‘lgan Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukraina bilan bu jarayonni boshlagan birinchi davlat bo‘lgani ramziy ma’noga ega. Shu tariqa, biz boshqa hamkorlar uchun muvaffaqiyatli model yaratmoqdamiz», dedi rasmiy Kiyev delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak. 

Bu kafolatlar Ukrainaning Yevroatlantika hamjamiyatiga, jumladan, YeI va NATOga kelajakda a’zo bo‘lish yo‘lidagi taraqqiyotini mustahkamlaydi, bu xavfsizlikning pirovard maqsadi va eng ishonchli kafolatidir, deydi Ukraina prezidenti devoni rahbari.

Avvalroq Davlat departamenti avgust oyi boshida Qo‘shma Shtatlar Ukraina bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha muzokaralar boshlashini tasdiqlagandi

«Ushbu muzokaralar shu hafta boshlanadi», dedi Davlat departamenti matbuot kotibi Mettyu Miller dushanba kuni navbatdagi matbuot brifingida. 

Uning ta’kidlashicha, muzokaralar virtual formatda bo‘lib o‘tadi. Amerika tomonidan muzokaralar olib boradigan delegatsiyaga AQSh davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari boshchilik qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid