Iqtisodiyot | 16:20 / 05.08.2023
103502
2 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors shartnoma berishni boshlaganidan 1 kun o‘tib jarayonni to‘xtatdi

Lacetti, Cobalt va Damas uchun yil oxirigacha mo‘ljallangan sotuv limiti to‘lgani aytildi. Shu tariqa, bu modellarni 8 oy davomida sotmay kelgan monopol kompaniya kontraktatsiyani ochganidan 24 soat o‘tmay, yana noma’lum muddatga yopdi.

Foto: Kun.uz

Chevrolet Lacetti, Cobalt va Damas avtomobillarining 2023 yil uchun qo‘shimcha partiyasiga kontraktatsiyaning dastlabki 2 kunida to‘liq shartnoma tuzildi, deya ma’lum qildi UzAuto Motors.

“4-5 avgust kunlari ushbu avtomobil modellarini xarid qilish uchun 50 000 dan ortiq shartnoma imzolandi. Qolaversa, sizga shuni ma’lum qilamizki, shartnomalarning bir qismi bo‘yicha to‘lov o‘z vaqtida, 7 kalendar kundan keyin amalga oshirilmasa, ushbu shartnomalar yana qayta kontraktatsiya uchun ochiq bo‘ladi”,deyiladi xabarda.

Kompaniyaning kechagi e’lonida “ishlab chiqarish liniyalarida amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari, shuningdek zavod faoliyati samaradorligining oshishi hisobiga” 2023 yilda qo‘shimcha 50 ming dona avtomobil ishlab chiqarish imkoni yaratilgani aytilgandi.

Avtomobillarga qo‘shimcha opsiyalar qo‘shilib, narxlar oshirildi. Shu bilan birga, kompaniya savdoni ishlab chiqarish jadvaliga moslashtirishi, bundan maqsad “avtomobillarni yetkazib berish muddatini qisqartirish” ekani ma’lum qilindi.

E’londan keyin, 4 avgust kuni oqshomdan boshlab Uzavtosavdo onlayn platformasi katta muammolar bilan ishlay boshladi, 5 avgust kuni tongdan esa avtosalonlarda katta navbatlar, tiqilinch va janjallar yuzaga keldi.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors eng xaridorgir uchta modeli – Lacetti, Cobalt va Damas uchun shartnoma berishni 2022 yil dekabr oyi boshida to‘xtatgan edi.

Mavzuga oid