Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh 4 nafar rossiyalik tadbirkorga nisbatan sanksiyalar joriy qildi
AQSh Moliya vazirligining sanksiyalari «Alfa-bank» bilan aloqador bo‘lgan ishbilarmonlar, shuningdek, Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqiga nisbatan joriy etildi.
AQSh Moliya vazirligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) to‘rt rossiyalik tadbirkor va bir yuridik shaxsni SDN (Specially Designated Nationals) sanksiyalari ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda 11 avgust, juma kuni AQSh G‘aznachilik departamenti ma’lum qildi. Shu tariqa, ro‘yxatga Rossiya, Latviya va Lyuksemburg fuqarosi bo‘lgan hamda Buyuk Britaniyada yashovchi «Alfa-bank» direktorlar kengashining sobiq rahbari Petr Aven kiritilgan.
Rossiya va Isroil fuqarosi, «Alfa-Grupp» kuzatuv kengashi asoschisi Mixail Fridman ham sanksiyalar ostida qoldi.
Ro‘yxatga TNK-VR sobiq ijrochi direktori, «Alfa-Grupp» kompaniyasining egalaridan biri, Rossiya va Isroil fuqarosi German Xan kiritilgan.
Bundan tashqari, «Alfa-Grupp» konsorsiumining sobiq nazorat paketi egasi, Rossiya fuqarosi Aleksey Kuzmichevga nisbatan cheklov choralari joriy etilmoqda.
«Rossiyaning boy elitasi «odatdagidek biznes qilish mumkin», degan fikrdan xalos bo‘lishi kerak»
Ro‘yxatdagi yuridik shaxs - Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi. «U Ukraina urushi boshlanganidan so‘ng rejimga qarshi joriy qilingan sanksiyalarga Rossiyaning javobi bilan bog‘liq faoliyatda ishtirok etyapti», — deya tushuntirdi AQSh Moliya vazirligi.
«Rossiyaning badavlat elitasi Kreml Ukrainaga qarshi urush olib borayotgan paytda «odatdagidek biznes qilish mumkin», degan fikrdan xalos bo‘lishi kerak», dedi AQSh moliya vaziri o‘rinbosari Uolli Adeyyemo. «Xalqaro koalitsiyamiz Ukrainaga asossiz bosqinga yordam berganlarni javobgarlikka tortishda davom etadi», — deya qo‘shimcha qildi u.
OAV: rossiyalik milliarderlar tarjimai holini qayta yozyapti
Avvalroq bu shaxslarga nisbatan sanksiyalar Avstraliya, Kanada, YeI, Yangi Zelandiya va Buyuk Britaniya tomonidan sanksiyalar kiritilgan edi.
The Moscow Times nashri 11 avgust kuni rossiyalik milliarderlar, jumladan, Forbes ro‘yxatiga kiritilganlar Ukraina urushi boshlanganidan beri Rossiya bilan aloqasi haqidagi ma’lumotlardan xalos bo‘lib, o‘z tarjimai holini ommaviy ravishda qayta yozayotgani haqida ma’lum qilgandi.