07:33 / 15.08.2023
4392

Hindistonda murakkab holatga tushib qolgan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi

O‘zbekiston elchixonasi xodimlari notanish va shubhali shaxslarning yolg‘on va’dalari ta’sirida Hindistonga kelib murakkab holatga tushib qolgan O.T. ismli fuqaroning vatanga qaytishida konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”.

Foto: Kun.uz

2021 yil iyun oyida Toshkent-Dehli yo‘nalishidagi samolyotda kelgan O.T.ning shaxsiy hujjatlarini unga mo‘may daromadli ish va’da qilgan kimsalar olib qo‘ygan. Keyin u turli tahdid va qo‘rqitishlar orqali noqonuniy faoliyat turi bilan shug‘ullanishga majbur qilingan.

Hindiston politsiyasi reydlarida qo‘lga tushib, hibsga olingan hamda boshqa ko‘plab noxush voqealarni boshidan kechirgan fuqaro O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilishi bilan unga zarur konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘rildi.

Xususan, fuqaroni vatanga qaytarish maqsadida elchixona diplomatlari Hindistonning tegishli idoralari bilan mazkur holat yuzasidan rasmiy muzokaralar o‘tkazdi. Kuni kecha O.T. Dehli-Toshkent havo qatnovi bilan vatanga yetib bordi.

O‘zbekiston elchixonasi fuqarolarni Hindistonga safar qilishdan oldin turli shubhali guruh yoki shaxslarning yolg‘on va’dalariga aldanib qolmaslik, ushbu mamlakatga kirish va unda bo‘lib turish chog‘ida mahalliy qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirgan.

Diplomatik missiya bunday holatlar yuzaga kelgan taqdirda zarur konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatilishi uchun zudlik bilan quyidagi aloqa vositalariga murojaat qilishni tavsiya qiladi: telefon: +91 11 2467 0774/75, telegram-bot: @consuluzbindia_bot.

Mavzuga oid
Top