Jahon | 16:49 / 24.08.2023
12684
1 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda ko‘prik quladi. O‘nlab kishi halok bo‘ldi

Hindiston shimoli-sharqida qurilayotgan temiryo‘l ko‘prigi qulashi oqibatida 26 kishi halok bo‘ldi, yana bir necha kishi bedarak ketgan.

Foto: MIZORAM GOVERNOR

Qurbonlar soniga aniqlik kiritilmoqda. Qurilish kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, fojia vaqtida qulab tushgan uchastkada 40 nafar atrofida ishchi ishlayotgan edi.

Hodisa Mizor shtatining Sayrang shahri yaqinida ro‘y bergan.

Voqea joyida qutqaruvchilar ishlamoqda, ularga yaqin atrofdagi qishloqlar aholisi yordam ko‘rsatmoqda.

Ko‘prik qulashi sabablari hozircha ma’lum emas. Davlat temiryo‘l boshqarmasi hodisani tekshirishni boshlagan.

«Jabrlanganlarga mumkin bo‘lgan barcha yordamlar ko‘rsatilmoqda», — deyiladi Hindiston bosh vaziri Narendra Modining idorasi bayonotida.

Hukumat qurbonlarning oilalariga 200 ming rupiydan (2400 dollar) tovon puli to‘lamoqchi.

Hindistondagi ko‘priklarda avariyalar ro‘y berishi kamyob holat emas.

2022 yil oktyabrida mamlakat g‘arbidagi Gujarot shtatida piyodalar osma ko‘prigi qulab tushishi oqibatida 140 dan ortiq kishi halok bo‘lgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid