O‘zbekiston | 15:57 / 25.08.2023
25184
2 daqiqa o‘qiladi

Komil Allamjonov Prezident administratsiyasida departament rahbari bo‘ldi

Prezident administratsiyasida axborot siyosati bo‘yicha yangi departament tashkil etilgan.

Foto: Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi

Komil Ismoilovich Allamjonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tegishli farmoni imzolangan.

Shuningdek, Sherzod Ikromovich Asadov prezident matbuot kotibi lavozimiga tayinlandi, u amalda o‘z lavozimini saqlab qoldi (u bu lavozimda 2021 yil martidan buyon ishlab kelmoqda).

Komil Allamjonov 1984 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2006 yili O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini, 2010 yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2005-2013 yillarda soliq qo‘mitasida ishlagan.

Komil Allamjonov 2017 yil dekabrida O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati rahbari bo‘lgan, 2018 yil noyabrida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga rahbar bo‘lgan (2019 yil fevralidan bu tashkilot Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi sifatida qayta tashkil etilgandi).

U 2020 yil yanvar oyida Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash fondi vasiylik kengashi raisi sifatida ish boshlagan, 2022 yil iyulida Prezident administratsiyasi rahbariga o‘rinbosar bo‘lgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid