O‘zbekiston | 14:32 / 13.09.2023
17446
3 daqiqa o‘qiladi

Zarafshon shahrining sobiq hokimi jinoiy javobgarlikka tortilgani ma’lum bo‘ldi

2018-2022 yillarda Zarafshon shahri hokimi lavozimida ishlagan Anvar Rajabov yer ajratish bilan bog‘liq masalada aybdor deb topilib, ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan.

Foto: Zarafshon shahar hokimligi

2023 yil 20 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tuman sudi Navoiy viloyati Zarafshon shahrining sobiq hokimi Anvar Rajabov hamda 2017-2021 yillarda shahar hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Asliddin Fayziyevga oid jinoiy ishni ko‘rib chiqqan. Har ikki mansabdor Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) hamda 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan ayblangan.

Sud hukmi bilan Anvar Rajabov va Asliddin Fayziyevga 2 yil 6 oy hokimiyat tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

7 sentabr kuni sobiq hokim va uning o‘rinbosari ishi Navoiy viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan. Navoiy viloyati sudi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, sud ajrimiga asosan hokimning yer ajratishi bilan bog‘liq 4 ta epizod javobgarlikka tortish muddati o‘tganligi sababli ayb epizodidan chiqarib tashlangan. Birinchi instansiya sudida tayinlangan jazo esa o‘zgarishsiz qoldirilgan.   

Anvar Rajabovning sudlanishi tadbirkorlarga auksionsiz yer berilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Kun.uz 2022 yilning yanvar oyida ayni shu masalada o‘sha paytda shahar hokimi bo‘lgan Anvar Rajabov tergovga chaqirilgani haqida xabar bergandi. 

O‘shanda Navoiy viloyat prokuraturasi tomonidan Zarafshon shahar hokimligi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, hokimlik mansabdorlari 5,31 gektar yer uchastkalarini 7 nafar tadbirkorga ajratib berish orqali davlat mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishda gumonlanayotgani ma’lum bo‘lgan edi.

Anvar Rajabov 2018 yil 25 may kuni Zarafshon shahar hokimi lavozimiga tayinlangan hamda 2022 yil 19 aprelida prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida lavozimidan olingandi.

Mavzuga oid