O‘zbekiston | 12:19 / 14.09.2023
14471
3 daqiqa o‘qiladi

Aliya Yunusova bolalar ombudsmani lavozimidan iste’foga chiqishini ma’lum qildi

2020 yil fevralidan buyon Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili sifatida ishlab kelgan Aliya Yunusova “hozirgi vaziyatdan kelib chiqib” bu lavozimdan ketishini ma’lum qildi. Iste’fo sababi ma’lum emas.

Foto: Kun.uz

Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili (bolalar ombudsmani) Aliya Yunusova lavozimini tark etayotganini ma’lum qildi.

“Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimidagi faoliyatimga yakun yasayotganimni ma’lum qilaman”, – deb yozdi Yunusova Facebook'dagi sahifasida. U “hozirgi vaziyat” deb nimani nazarda tutganini ochiqlamagan.

Aliya Yunusova prezident Shavkat Mirziyoyevga bola huquqlari va manfaatlari, o‘sib borayotgan avlodning barkomal rivojlanishi, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor berayotgani uchun minnatdorchilik bildirgan.

“Bolalar huquqlarini ta’minlash va himoya qilishning xalqaro standartlarga mos mustahkam tizimini shakllantirishda biz bilan hamkorlik qilgan, qo‘llab-quvvatlagan, hissa qo‘shgan, ishongan va birga faoliyat yuritgan barchadan minnatdorman”

YUNISEF huzuridagi Bolalar jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzoda va uning jamoasiga bolalar manfaatlariga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagani va ilgari surayotgani uchun alohida tashakkur bildiraman”, – deya o‘z postini yakunlagan u.

Aliya Yunusova bu lavozimda 2020 yil fevral oyidan buyon ishlab kelayotgan edi.

O‘zbekistonda bola huquqlari bo‘yicha vakil instituti 2019 yil aprelida Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakilining o‘rinbosari sifatida joriy etilgan, 2021 yil avgustida ombudsman tarkibidan chiqarilib, Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili instituti sifatida mustaqil institutga aylangan edi.

Bolalar ombudsmani o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi, o‘z faoliyatida Oliy Majlis palatalariga hisobdordir.

Aliya Yunusova Xorazmdagi amaldorlar mehribonlik uyining voyaga yetmagan tarbiyalanuvchilariga nisbatan jinsiy jinoyatlari uchun yengil jazo olgani rezonansga sabab bo‘lgach, Kun.uz'ga bergan intervyusida, uning qo‘l ostida faqatgina 2 nafar xodim ishlashi, bolalar ombudsmanining viloyatlarda xodimlari yo‘qligini aytib, tegishli qonun bilan bu muammo hal etilishiga umid bildirgandi.

2023 yil may oyida imzolangan, Yangi Konstitutsiyani amalga tatbiq etishga qaratilgan prezident farmonida Oliy Majlis palatalariga “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qisqa muddatda qabul qilish tavsiya etilgan.

Mavzuga oid