Jahon | 09:02 / 23.09.2023
4259
3 daqiqa o‘qiladi

Kanada Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi

Kanada Rossiya Federatsiyasiga nisbatan sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. Unga 21 ta yangi yuridik shaxs, jumladan, Rossiya geografiya jamiyati, Oliy iqtisodiyot maktabi, MGIMO, «Yunarmiya», Valday klubi, «Komsomolskaya pravda» va «Vzglyad» gazetalari hamda 42 nafar yangi jismoniy shaxslar kiritildi.

Foto: Reuters

Kanada Rossiya Federatsiyasiga nisbatan sanksiyalar ro‘yxatini 42 jismoniy va 21 yuridik shaxs hisobiga kengaytirdi. Ularga nisbatan jazo choralari 20 sentabrdan kuchga kirdi, biroq Kanada Tashqi ishlar vazirligi veb-saytida xabar Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ushbu mamlakatga tashrifi kuni, 22 sentabr, juma kuni e’lon qilindi. 

Sanksiya ostiga tushgan yuridik shaxslar orasida, xususan, Oliy iqtisodiyot maktabi, Rossiya Strategik tadqiqotlar instituti, Rossiya geografiya jamiyati, MGIMO, «Yunarmiya», «Dvijyeniye pervyx», Valday klubi, «Komsomolskaya pravda» va «Vzglyad» gazetalari bor. Shuningdek, Kanadaning sanksiyalar ro‘yxatida Kovrov mexanika zavodi va Vladimirda joylashgan «Tochmash VPO» bor - bu korxonalar, jumladan, uranni boyitish uchun sentrifugalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi va bahorda Rossiya yadro sanoatiga qarshi AQSh sanksiyalariga duchor bo‘lgan.

Jazo choralariga duchor bo‘lgan jismoniy shaxslar orasida Dog‘iston Respublikasining bolalar huquqlari bo‘yicha komissari Marina Yejova, o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» rahbarining bolalar huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Eleonora Fedorenko va Xanti-Mansiysk okrugida bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Lyudmila Nizamova ham bor. 

Zelenskiy Kanadaga rasmiy tashrif bilan bordi

Ukraina prezidenti 22 sentabr kuni rasmiy tashrif bilan Kanadaga bordi. Bu Ukrainaga urushi boshlanganidan beri Volodimir Zelenskiyning ushbu mamlakatga birinchi tashrifidir. Kanada poytaxti Ottavada Ukraina rahbari Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo bilan muzokaralar o‘tkazdi va parlamentda nutq so‘zlab, Kanadaga «minglab odamlarning hayotini saqlab qolishga imkon bergan» yordami uchun minnatdorchilik bildirdi. 

O‘z navbatida, Tryudo o‘z mamlakati Ukraina uchun zirhli texnikalar, jumladan, tibbiy evakuatorlar («medevaklar») ishlab chiqarish uchun uch yil davomida qo‘shimcha 650 million Kanada dollari (taxminan 482 million AQSh dollari) ajratishini, shuningdek, ukrainalik uchuvchilar va texniklarni F-16 qiruvchilariga o‘rgatish uchun instruktorlar bilan ta’minlashini ma’lum qildi, bu - «ukrainaliklar sovg‘a qilingan samolyotlardan maksimal darajada foydalanishi uchun kerak». 

Keyinroq Ukraina prezidenti Kanada iqtisodiyoti va Ukraina jamoatchiligi vakillari bilan uchrashish uchun Torontoga yo‘l oldi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid