AQSh Ukrainaga harbiy yordamni davom ettirish uchun shartlar qo‘ydi – OAV
Ro‘yxatdan keng qamrovli islohotlar, jumladan, sud, prokuratura, xavfsizlik, energetika, mudofaa sohasiga taalluqli chora tadbirlar joy olgani aytilmoqda.
Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukrainaga harbiy yordam berishni davom ettirish uchun mamlakat bosh vaziri Denis Shmigal va Ukraina prezidenti devoniga 3 oydan 18 oygacha muddatda bajarish lozim bo‘lgan islohotlar ro‘yxatini yuborgan. Bu haqda «Ukrainska pravda» gazetasi yozdi.
AQSh talablari orasida «Ukrenergo» va «Naftogaz» kompaniyalari kuzatuv kengashlariga qo‘shimcha lavozimlar kiritish, korporativ boshqaruv to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish, Korrupsiyaga qarshi maxsus prokuraturani isloh qilish, 2022 yil uchun daromadlar va mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilish kabi choralar bor.
Qo‘shma Shtatlar hukumat idoralariga nisbatan ma’muriy shikoyatlarni ko‘rib chiqadigan Oliy ma’muriy sud tashkil etilishini istamoqda. Shuningdek, Oliy sud sudyalarini tekshirish, gaz va elektr energiyasi tariflarini liberallashtirish, Ukraina xavfsizlik xizmati xodimlarini qayta attestatsiyadan o‘tkazish va Mudofaa vazirligini NATO standartlariga muvofiq islohotini jadallashtirishni so‘ragan.
Ayrim qoidalar Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan. Masalan, Ukraina chegara xizmatidan yevropalik hamkasblar bilan xavfsizroq va ishonchli axborot almashishni tashkil etish talab qilinmoqda.
«Ukrainska pravda»ning yozishicha, ro‘yxatni Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi xalqaro iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mayk Payl tuzgan. Hujjat, shuningdek, urushdan keyingi iqtisodiyot va infratuzilmani qayta tiklash masalalari muhokama qilinadigan Donorlarni muvofiqlashtirish platformasiga yuborilgan.
AQSh va Ukraina rasmiylari hozircha islohotlar ro‘yxatiga izoh bermadi.
Mavzuga oid
01:00
Borrel AQSh Kiyevga 300 kilometrgacha bo‘lgan masofada Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llashga ruxsat berganini tasdiqladi
22:02 / 18.11.2024
Ukraina uzoq masofaga uchadigan raketalar uchun ruxsat oldi: endi nima bo‘ladi?
21:54 / 18.11.2024
Tramp noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish rejasi borligini tasdiqladi
21:08 / 18.11.2024