Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyaliklar 2024 yilgi yozgi Paralimpiadada ishtirok etishi mumkin bo‘ladi
Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi Rossiya Paralimpiya qo‘mitasining tashkilotdagi a’zoligini to‘xtatib turish muddatini uzaytirdi. Biroq, Rossiya sportchilari Parijda individual va neytral maqomda ishtirok etishi mumkin.
Rossiyalik sportchilar 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Paralimpiya o‘yinlarida individual va neytral maqomda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Bu Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi (XPQ) 29 sentabr, juma kuni Bahraynda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Rossiya Paralimpiya qo‘mitasini (RPQ) tashkilot a’zoligidan mahrum qilmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilib, faqat a’zolikni to‘xtatib turish muddatini uzaytirish tarafdori bo‘lganidan keyin amalga oshdi.
«RPQ a’zolik huquqlari ikki yilga to‘xtatildi, bundan tashqari uning sportchilari va tegishli yordamchi xodimlari Paralimpiya o‘yinlarida, jahon va mintaqaviy chempionatlarda, shuningdek oltita sport turi bo‘yicha ruxsat etilgan musobaqalarda individual va neytral asosda qatnashish huquqiga ega bo‘ladi. XPQ ularda xalqaro federatsiya sifatida faoliyat yuritadi», - deyiladi XPQ bayonotida. XPQ 90 a’zosi Rossiya Paralimpiya qo‘mitasi a’zoligini to‘xtatib turish muddatini uzaytirish tarafdori bo‘ldi, 56 tasi esa qarshi chiqdi. Ovoz berishda yana 6 qatnashchi betaraf qoldi.
RPQ a’zoligi Ukraina urushi fonida to‘xtatildi
2022 yil mart oyida Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi Rossiya harbiylarining Ukrainada harbiy harakatlar boshlashi sababli rossiyalik sportchilarni Xitoyda bo‘lib o‘tadigan qishki Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etishdan chetlatgan edi. 2022 yil noyabr oyida xalqaro tashkilot RPQ a’zoligini to‘xtatdi.
Oktyabr oyi o‘rtalarida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Mumbaydagi sessiyada 2024 yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlariga Rossiya va Belarus sportchilarini qabul qilish masalasini ko‘rib chiqadi.
XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari Parijda 2024 yilning 26 iyulidan 11 avgustiga qadar, XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlari Fransiya poytaxtida 2024 yilning 28 avgustidan 8 sentabriga qadar bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid
15:19 / 06.03.2026
Buyuk Britaniya Paralimpiada ochilishini boykot qiladi
11:26 / 19.02.2026
Ukraina Paralimpiada-2026ga siyosiy boykot e’lon qildi
19:29 / 22.09.2025
Rossiya har qanday tahdidlarga javob berishga qodir – Putin
15:20 / 22.09.2025