Jahon | 09:21 / 02.10.2023
5718
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaga britaniyalik harbiy instruktorlar yuborilishi mumkin

Avvalroq Buyuk Britaniya mudofaa vaziri «oxir-oqibat» ukrainalik askarlarni tayyorlash Ukraina hududida amalga oshirilishi mumkinligini aytdi.

Foto: Kin Cheung/AP/picture alliance

Buyuk Britaniya Ukrainaga britaniyalik harbiy instruktorlarni yuborishni rejalashtirmayapti, dedi bosh vazir Rishi Sunak 1 oktyabr, yakshanba kuni Sky News telekanaliga bergan intervyusida.

Avvalroq, o‘tgan oy bu lavozimga tayinlangan Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Grant Shepps The Sunday Telegraph gazetasiga bergan intervyusida Ukraina qurolli kuchlarini Buyuk Britaniya yoki boshqa G‘arb davlatlarida tayyorlashdan tashqari, «oxir-oqibat» Ukrainaga harbiy instruktorlar yuborilishi mumkinligini aytgan edi. 

Sunak bu so‘zlarni izohlar ekan, mudofaa vaziri uzoq kelajakda Ukraina hududida o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish imkoniyatini muhokama qilganini ta’kidladi. «Ammo hozir emas, bu uzoq muddatli istiqbolda yuz berishi mumkin. Hozirgi mojaroda hech qanday britaniyalik askar jangga yuborilmaydi», - dedi Sunak.

Shepps nima dedi

Sheppsning so‘zlariga ko‘ra, u Buyuk Britaniya Bosh shtab boshlig‘i Patrik Sanders bilan Ukraina Qurolli kuchlari harbiylarini britaniyalik mutaxassislar tomonidan bevosita Ukrainada tayyorlash imkoniyatini muhokama qilgan. 

«Ayniqsa, mamlakat g‘arbida (Ukraina), menimcha, «mamlakat ichida» ko‘proq shug‘ullanish imkoniyati bor va bu shunchaki mashg‘ulot bo‘lmaydi. Masalan, biz BAE (Britaniya mudofaa kompaniyasi)ni tasavvur qilishimiz mumkin. U mamlakatda ishlab chiqarishga o‘tadi», dedi vazir. 

«Men Buyuk Britaniyaning boshqa kompaniyalari ham xuddi shunday qilish orqali o‘z hissasini qo‘shishini istardim. Shuning uchun, menimcha, ko‘proq o‘qitish va ishlab chiqarishni mamlakatning o‘ziga o‘tkazishda o‘zgarish bo‘ladi», - deya qo‘shimcha qildi Shepps. 

Medvedev Britaniya mudofaa vazirining so‘zlariga javob qaytardi 

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Sheppsning so‘zlarini sharhlar ekan, Ukrainadagi britaniyalik instruktorlar Rossiya qurolli kuchlari uchun «qonuniy nishon»ga aylanishini aytdi. 

«Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ukraina askarlari uchun o‘qitish kurslarini Ukraina hududiga ko‘chirishga qaror qildi. Ya’ni, uning instruktorlarini qurolli kuchlarimiz uchun qonuniy nishonga aylantirishga qaror qildi», deb yozadi Medvedev. 

Mavzuga oid