Jahon | 19:30 / 04.10.2023
10899
2 daqiqa o‘qiladi

Anqaradagi teraktga aloqador terrorchilarning shaxsi aniqlandi

Turkiya Ichki ishlar vazirligi hujumni uyushtirgan terrorchilar Kurdiston ishchilar partiyasi a’zosi ekanini ma’lum qildi. 

Foto: AP

1 oktyabr kuni Anqara shahridagi Turkiya Ichki ishlar vazirligi binosiga uyushtirilgan hujumga aloqador shaxslar aniqlandi. Bu haqda TRT xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, oldingi surishtiruvlar va DNK tahlillari natijasida terrorchilardan biri Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) a’zosi, «Kanivar Erdal» laqabli Hasan O‘g‘uz ekani, ikkinchisi esa shu partiya a’zosi O‘zkan Shahin ekani aniqlangan. KIP – Turkiyada terrorchi tashkilot sifatida tan olingan. 

Turkiya Ichki ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, terrorchilik harakatining tergovi davom etmoqda. «Terrorizmga qarshi kurash oxirgi terrorchi zararsizlantirilgunga qadar qat’iyat bilan davom etadi» deyiladi xabarda. 

1 oktyabr kuni ikki shaxs Anqaradagi parlament va ichki ishlar vazirligi binolari yaqinida portlash sodir etdi. Turkiya IIV rahbari Ali Yerliqoya so‘zlariga ko‘ra, hujum qilganlardan biri o‘zini portlatib yuborgan, ikkinchisi «bartaraf etilgan». 

Portlashdan bir necha soat vaqt o‘tib, Turkiya Iroq shimolidagi kurdlarning pozitsiyalari bo‘ylab aviazarbalar berdi. Turkiya hukumatiga ko‘ra, aviazarbalardan so‘ng Kurdiston ishchilar partiyasining 20 ta obekti yo‘q qilingan. 

3 oktyabr kuni Turkiya xavfsizlik kuchlari butun mamlakat bo‘ylab «Qahramonlar» deb nomlangan keng ko‘lamli aksilterror operatsiyasini boshladi. Mersin, Van, Shonliurfa, Mardin va Oydinda terrorchilik tashkiloti a’zoligida gumon qilingan 12 nafar shaxs qo‘lga olindi. Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) bilan aloqadorlikda gumonlanganlar ham ushlandi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid