Turkiya qurolli kuchlari Iroq shimolidagi Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) obektlariga havodan zarbalar berdi. Bu haqda Turkiya mudofaa vazirligi 1 oktyabr kuni kechqurun e’lon qilingan bayonotda aytiladi.

Vazirlikka ko‘ra, zarbalardan maqsad «KIP va boshqa terrorchi unsurlarni zararsizlantirish, Shimoliy Iroqdan Turkiya aholisi va huquq-tartibot organlariga qarshi qaratilgan terrorchilik hujumlari amalga oshirilishining oldini olish, chegara xavfsizligini ta’minlash» bo‘lgan.

«KIP tomonidan foydalanilgan g‘orlar, bunkerlar, boshpana va omborlardan iborat jami 20 ta obekt yo‘q qilindi. Hujumlar davomida ko‘p sonli terrorchilar zararsizlantirildi», — deyiladi mudofaa vazirligi xabarida. 

Amaliyot davomida tinch aholi, tarixiy-madaniy boyliklar va atrof-muhitga zarar yetkazmaslik uchun barcha ehtiyot choralari ko‘rilgani qayd etilgan. Turkiya qurolli kuchlari «mamlakat va xalqning omon qolishi va xavfsizligi uchun» terrorizmga qarshi kurashni davom ettirishi ta’kidlangan. 

Shu kuni Iroqning Turkiya va Eron bilan chegarasiga yaqin joylashgan Sidakan shahri meri AFP agentligiga Bradost hududi va Badran qishlog‘i bombardimon qilinganini aytdi. 

Kurdlarning Rudaw axborot agentligi zarbalar Iroq shimolida, Eron bilan chegaradagi Qandil tog‘ tizmasi bo‘ylab berilganini tasdiqladi. Harakatlanish qiyin bo‘lgan Qandil tog‘lari anchadan buyon KIPning tayanch bazalaridan biri hisoblanadi.

Turkiya IIV binosi yaqinidagi portlash

Yakshanba kuni Turkiya poytaxti Anqara shahrida ikki noma’lum shaxs parlament va ichki ishlar vazirligi binolari yaqinida portlash sodir etgandi.

Kurdiston ishchilar partiyasi portlash o‘zi bilan aloqador bo‘lgan «O‘lmas batalyon» tomonidan amalga oshirilganini tasdiqladi, bu guruh 2016 yil Istanbulda sodir etilgan teraktlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgandi.

Xabarlarga ko‘ra, hujum qiluvchilardan biri mashinadan chiqqan va qo‘riqchilarni chalg‘itish uchun kichik portlovchi qurilmani vazirlik binosi tomon uloqtirgan.

Ikkinchi hujum qiluvchi esa vazirlik darvozasidagi qo‘riqchilarga qarata o‘t ochgan, keyin bombani portlatgan, portlash oqibatida o‘zi halok bo‘lgan.

Bu vaqtda birinchi hujumchi vazirlik hududiga chopib kirgan va tezda politsiyachilar tomonidan otib o‘ldirilgan.

Ikki ofitser yaralangan. Ulardan biri ko‘krak qismidan jarohat olgan, boshqasi ikki oyog‘i va ko‘zidan jarohatlangan.