Jahon | 01:32 / 10.10.2023
13018
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Groza qishlog‘iga raketa zarbasi berganini bilvosita tan oldi

BMTdagi Rossiya vakili Ukraina qishlog‘iga raketa hujumini «natsistning dafn marosimi» bilan oqladi.

Foto: EPA

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Ukrainaning Xarkiv viloyati, Groza qishlog‘idagi kafega raketa hujumi bo‘yicha izoh berdi. U o‘z bayonoti bilan 52 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan zarbada Rossiya ishtirokini mohiyatan tasdiqladi.

«Ma’lumki, zarba vaqtida u yerda yuqori martabali ukrainalik natsistlardan birining dafn marosimi bo‘layotgan edi. Albatta, unda ko‘plab neonatsist sheriklari qatnashdi. Ijtimoiy tarmoqlarda zarbadan keyin tarqalgan suratlarda deyarli barcha jasad harbiy yoshdagi erkaklarga tegishli ekani bejiz emas», dedi diplomat BMT qarorgohidagi yig‘ilishda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Kiyev rejimi» bir necha bor «mehmonxonalar, yotoqxonalar va do‘konlarga qilingan hujumlar oqibatida halok bo‘lganlar haqida jar solgan».

«Keyin esa harbiylar va xorijiy yollanma askarlar haqida ko‘plab nekrologlar paydo bo‘lgan. Mana shunaqa tasodif. Biz Groza bilan vaziyatda ham shunday bo‘lishini istisno qilmaymiz», deb xulosa qildi Nebenzya.

5 oktyabr kuni Rossiya harbiylari Xarkiv viloyati, Groza qishlog‘idagi kafe va do‘konga raketa zarbasini berdi. U yerda ukrainalik harbiy Andrey Kozir ma’rakasi bo‘layotgan edi. Zarba oqibatida 52 kishi, jumladan, Andrey Kozirning o‘g‘li Denis (u ham harbiy xizmatchi), rafiqasi Nina, shuningdek, bobosi, buvisi va qaynonasi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida 8 yoshli bola ham bor.

Rossiya Mudofaa vazirligi Groza qishlog‘iga qilingan zarbaga izoh bermadi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov rossiyalik harbiylar Ukrainadagi tinch aholi manzillariga zarba bermayapti, deb ishontirdi.

«Harbiy infratuzilma obektlariga, harbiy xizmatchilar va harbiy rahbariyat vakillari to‘planadigan joylarga zarbalar berilmoqda», dedi u.

Mavzuga oid