Jahon | 08:53 / 17.10.2023
7982
2 daqiqa o‘qiladi

YeI G‘azo sektori uchun insonparvarlik yordami bilan Misrga samolyotlar jo‘natadi

Samolyotlar Yevropa Ittifoqidan Misrga chodirlar, dori-darmon va oziq-ovqat yetkazib beradi, ular G‘azo sektori aholisiga tarqatilishi rejalashtirilgan.

Foto: BBC

Yevropa Ittifoqi humanitar havo ko‘prigini ishga tushirmoqda, uning yordamida G‘azo sektori aholisiga humanitar yuklar bo‘lgan samolyotlarni Yaqin Sharqqa jo‘natadi. Bu haqdagi bayonot 16 oktyabr, dushanba kuni Yevrokomissiya saytida e’lon qilindi.

Bayonotda aytilishicha, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF)dan insonparvarlik yuklari bo‘lgan ikkita samolyot 23 oktyabrgacha Misrga jo‘nab ketadi. Ta’minotlar orasida mobil chodirlar, dori-darmonlar va gigiyena vositalari bo‘ladi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi o‘zining favqulodda zaxiralaridan G‘azo sektoriga zaruriy narsalarni yetkazib berishga tayyor. Avvalroq Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen YeI mintaqaning tinch aholisiga ko‘rsatilayotgan humanitar yordam paketini uch baravarga - 25 million yevrodan 75 million yevrogacha oshirishini ma’lum qilgandi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektorining bir millionga yaqin aholisi Isroil mudofaa kuchlari (TsAXAL) shimoliy mintaqada quruqlikda operatsiya o‘tkazishi mumkinligi sababli uylarini tashlab ketgan. Shu bilan birga, Isroil HAMAS harakatidan jangchilar 7 oktyabr kuni o‘g‘irlab ketilgan asirlarni ozod etishni talab qilib, G‘azo sektorining energetik blokadasini davom ettirmoqda. 

Ayni paytda, TsAXAL quruqlikdagi operatsiyani keyinga qoldirmoqda va buni G‘azo sektori shimolidan tinch aholini evakuatsiya qilish zarurati bilan izohlamoqda.

Germaniya kansleri Misrga tashrif buyuradi

Falastin-Isroil mojarosi keskinlashayotgan bir paytda Germaniya kansleri Olaf Shols 17 oktyabr kuni Isroilga tashrif buyuradi. 

Germaniya kansleri mintaqaga safari davomida Misrga ham tashrif buyuradi va shu orqali Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning ikki davlatga avvalgi tashriflarini takrorlaydi. TIV rahbari o‘z chiqishlarida Isroil rasmiylarini G‘azo sektoridagi humanitar vaziyatni hisobga olishga chaqirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid