O‘zbekiston | 12:27 / 10.11.2023
54191
10 daqiqa o‘qiladi

2 ittifoqchi va 14 ta strategik sherik – O‘zbekistonning do‘stlari kimlar?

O‘zbekiston mustaqillik erishganidan buyon 150 ga yaqin davlat bilan diplomatik aloqa o‘rnatgan. Ular orasidan 2 ta davlat bilan munosabatlar ittifoqchilik, 14 ta davlat bilan esa strategik sherikchilik darajasiga ko‘tarilgan. Kun.uz O‘zbekistonning strategik sheriklari yana bittaga ko‘payayotgani munosabati bilan mamlakatning tashqi siyosatdagi do‘stlari ro‘yxatiga nazar soldi.

Foto: Kun.uz

O‘tgan hafta Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Toshkentga tashrifi vaqtida rasmiy Toshkent va Parij o‘zaro munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga kelishib oldi. Bu boradagi tegishli hujjat hali imzolanmadi.

Xo‘sh, O‘zbekiston yana qaysi davlatlar bilan hamkorlikni alohida siyosiy darajaga olib chiqqan?

So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatda ancha faollashdi. Davlat rahbari, hukumat a’zolari va tashqi ishlar vaziri darajasida o‘nlab xorijiy tashriflar amalga oshirildi, tashqi siyosatda yangi ittifoqchi, sherik va hamkorlar ko‘paymoqda.

Xalqaro munosabatlarda ikki davlat o‘rtasida bir-birini mavjudligini/mustaqilligini e’tirof etish yoki diplomatik munosabatlarning o‘rnatilishi – de-fakto rasmiyatchilik. Munosabatlarning rivojlanish dinamikasi davlatlar hududida diplomatik vakolatxonalar (elchixona, konsullik) ochilishi, siyosiy va boshqa sohalarda hamkorlik, shuningdek o‘zaro savdoning o‘sishi bilan belgilanadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston dunyodagi 144 ta davlat bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Ularning oxirgisi shu yil iyunda Trinidad va Tobago bo‘lgandi. Ma’lumot uchun, BMTga a’zo suveren davlatlar soni 193 tani tashkil etadi.

O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlarda 59 ta diplomatik va konsullik muassasasi bor. O‘zbekistonda esa 46 ta xorijiy davlatning elchixonasi (eng oxirgisi – shu yil ochilgan Qatar elchixonasi), 3 ta bosh konsullik muassasasi va o‘ndan ortiq xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari bor.

Davlatlar o‘rtasida savdo va boshqa aloqalarning o‘sishi hamda odatda davlat rahbarlarining siyosiy irodasi natijasida diplomatik munosabatlar keyingi bosqich – strategik sheriklik va ittifoqchilik darajalariga ko‘tarilishi mumkin.

Kun.uz so‘roviga muvofiq Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston hozirgi kunga qadar ikkita davlat bilan ittifoqchilik, shu ittifoqchilarni ham qo‘shib hisoblaganda 14 ta davlat bilan strategik sherikchilik to‘g‘risida shartnomalar imzolagan.

O‘zbekiston bilan ittifoqchilar

Siyosiy, harbiy va iqtisodiy sohada eng katta hamkorimiz hisoblangan Rossiya uzoq yillar davomida (2005-2021 yilgacha) O‘zbekistonning xalqaro maydondagi yagona ittifoqchisi bo‘lib kelgan. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar 2005 yildan so‘ng O‘zbekiston o‘z tashqi siyosati vektorlarini “kollektiv g‘arbdan sharqqa o‘girgan” vaqtda iliqlasha boshlagan. Rossiya bilan 2004 yilda strategik sherikchilik to‘g‘risida, 2005 yilda esa ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida shartnoma imzolangan.

2022 yil yakunlariga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 9,2 milliard dollardan ortiqni tashkil etgan. Rossiya O‘zbekistonning tashqi savdosida birinchilikni odatda Xitoy bilan “talashadi”. Bundan tashqari, ikki mamlakat o‘rtasida millionlab mehnat migrantlari, Rossiyaning Markaziy Osiyoda o‘z ta’sir doiralarini saqlab qolishga intilishi, SSSRdan qolib ketgan ko‘p sohalardagi uzoq yillik tarixiy bog‘liqlik kabi masalalar bor.

2021 yil O‘zbekiston tashqi siyosatida oldinga tashlangan eng katta qadamlardan biri qo‘shni Qozog‘iston bilan ittifoqchilik munosabatlarining o‘rnatilishi bo‘ldi.

2016 yilgacha bo‘lgan davrda ham O‘zbekiston qo‘shnilaridan faqatgina Qozog‘iston bilan aloqalarni do‘stona ruhda saqlab turgan. Boshqa qo‘shnilar bilan hattoki chegaralar ham yopiq bo‘lgan. Shuningdek, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida chegaralarni demarkatsiya va delimitatsiya qilish masalalari qariyb 100 foiz aniqlashtirilgan va hal qilingan.

2022 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 4,6 milliard dollardan oshdi. 2021 yil dekabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyeving Qozog‘istonga rasmiy tashrifi davomida ikki davlat o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi. Shuningdek, yaqin 5 yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha Amaliy harakatlar rejasi ham qabul qilindi.

Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasida turizmni rivojlantirish maqsadida sayyohlarga “Markaziy Osiyo shengeni”ni taqdim qilish, birgalikda “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi qurish borasida ham kelishuvlar mavjud.

Strategik sheriklar

Bugungi kunda O‘zbekiston dunyodagi 14 ta davlat – AQSh, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Koreya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Ozarbayjon, Vengriya, Hindiston va Pokiston bilan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatgan.

Ittifoqchilardan tashqari, strategik sheriklar orasida O‘zbekistonning eng muhim hamkorlaridan biri Xitoy bo‘lib qolmoqda.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari 2012 yilda o‘rnatilgan. Hozirgi kunda Xitoy O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo hamkorlaridan biri – o‘zaro tovarayirboshlash hajmi o‘tgan yili 8,9 milliard dollar bo‘lgan.

Yana bir qudratli davlatlardan biri AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida 2002 yil martda Strategik sherikchilik va hamkorlikning asoslari to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangan. 2005 yildan so‘ng sovuqlashgan munosabatlar so‘nggi vaqtlarda ancha ijobiy tarafga o‘zgarayotganini kuzatish mumkin.

Lekin, AQSh O‘zbekistonning tashqi savdodagi hamkorlari qatorida kuchli o‘nlikka ham kirmaydi. 2022 yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayriboshlash hajmi 436 million dollardan oshadi.

Keyingi muhim strategik hamkorlarimizdan biri – Janubiy Koreya. Ikki davlat o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya 2006 yilda imzolangan. O‘zaro tovar ayriboshlash hajmi 2,3 milliard dollardan oshadi, bunda O‘zbekiston asosan importyor davlat bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, 2021 yil 16-18-dekabr kunlar Janubiy Koreyaga tashrif buyurgan prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi aloqalarni ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish tashabbusini ham bildirgan edi.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston strategik hamkorlari orasida Turkiya bilan munosabatlarni ham ancha ijobiy tarafga o‘zgarganini kuzatish mumkin. Ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sherikchilik 2017 yilda o‘rnatilgan.

2022 yil yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Turkiya bilan savdo aylanmasi 3,2 milliard dollardan oshadi. Shuningdek, ikki davlat Turkiy davlatlar kengashi doirasida ham aloqalarni rivojlantirmoqda.

Ittifoqchilik va strategik sheriklikning farqi nimada?

O‘z-o‘zidan strategik sherikchilik va ittifoqchilik munosabatlari o‘rtasida qanday farq bor, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

“Strategik sheriklikdan keyingi bosqich ittifoqchilik munosabatlari hisoblanadi hamda u davlatlar o‘rtasida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama asosda muayyan soha-yo‘nalishlarni qamragan holda o‘rnatilishi mumkin”, – deya izoh berdi Tashqi ishlar vazirligi.

Siyosiy fanlar doktori Sardor Usmonov “ittifoqchilik munosabatlari” (allied relations) va “strategik sheriklik” (strategic partnerships) tushunchalari xalqaro munosabatlar tizimida katta ahamiyatga ega fenomenlar hisoblanishini ta’kidlagan. Shuningdek, mutaxassis bu ikki tushuncha o‘rtasida nozik farqlarni tushuntirib berdi.

“Ittifoqdosh davlatlar o‘rtasida, odatda, do‘stlik, yaqinlik, tabiiy hamjihatlik, uyg‘un munosabatlar mavjud bo‘ladi. G‘arb manbalarida bunday davlatlar “tabiiy ittifoqdoshlar” (natural allies) deb ham ataladi.

Strategik sheriklik holatida esa ikki davlatni umumiy manfaatlar birlashtirib, siyosiy qadam va sa’y-harakatlarni birgalikda, kelishgan holda qabul qilishga undaydi… Bu holatda, eng birinchi navbatda, milliy manfaatlarning uyg‘unligi bo‘lib, strategik qarorlarni birgalikda, hamjihat bo‘lib qabul qilish nazarda tutiladi.

Biroq kengroq qaraganda, strategik sheriklar ittifoqdoshlardan farqli o‘laroq, madaniy yoki mafkuraviy yaqinlikka ega bo‘lishi shart emas. Ammo xavfsizlikka umumiy tahdidlar va xavf-xatarlarga yuzlanganda ikki tomon o‘zlarining madaniy va mafkuraviy tafovutlariga e’tibor qaratmay, strategik sheriklarga aylanadi. Umumiy muammoga qarshi ikki tomon o‘zlarining strategik resurs va imkoniyatlarini birlashtirib, bir-birlariga yordam qo‘lini cho‘zadi. Milliy manfaat barcha mulohazalardan ustun bo‘ladi.

Ittifoqdoshlar bilan esa mamlakatning xalqaro sahnadagi qarorlari va xatti-harakatlari legitim, mantiqan asosli tuyulib, ularga nisbatan xalqaro hamjamiyatda ishonch yuqoriroq bo‘ladi. Chunki bu qarorlar bir nechta mamlakatning roziligini olgan bo‘ladi”, – deydi Sardor Usmonov.

Xalqaro munosabatlar tizimi yuqorida aytib o‘tilgan shakllar bilan cheklanib qolmaydi. Davlatlarning tashqi siyosati murakkab va bir-biriga bog‘liq ko‘plab omillar asosida shakllanib, o‘z manfaatlari yo‘lida o‘zgarib boraveradi.

Xususan, O‘zbekiston tashqi siyosatida strategik sherik bo‘yicha kelishuvlar ham o‘sha davlat bilan yaqinlik darajasiga ko‘ra keng qamrovli, chuqurlashgan bo‘lishi mumkin. Yoki sovuqlashgan munosabatlar strategik sherikchilik haqidagi kelishuvni shunchaki qog‘ozda qolgan bitimga aylantirib qo‘yadi.

Farrux Absattarov tayyorladi.

Mavzuga oid