Jahon | 13:47 / 11.11.2023
4932
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiya sudi ukrainalik milliarderni ekstraditsiya qilishdan bosh tortdi

Sud o‘zi nazorat qilgan bankrot bankdan 113 million dollar o‘g‘irlaganlikda ayblanayotgan Konstantin Jyevagoni Ukrainaga ekstraditsiya qilishdan bosh tortdi. 

Konstantin Jyevago Foto: FERREXPO

Fransiya sudi Ukraina hukumatining apellyatsiya arizasini rad etdi va qidiruvdagi ukrainalik milliarder Konstantin Jyevago ekstraditsiya qilinishi mumkin emas degan qarorga keldi, deb xabar berdi Reuters 10 noyabr, juma kuni. 

«Sud arizachi davlat (Ukraina) Jyevago asosiy protsessual kafolatlari va huquqlarini himoya qila oladigan sud tomonidan sudlanishiga kafolat bera olmaydi, degan xulosaga keldi», — deyiladi agentlik iqtibos keltirgan sud qarorida. Sud aynan nima uchun bunday xulosaga kelganiga aniqlik kiritilmagan.

Jyevagoning o‘zi hamon Ukrainada o‘ziga qarshi qo‘yilgan «asossiz ayblovlarni rad etish» niyatida ekanini aytdi. «Ukraina yurisdiksiyasi doirasida bu mumkin bo‘lishi bilanoq, barcha qonuniy kanallar orqali menga qo‘yilgan ayblovlarga qarshi chiqish uchun sa’y-harakatlarni ishga solaman», dedi milliarder. 

Jyevagoning Kurshavelda qo‘lga olinishi 

Ukrainada Jyevago 2019 yilda qidiruvga berilgan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u o‘zi nazorat qilgan bankrot «Finansy i Kredit» bankidan 113 million dollarni o‘zlashtirish sxemasini yaratgan. O‘shanda Jyevago so‘roqqa kelmagan va chet elga qochib ketgan, uning Ukrainadagi mulki xatlovga olindi, o‘zi esa xalqaro qidiruvga berildi. Jyevago barcha ayblovlarni rad etib keladi. 

2022 yil dekabr oyida Jyevago Ukraina Davlat tergov byurosining iltimosiga binoan Fransiyaning Kurshavel tog‘-chang‘i kurortida qo‘lga olingan. Keyinroq milliarder bir million yevro garov evaziga ozod qilindi. Mart oyida Fransiya sudi Jyevagoni Kiyevga ekstraditsiya qilishdan bosh tortdi, shundan so‘ng Ukraina hukumati bu qaror ustidan apellyatsiya berdi. 

2023 yilda Ukraina Milliy antikorrupsiya byurosi (UMAB) va Ixtisoslashtirilgan antikorrupsiya prokuraturasi (IAP) Jyevago Oliy suddagi korrupsiya sxemasiga aloqadorligini ma’lum qildi. Milliarder bu ayblovlarni rad etdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid