Jahon | 13:11 / 16.11.2023
5748
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Senati hukumatni vaqtinchalik moliyalashtirishni ma’qulladi

Shatdaunning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasida Isroil va Ukrainaga qo‘shimcha yordam ko‘rsatish haqidagi moddalar mavjud emas. U avvalroq Vakillar palatasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi. 

Foto: Kun.uz

15 noyabr, chorshanba kuni AQSh Senati federal hukumat faoliyatini 18 noyabrdan to‘xtatib qo‘yish (shatdaun)ning oldini olishi kerak bo‘lgan Amerika ma’muriyatini vaqtinchalik moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, tashabbus uchun 87 nafar ovoz berilgan, 11 deputat qarshi chiqqan. 

Avvalroq, 14 noyabr kuni ushbu qonun loyihasi AQSh Kongressi Vakillar palatasi tomonidan ma’qullangan edi. Endi u imzolash uchun AQSh prezidenti Jo Baydenga yuborilishi kerak. 

Shatdaunning oldini olish uchun ikkita yangi dedlayn

Hujjatda Energetika vazirligi hamda harbiy qurilish, faxriylar ishlari, transport, uy-joy va boshqa masalalarga mas’ul idoralarni moliyalashtirishni 2024 yil 19 yanvarga qadar, davlat boshqaruvining boshqa sohalariga tegishli muassasalarni esa 2024 yil 2 fevralgacha uzaytirish taklif etilgan. Shu tariqa, qonun chiqaruvchilar kelasi yilgi hukumat ishini moliyalashtirish bo‘yicha yakuniy hujjatni qabul qilish uchun ikkita yangi dedlaynga ega, deya qayd etadi CNN. 

Ta’kidlanishicha, AQSh Kongressining ikkala palatasi tomonidan ma’qullangan qonun loyihasida Isroil va Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishga oid moddalar mavjud emas. 

Turli federal idoralarning 2024 yil uchun budjetlari 11 noyabrgacha tasdiqlanishi kerak edi. Ammo so‘nggi sessiyada demokratlar nazoratidagi Senat va respublikachilar ko‘pchilikni tashkil etuvchi Vakillar palatasi o‘rtasidagi qarama-qarshilik bunga to‘sqinlik qildi. 

AQShda ehtimoliy shatdaunning oqibatlari 

Hukumat ishi to‘xtab qolishi 1,5 millionga yaqin AQSh hukumati xodimlarini uylariga maoshsiz yuborish bilan tahdid soladi. Shatdaun, shuningdek, federal mulkka tegishli bo‘lgan aksariyat obektlar, jumladan, milliy bog‘lar yopilishini va havo harakatini boshqarish cheklanishini anglatadi, bu amerikaliklarning sayohat rejalariga ta’sir ko‘rsatadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid