Jahon | 14:25 / 23.11.2023
4508
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Ukrainani tinchlik muzokaralarini rad etishda aybladi

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hech qachon Ukraina bilan tinchlik muzokaralaridan voz kechmagan. 

Foto: Reuters

Rossiya va Ukraina o‘rtasida muzokaralar olib borilmayotgani uchun javobgarlik Kiyev zimmasida, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin. «Rossiya Ukraina bilan tinchlik muzokaralaridan hech qachon voz kechmagan. Rossiya emas, balki Ukraina muzokara jarayonidan chiqib ketayotganini ochiq e’lon qildi», - dedi Putin 22 noyabr, chorshanba kuni G20 yetakchilari sammitida video-aloqa orqali chiqishida. U Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni Rossiya bilan bunday muzokaralarni taqiqlovchi farmonni imzolaganlikda aybladi. 

Putin qaysi farmon haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi. 2022 yil sentabrida Zelenskiy butun Rossiya vakillari bilan emas, shaxsan Putin bilan muzokara olib borish mumkin emasligi haqidagi farmonni imzolagandi.

Putin Ukrainaga o‘rniga G‘azodagi urush haqida gapirdi

Bundan tashqari, Putin o‘zidan oldin so‘zlagan dunyo yetakchilarining Rossiyaning Ukrainada davom etayotgan urushidan hayratda qolganliklari haqidagi bayonotlariga xos tarzda munosabat bildirdi: «Men tushunamanki, bu urush, odamlarning o‘limi larzaga keltiradi. 2014 yilda Ukrainadagi qonli to‘ntarish, uning ortidan Kiyev rejimining Donbassdagi xalqiga qarshi urushi - bu hayratlanarli emasmi? Falastin va G‘azo sektoridagi tinch aholining qirib tashlanishi bugungi kunda hayratlanarli emasmi?» - dedi Rossiya prezidenti.

Rossiya va Ukraina muzokaralarga tayyor emas

Volodimir Zelenskiy Kiyev Rossiyaning 1991 yilgi chegaralarga qo‘shinlarini olib chiqib ketishini tinchlik o‘rnatishning zaruriy sharti deb bilishini bir necha bor ta’kidlagan. «Biz hozir Rossiyaga nimadir berishimizning imkoni yo‘q», dedi Ukraina prezidenti noyabr oyi boshida.

Putin, shuningdek, avvalroq anneksiya qilingan hududlar maqomi ehtimoliy muzokaralar davomida muhokama qilinmasligini ta’kidlagan edi.

OAV: AQSh va YeI Kiyev bilan tinchlik muzokaralarini muhokama qilmoqda

Noyabr oyi boshida Amerikaning NBC telekompaniyasi nomi oshkor etilmagan manbalarga tayanib, AQSh va Yevropa Ittifoqi vakillari Ukraina hukumati bilan tinchlik muzokaralari konturlari va Kiyevning ehtimoliy yonbosishini muhokama qila boshlagani haqida xabar berdi.

O‘z navbatida, NATO Rossiyani yangi harbiy harakatlardan to‘xtatadigan «ba’zi xavfsizlik kafolatlarini» taklif qilishi mumkin. O‘ta «nozik» mavzularni o‘z ichiga olgan ushbu muzokaralarning bir qismi 50 dan ortiq davlatni o‘z ichiga olgan Ukraina bo‘yicha aloqa guruhining oktyabrdagi yig‘ilishida bo‘lib o‘tdi, deya ta’kidlaydi NBC. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid