Jahon | 21:58 / 28.11.2023
7802
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil va HAMAS bir-birini sulh shartlarini buzishda aybladi 

G‘azo sektorida har ikki tomon ishtirokida otishma yuz berdi. 

Foto: WSJ

Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) G‘azo sektori shimolida HAMAS a’zolari tomonidan uyushtirilgan otishma oqibatida bir necha askari yengil yaralanganini ma’lum qildi. 

Qayd qilinishicha, 28 noyabr kuni tushdan keyin bir soat ichida G‘azo sektori shimolidagi ikki joyda Isroil qo‘shinlari yaqinida uchta portlovchi qurilma portlagan. Shuningdek, hamaschilar isroillik harbiylarni o‘qqa tutgani, askarlar esa bunga javoban o‘t ochishgani ta’kidlanmoqda. 

«Ikkala holatda ham Isroil harbiylari sulh shartlari bo‘yicha belgilangan hududda edi», deyiladi hisobotda. 

O‘z navbatida, HAMAS Isroilni G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini «qo‘pol ravishda buzganlikda» aybladi. Isroilning harakatlari hamaschilarning javob choralarini ko‘rishiga sabab bo‘lgan. Guruh vakillari boshqa tafsilotlarni keltirmadi. 

HAMAS harakatining qo‘shimcha qilishicha, Isroil sulh shartlariga amal qilar ekan, HAMAS ham «kelishuvga sodiqlik» qiladi. 

BBC nashrining ta’kidlashicha, bu sulh boshlanganidan beri besh kun ichidagi birinchi jiddiy mojaro. 

G‘azoda otashkesim 24 noyabr kunidan amal qila boshladi. Dastlabki kelishuvlarga ko‘ra, bu to‘rt kun davom etdi. Kelishuvga ko‘ra, HAMAS garovdagi 50 nafar isroillikni, Isroil esa qamoqdagi 150 nafar falastinlikni ozod qilishi kerak edi. 27 noyabr kuni tomonlar sulhni yana ikki kunga uzaytirishga kelishib oldi. Bu vaqt ichida HAMAS garovdagilar orasidan yana 20 nafar ayol va bolani ozod qilishi kerak.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid