O‘zbekiston | 11:01 / 12.12.2023
22200
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda metan zapravkalar ish vaqti yana qisqartirildi

Sovuq kunlarda joylarda iste’mol ortgani sababli gaz bosimi pasayishi kuzatilayotgani, shuning uchun bugundan AGTKShlar ish vaqtiga o‘zgartirishlar kiritilib, soat 06:00 dan 12:00 gacha etib belgilangani ma’lum qilindi.

Foto: Kun.uz

Havo havo sovishi davom etayotgani tufayli 12 dekabrdan O‘zbekistonning barcha hududlarida metan zapravkalar faoliyati soat 6:00 dan soat 12:00 gacha etib belgilandi. Bu haqda «Hududgazta’minot» AJ matbuot xizmati ma’lum qilgan.

Havo harorati keskin pasayishi munosabati bilan butun mamlakat bo‘yicha tabiiy va suyultirilgan gaz iste’molining ortishi kuzatilayotgani qayd etilgan.

«Ayrim joylarda iste’mol ortgani sababli gaz bosimi pasayishi kuzatilmoqda. Shuning uchun bugundan AGTKShlar ish vaqtiga o‘zgartirishlar kiritilib, soat 06:00 dan 12:00 gacha etib belgilandi. Ushbu choralar vaqtinchalik bo‘lib, havo harorati keskin pasayib ketgan vaqtda qo‘llanadi.

Noqulay ob-havo sharoitlariga qaramay iste’molchilarning gaz ta’minotini yaxshilash ishlari davom ettirilmoqda. Mazkur davrda alohida mahalla va xonadonlarda gaz yetishmovchiligining oldini olish maqsadida, «Hududgazta’minot» AJ fuqarolardan gaz jihozlaridan faqat birlamchi zaruriyatlar uchun foydalanishni, uydan chiqib ketayotganda imkon qadar isitish jihozlarini o‘chirishni so‘raydi», deyiladi tashkilot matbuot xizmati xabarida.

Tabiiy gazni uzluksiz yetkazib berish uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirish zarurligi eslatib o‘tilgan. To‘lovlarni tuman gaz ta’minoti bo‘limlari va bank filiallarida, shuningdek, barcha to‘lov tizimlarining mobil ilovalari orqali 24/7 rejimida amalga oshirish mumkin.

  • Dekabrda sovuq tushishi bilan O‘zbekistonning turli hududlarida metan zapravkalar faoliyati cheklangan va shoxobchalar soat 8:00 dan 17:00 gacha ishlay boshlagandi.
  • 8 dekabr kuni Energetika vazirligi havo sovishi munosabati bilan butun respublika bo‘ylab metan shoxobchalar soat 6:00 dan 15:00 gacha ishlashga o‘tgani haqida xabar berdi.
  • «O‘zgidromet» 15 dekabrdan O‘zbekiston hududidan sovuq havo massasi chekina boshlashini prognoz qilgan.

Mavzuga oid