Hafta oxirida O‘zbekiston hududidan sovuq havo massasi chekina boshlaydi
14-15 dekabrda O‘zbekiston hududidan sovuq havo massasi chekina boshlaydi va sovuq kuchsizlashadi.
O‘tgan kechasi O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlari bo‘yicha qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatildi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Navoiy viloyatining shimolida ertalabga kelib, havo harorati -6...-11 darajagacha, Ustyurtda -14 darajagacha pasaydi.
"O‘zgidromet" xabariga ko‘ra, bugun kunduzi sovuq va nam havo massasi asta-sekin respublikaning barcha hududlariga tarqaladi. Barcha joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Farg‘ona vodiysi hududlarida esa yog‘ingarchilik kechga yaqin boshlanadi.
Ertaga qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida saqlanib turadi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
11-12 dekabr kunlari respublikaning tog‘li hududlarida ba’zi joylarda kuchli qor yog‘adi.
Chorshanbadan jumagacha O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.
11-13 dekabr kunlari sovuq kuchayadi va havo harorati kechalari -8...-13 darajagacha, kunduz kunlari -3...-8 darajagacha, shimolda kechalari -15...-20 darajagacha, kunduz kunlari -7...-12 darajagacha pasayadi. Respublika janubida kuchli sovuqlar kutilmaydi, kechalari harorat faqat -2...-7 darajagacha pasayadi.
11-13 dekabrda yo‘llarda ba’zi joylarda yaxmalak yuzaga keladi.
14-15 dekabrda O‘zbekiston hududidan sovuq havo massasi chekina boshlaydi va sovuq kuchsizlashadi. Ish haftasining oxirida havo harorati kechasi -0...-5 daraja, kunduzi +2...+7 daraja, shimolda kechasi -7...-12 daraja, kunduzi -0...-5 daraja atrofida bo‘ladi.
Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushadi. Ayrim joylarda shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Poytaxtda 11-12 dekabr kunlari vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir qorga aylanadi) bo‘ladi, 13-15 dekabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. 11-12 dekabrda shamol tezligi vaqti-vaqti bilan 12-15 m/s gacha kuchayadi. 12-15 dekabrda yo‘llarda yaxmalak yuzaga keladi.
Harorat 11 dekabrda -3...-5 daraja, 12 dekabrda kechasi va kunduzi -5...-7 daraja, 13 dekabrda kechasi -11...-13 daraja, kunduzi -5...-7 daraja bo‘ladi. 14-15 dekabrda harorat kechasi -2...-5 darajagacha, kunduzi +2...+5 darajagacha asta-sekin ko‘tariladi.