O‘zbekiston | 14:04 / 20.12.2023
23190
3 daqiqa o‘qiladi

Xalq banki xodimi 631 mln so‘mni qimorga tikib yubordi

U 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

O‘zbekistonda bankirlar davlat pulini qimorga tikib yuborishi bilan bog‘liq yana bir holat kuzatildi. DXX Samarqand viloyati boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Xalq bankida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan shaxs 631 mln so‘mni qimorga tikib yuborgani uchun qamaldi.

«Xalq banki Samarqand filialida chakana savdo bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Sh.Yu. o‘z mansab vakolatidan foydalangan holda o‘zining nomidagi bank plastik kartasiga noqonuniy ravishda 631 mln so‘m kirim qilib, ushbu mablag‘ning barchasini onlayn qimor o‘yiniga tikib yuborgan.

Ushbu holat yuzasidan Sh.Yu.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish va 2 yil bank sohalarida moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan», deyiladi xabarda.

Bundan oldinroq, 2022 yil aprelida Xalq banki Uzun filiali sayyor kassiri 278 nafar fuqaroning pensiya va nafaqa pullarini – jami 121,1 million so‘mni soxta imzo qo‘yib o‘zlashtirgan va pullarning bir qismini onlayn qimor o‘yiniga tikib yutqazgani xabar qilingandi.

2022 yil sentabrida esa Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi tijorat banklarining birida faoliyat yurituvchi xodimlar pensionerlarga berilishi kerak bo‘lgan 111 mln so‘m pullarni talon-toroj qilib, zamonaviy qimor o‘yinlariga sarflab yuborgandi.

2023 yil iyulida esa Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida o‘qituvchi hamkasbining kartasidagi pullarni o‘zlashtirib, qimorda yutqazgani ma’lum bo‘lgandi.

  • Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2023 yil 30 noyabrda imzolangan «Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) iste’molchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat olib boruvchi tijorat banklarining kartasi yordamida mamlakatdan tashqarida joylashgan totalizator tashkilotlari hisobiga pul o‘tkazish taqiqlanmoqda.

Mavzuga oid