Jahon | 22:10 / 26.12.2023
22472
23 daqiqa o‘qiladi

Strategik mudofaa yili. Ukrainaning pozitsion urushdagi imkoniyatlari qanday?

Ukrainadagi urush uzil-kesil pozitsion holatga o‘tdi: tomonlarning hech biri yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan darajada ko‘p resurslar - texnikalar, o‘q-dorilar, asosiysi - insonlarni qurbon qilmasdan yirik amaliyot o‘tkaza olmaydi. Ukraina qurolli kuchlarining kelgusidagi strategiyasi muhokamasida endi «qarshi hujum» o‘rniga boshqa bir atama yangramoqda - «strategik mudofaa».

Dala istehkomlari — okoplar, bunkerlar, dotalar — mudofaa asoslari, ammo undagi asosiysi — qo‘shinning o‘zidir
Foto: AFP

Strategik mudofaaga o‘tish zarurati haqida BBC uchun intervyusida Ukraina qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Viktor Mujyenko ham aytib o‘tgan, shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, agar bunday strategiyani oqilona ishlab chiqsa va amalga oshirsa, Kiyev «Ukraina hududidagi bosqinchi qo‘shinlarni tor-mor etish imkoniyatiga ham ega bo‘lishi»ni ta’kidlagandi.

Estoniya mudofaa vazirligi tomonidan tayyorlangan katta hisobotda ham «Strategik mudofaaga o‘tish yili» haqida gap boradi.

Pozitsion urush deb janglar qanchalik shiddatli bo‘lmasin, front chizig‘ida deyarli o‘zgarishlar bo‘lmaydigan majburiy holatga aytiladi.

To‘g‘ri, bundan hechdan ko‘ra kech qabilida foyda chiqarib olish ham mumkin. Lekin barcha zamonaviy qurollarga ega bo‘lgan har qanday armiya qo‘mondonligi odatda manyovrli urush olib borishni afzal ko‘radi.

Maqsadlaridan kelib chiqqan holda pozitsion urushni holdan toydirish urushi deb ham atash mumkin. Manyovrli yoki «yashin tezligidagi» urushlardan farqli o‘laroq, bunday urushning maqsadi raqib armiyasini tor-mor etish, shahar yoki hududlarni egallash, qandaydir strategik muhim pozitsiyalarga chiqish emas, balki dushman armiyasining jangovar samaradorligi va umuman ikkinchi davlatning mudofaa layoqati, uning xalqi va armiyasining qarshilik ko‘rsatish qobiliyatini susaytirishdir.

Shu bilan birga, pozitsion mojaro o‘z-o‘zicha g‘alaba bilan tugamaydi — u yoki holdan toygan davlat yon berishga rozi bo‘ladigan vaziyatga olib keladi yoki nisbatan faol, manyovrli urushga o‘tishga sharoit hozirlaydi.

2022 yil kuzidan 2023 yil yozi oxiriga qadar Ukrainada va G‘arbda ko‘pchilik siyosatchilar hamda harbiylar yozgi qarshi hujumning zarurati va ahamiyati haqida gapirishdi va ular frontda aynan hal qiluvchi zarba bilan g‘alaba qozonishni ko‘zlagandi.

Ammo bu qarshi hujum oldinga ko‘zlangan maqsadlariga erisha olmasdan nihoyasiga yetgach, bunday strategiya ish bermasligi va Kiyev Moskva bilan uzoq cho‘ziluvchi va holdan toydiruvchi mojaroga kirishishi ayon bo‘ldi.

Shu bilan birga, Kremldagilar harbiy, iqtisodiy va demografik salohiyat Rossiyada Ukrainadagiga qaraganda yuqoriroq ekaniga amin. Bundan tashqari, Rossiya rahbariyati Ukrainaga xorijdan yordam kelishi to‘xtashi, g‘arbdagilar bu urushdan Rossiyaga qaraganda ertaroq charchashiga ishonmoqda.

Bunday ishonch, xususan Vladimir Putinning 14 dekabr kungi «jonli muloqoti» chog‘ida ham yangradi, o‘shanda u «nimanidir saqlab qolishga urinayotgan, ammo deyarli hech narsa ishlab chiqarmayotgan» Ukrainadagidan farqli o‘laroq, Rossiyaning moliyaviy-iqtisodiy tizimi mustahkamligi, armiyasi jangovar holatdaligini ta’kidlagandi. «Barchasi olib kelinadi — odobsizlik uchun uzr, — barchasini tekinga olib kelishadi. Ammo bepul sovg‘alar qachondir tugaydi va aftidan, asta-sekin tugab ham bormoqda».

Rossiya iqtisodiyoti mustahkamligi va qarama-qarshilikka bardosh bera olishiga Vladimir Putinning ishonchi komil

Chindan ham Ukrainaning kelgusida qo‘llab-quvvatlanishi masalasi noaniq bo‘lib qolmoqda — AQShda Kongress bu yordam taqdirini yanvarda hal qiladi, Yevropa ham hozircha Ukraina ehtiyojlari uchun yangi moliyalashtirishni tasdiqlay olgani yo‘q.

Ko‘plab ekspertlar, jumladan Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti mutaxassislari qayd etishicha, «G‘arbdan yordam kutilmaganda to‘xtashi, katta ehtimol bilan, ertami kechmi Ukrainaning Rossiya armiyasini to‘xtatib turish qobiliyatini yo‘qotishiga olib keladi».

Ukraina va uning hamkorlari g‘arblik siyosatchilarga hech bo‘lmaganda qandaydir istiqbollarni taqdim eta oladigan va Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatish masalasini hal etishga yordam beradigan reja ishlab chiqish orqali bu muammoni hal etishga urinmoqda.

Noaniqlik va u yoki bu darajadagi aniq istiqbolning mavjud emasligi kongressmenlarga yordam paketini tasdiqlashga to‘sqinlik qilmoqda — ular shunchaki Ukraina qurolli kuchlarini g‘alaba aniq tasvirga ega bo‘lmagan urushda qo‘llab-quvvatlash uchun qancha vaqt mablag‘ sarflashlari kerakligini aniq bilishmaydi.

Dekabr oyi boshida New York Times gazetasi yozganidek, Ukraina Qo‘shma Shtatlar bilan asosiy maqsadi — Ukraina qurolli kuchlari nazorat qilayotgan hududlarni ushlab qolish bo‘lgan strategiyani ishlab chiqmoqda.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, amerikaliklar diqqatni shu asosiy maqsadga qaratishni taklif etmoqda, ukrainaliklar esa uzoq masofaga aniq boruvchi qurollarni qo‘llagan holda nisbatan faol jangovar harakatlar olib borishni istamoqda.

Hozirda Rossiya Ukrainani majbur qilayotgan o‘yinni o‘ynash, ya’ni yangi yirik yurishga tayyorlanish o‘rniga holday toydirish urushiga kirishish g‘oyasi tarafdorlari ko‘paymoqda. Va bu mantiqiy ham — boshqa chiqish yo‘li hozircha ko‘rinmayapti.

«Holdan toydirish urushi hech kimga hech qachon foydali emas, bunday urushga faqat nisbatan faolroq urush olib borish iloji qolmaganida o‘tiladi, ammo hozirgi holatda bu Rossiyaga qaraganda Ukraina uchun zararliroq: frontdagi yo‘qotishlardan tashqari, millionlab qochqinlar, butun mamlakat bo‘ylab raketa zarbalari, infratuzilmalar va iqtisodiyotning vayron bo‘lishi, umuman davlat uchun noaniq istiqbollar — bir yurish bilan tendensiyani buzishning imkoni bo‘lmadi, shuning uchun istiqbollar haqida yana bir o‘ylab ko‘rish kerak», — deya hozirgi vaziyatni tasvirlagan isroillik harbiy ekspert David Gendelman BBC uchun intervyusida.

Shunday bo‘lib chiqdi

Umuman olganda, Rossiya armiyasi ham, Ukraina armiyasi ham umuman okop qazib, vayrongarchilik urushiga o‘tishni niyat qilmagandi.

2022 yil fevralida Rossiya poytaxtga yorib kirish va Ukrainaning yarmini egallash orqali klassik blitskrig amalga oshirishga harakat qilgandi.

Rossiya armiyasi va «DXR» hamda «LXR» tuzilmalari bosqin boshida ancha chuqur yorib kirish orqali klassik «yashin tezligidagi urush» taktikasini amalga oshirishga urinishgandi

Kiyevni olish rejasi o‘xshamay, janubda esa oldinga yurish to‘xtab qolgach, Rossiya Donbassda yurish boshladi, bu yurish ham tabiati va maqsadlariga ko‘ra qat’iy edi: Rossiya qo‘shini ukrainlarning mazkur hududdagi yirik guruhini qurshab olish va yakson qilishni ko‘zlagandi, ammo bu yurish ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi — «qisqich» janubida ukrain mudofaasini buzib o‘tib bo‘lmadi, shimoldagi harakatlar esa mag‘lubiyat bilan yakunlandi.

2022 yil sentabrida Rossiya qo‘shinlarining Xarkiv oblastidagi tarqoq joylashuvidan foydalangan Ukraina qurolli kuchlari kuzgi qarshi hujumni rejalashtirish va amalga oshirishni uddalab, katta hududlarni ozod etdi, keyin esa Rossiyani Xersondagi qo‘shinlarini daryoning chap sohiliga olib ketishga majbur qildi.

Ammo shundan keyin ikki tomon ham Rossiya armiyasi bosqin boshida Ukraina janubida yoki Ukraina qurolli kuchlari 2022 yil kuzida Izyum atrofida erishgani kabi katta yutuqqa olib keladigan birorta yirik amaliyot rejalashtira va amalga oshira olmadi.

2023 yilgi qarshi hujum vaqtida Ukraina qurolli kuchlari Rossiya mudofaasiga 30 kilometr masofada ichkariladi, ammo oldinga qo‘yilgan maqsad — Azovs dengizi bo‘yiga chiqish yoki hech bo‘lmaganda sohilga tomon yo‘ldagi Tokmak shahrini egallashni uddalay olmadi.

Shu tariqa, urush 2023 yil yanvaridan may oylariga qadar ham pozitsion xarakterda edi, Ukraina qurolli kuchlarining yozdagi qarshi hujumi esa bu vaziyatdan chiqib ketish naqadar qiyinligini namoyish etib berdi.

Nima uchun pozitsion tupik yuzaga keldi?

Urush bunday holatga kelib qolishining bir qancha sabablari bor.

Rossiyada safarbarlik o‘tkazilganidan keyin frontning ikki tomonida ham bir-biriga teng hajmdagi guruhlar shakllandi va ularning soni mudofaadagi bo‘linmalarini raqibning kichik guruhlar bilan yorib kirish imkoniyatini istisno qiladigan darajada to‘ldirishga imkon berdi.

Kichik guruhlar bilan ilgarilashni yana shu narsa qiyinlashtirdiki, front chizig‘i o‘zgarishsiz qolgan uzoq vaqt davomida tomonlarning har biri mudofaaga tayyorlanishga, transheyalar qazib joylashishga, o‘t ochish nuqtalarini jihozlashga, maydonlarni minalashga ulgurdi va bu hududlarni olov nazoratida ushlab turish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari, tomonlardan har biri raqib egallab turgan hududlarni nazorat qilish uchun razvedkaning butun arsenalidan foydalandi, muntazam ravishda malakasini oshirib, texnikalarini takomillashtirdi.

Bugungi kunda raqibning ichki hududlari ikkinchi tomonga yaqqol ko‘rinib turgani tufayli kichik guruhlarning maxfiy to‘planishi va yorib o‘tishi juda qiyin vazifa. Ba’zida raqib guruhi aniqlanganidan keyin bir necha daqiqa ichida unga artilleriya bilan zarba beriladi.

Katta guruhlar bilan yorib o‘tish ham deyarli imkonsiz ish. Nazariy jihatdan frontning muayyan uchastkasida zarbdor guruh yig‘ish va son jihatdan ustunlikka erishish mumkin, ammo bu holatda ham razvedka buni maxfiy tarzda amalga oshirishga to‘sqinlik qiladi.

Ikki tomon ham razvedka uchun dronlardan faol foydalanmoqda, qolaversa razvedkaning boshqa turlari ham yanada samarali bo‘lmoqda. Masalan, raqib hududidagi agentura ma’lumotlarni oldingiga qaraganda tezroq yetkazish imkonini taqdim etadi.

Turli razvedka tizimlari rivojlanayotgani tufayli hujumlarni tayyorlash ancha qiyin bo‘lib qolgan. Foto: ANADOLU

Zamonaviy elektron razvedka tizimlari ham rivojlanmoqda. Ukraina g‘arbning sun’iy yo‘ldoshlari va razvedkachi samolyotlari ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi, Rossiya esa o‘z razvedka vositalari, xususan radarlar va radioaniqlash va yo‘naltirish aviatsiya kompleksi samolyotlarini faol qo‘llashga kirishdi.

Shunday qilib, yirik guruhni yashirincha joylashtirish deyarli imkonsiz bo‘lib qoldi — raqib o‘ylangan rejani oldindan ko‘radi va yorib o‘tilishi ko‘zlangan joyga o‘z tomonidagi zaxira kuchlarini olib kelib, tahdidga reaksiya qilishga ulguradi.

Va nihoyat hech bir tomon zarbdor guruhning turli tarkibiy qismlari — muhandislik, tank, motopiyodalar, raketa-artilleriya va aviatsiya qismlari o‘rtasida yaqin hamkorlikda umumqo‘shin janglari doirasida yirik tuzilma bo‘lib harakatlanish qobiliyatini namoyish eta olmadi.

Gap shundaki, bu urushda shu qadar ko‘p yangi harbiy texnologiyalar paydo bo‘lganki, ularning qo‘llanishi hali yaxshi o‘rganilmagan va ularga qarshi kurashishga imkon beradigan taktik usullar hali ishlab chiqilmagan.

Va barcha darajalarda - oddiy askarlardan tortib qo‘mondonlikka qadar tajriba va jang olib borish mahorati yetishmasligi juda katta yo‘qotishlarga olib keladi.

Shu bilan birga, urushayotgan armiyalar yangi jangovar tajriba to‘plamoqda, bu esa ularga xatolarni kamaytirishga va dushman bunday xatolardan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslikka imkon bermoqda.

Ukrainaga mudofaa uchun nima zarur?

Eston harbiylarining yuqorida eslab o‘tilgan tahliliy hisobotida bayon etilgan strategik mudofaaga o‘tishning umumiy maqsadlari Ukraina qurolli kuchlarining kampaniya davomida qanday taktikalarni qo‘llashi haqida tasavvur hosil qila olmaydi.

Bu xorijdan qurol va harbiy texnikalar yetkazib berilishiga bog‘liq bo‘ladi. Bir tomondan, bu ta’minot Ukraina ehtiyojlaridan kelib chiqadi, boshqa tomondan, ular Ukraina qurolli kuchlarining harakat erkinligini cheklaydi.

Agar Ukraina QK chindan ham 2024 yilda boshqa bir yurish o‘tkazishga urinmasdan, mudofaaga o‘tadigan bo‘lsa, g‘arbdan yetkazib beriladigan ta’minot nomenklaturasi o‘zgarishi tabiiy.

Isroillik harbiy ekspert David Gendelmanning qayd etishicha, Ukraina qurolli kuchlari birinchi navbatda artilleriya o‘q-dorilariga ehtiyoj sezadi, chunki «rus-ukrain urushida hujum ham, mudofaa ham snaryadlarga tayanadi».

«Ayniqsa infratuzilmalarga qarshi zarbalar berish bo‘yicha navbatdagi qishki kampaniya boshlanishi bilan tufayli havo hujumidan mudofaa kuchlari va raketalarga qarshi mudofaa kuchlarini kuchaytirish kerak, Germaniya yana bir Patriot batareyasini yetkazib berishi ham shu bilan bog‘liq. Aviatsiyani yetkazib berish chinakamiga boshlanishi lozim — Ukraina harbiy-havo kuchlari istiqbolda o‘zini o‘nglab olishi uchun ham, havo hujumidan mudofaa kuchlari samarali kurasha olmayotgan boshqariladigan aviabombalarni uchirayotgan Rossiya samolyotlariga qarshi turish uchun ham. Mudofaa uchun zirhli texnikalar hujumdagiga qaraganda kamroq ahamiyatga ega, ammo kelgusida ular ham kerak», — deb hisoblaydi isroillik ekspert.

Ammo asosiysi, Gendelmanning so‘zlariga ko‘ra, ukraina iqtisodiyoti va davlatini safarbar qilish masalasiga borib taqaladi. «Bu birinchi navbatda, davlatni urush relslariga o‘tkazish, harbiy-sanoat kompleksini rag‘batlantirish, umuman olganda moddiy va insoniy resurslarni urush uchun safarbar etish. Hozircha Rossiya buni Ukrainaga qaraganda yaxshiroq uddalamoqda, holbuki bu ko‘proq Ukrainani ko‘proq tashvishga solayotgandek va ko‘proq narsa kutish mumkindek ko‘ringandi», — deydi u.

Gendelmanning hisoblashicha, Ukraina o‘z harbiy-sanoat kompleksini rivojlantirish uchun maksimal darajada sa’y-harakat qilishi kerak, bu g‘arb yordamiga qaramlikni ham kamaytiradi.

«Ta’minot bilan bog‘liq muammo shundaki, g‘arb harbiy-sanoat kompleksi ham yetarli sur’atlarda rivojlanmayapti va ko‘plab kategoriyalar bo‘yicha jismoniy tanqislik mavjud […] Shuning uchunammasi yana ukrainlarning o‘z imkoniyatlari va sa’y-harakatlariga bog‘liq. Agar harbiy relslarga o‘tish nuqtayi nazaridan bu „og‘riqli va istalmagan“ holat saqlanib qolsa, Ukraina yutqazadi va obektiv holatlarga hech qanday murojaat yordam bermaydi», — deb hisoblaydi.

Manyovrli yoki okoplarda?

Estoniyalik harbiylar tomonidan ishlab chiqilgan hujjat Ukraina qurolli kuchlari Rossiya bilan oxiriga qadar kurashishga qaror qilgan taqdirda o‘z oldiga qo‘yishi mumkin bo‘lgan maqsad va vazifalarni o‘z ichiga oladi.

Bular qatorida — front chizig‘idagi qo‘shinlar ta’minotini izdan chiqarish uchun kommunikatsiya vositalariga zarbalar, Qora dengiz flotining faolligini kamaytirish uchun bosim o‘tkazish, shuningdek Rossiya aviatsiyasi erkin harakatlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun havo kengliklarini himoyalash keltirilgan.

Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlaridan bir vaqtning o‘zida Rossiya armiyasiga imkon qadar ko‘proq yo‘qotishlar keltirib, ruslarning yurishini past sur’atlarda saqlanib qolishini ta’minlash so‘raladi.

Estoniya mudofaa vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya yarim yil ichida 130 ming atrofida harbiy tayyorlash imkoniga ega. Estonlar agar qayta tiklanmaydigan yo‘qotishlar (halok bo‘lganlar va safga qayta olmaydigan darajada mayib bo‘lganlar) yarim yilda 50 ming kishini tashkil etsa, bu rossiyaliklarning safarbarlik tizimiga ortiqcha yuklamay tashlaydi va bu frontga yaxshi tayyorlanmagan askarlar tashlanishiga olib keladi, bu esa Rossiya guruhining jangovarligini pasaytiradi deb hisoblaydi.

Ukrainaga vayrongarchilik urushi oson bo‘lmaydi — Rossiya raketalari va dronlari uning shaharlariga ham zarbalar yo‘llaydi

Hisobotda muhokama qilish yo‘li bilan bayon etilgan ushbu umumiy tamoyillar Ukraina qurolli kuchlari qanday taktikani tanlashi to‘g‘risida aniq tasavvur taqdim eta olmaydi. Katta ehtimol bilan, buni hozircha hatto Ukraina armiyasi qo‘mondonligining o‘zi ham bilmaydi.

Mudofaa strategiyasi qo‘shinlar manyovrlar qilmasligi va hujumlar uyushtirmasligini anglatmaydi.

O‘tgan qishda Vuhledar shturm qilinishi, bahorda Baxmut egallanishi va Avdiyivka ostonasidagi janglar — Rossiya armiyasi o‘tkazgan bu amaliyotlarning barchasi pozitsion urush konsepsiyasiga mos keladi, xuddi ukrainlar Dnipro chap sohilida platsdarm tashkil etishi, shuningdek 2023 yil yozida Baxmut atrofida va Orixiv yo‘nalishida oldinga o‘tishi kabi.

Bu amaliyotlar front chizig‘ida jiddiy o‘zgarishlarga, ya’ni urush tabiatini o‘zgartiradigan darajadagi o‘zgarishlarga olib kela olmagan (urush shuning uchun pozitsion deb ataladi). Va ularning barchasi favqulodda ko‘p resurslar sarflanishini talab etgan amaliyotlardir.

Shu bilan birga, dala istehkomlari pozitsion urushda mudofaa asoslaridan biri bo‘lgani tufayli, mudofaa chiziqlarini barpo etish — bunday mojaroda qo‘shimcha xarajatlar demakdir. Bu o‘nlab va hattoki yuzlab kilometrlarga cho‘zilgan transheyalar, tanklarga qarshi ariqlar, to‘siqlar, gektarlab minalangan dalalar, beton bunkerlar, dotalar (uzoq muddat foydalanishga mo‘ljallab qurilgan o‘t ochish nuqtalari) va boshqalar demakdir. Hozirda ikki tomon ham shunday mudofaa liniyalari qurish bilan mashg‘ul.

Pozitsion urush davomida ham faol harbiy harakatlardan voz kechib bo‘lmaydi — chunki faqat shu yo‘l bilan raqibni tahdidlarga reaksiya qilishga majburlagan holda tashabbusni ushlab qolish yoki olib qo‘yish mumkin. Reaksiya ko‘rsatish doimo oldindan tayyorlangan zarbadan ko‘ra qimmatroqqa tushadi, chunki u favqulodda choralar ko‘rishni talab etadi.

Shu tufayli pozitsion urush vaqtida har bir armiya tanlov qarshisida qoladi — yoki qimmatga tushadigan faol amaliyotlarni tayyorlash va amalga oshirish, yoki raqibning tashabbusiga javob qaytarish, bu holatda yanada ko‘proq resurs sarflashga to‘g‘ri keladi.

Viktor Mujyenko BBC uchun intervyusida ukrain kuchlari hozirdanoq o‘tishi lozim bo‘lgan strategik mudofaa qarshi hujumlar uyushtirishni ham o‘z ichiga olishi haqida gapirgandi.

Parallel ravishda, Mujyenkoning aytishicha, Ukraina  «frontni qayta formatlashi kerak». «Bu shuni anglatadiki, biz nafaqat son jihatdan, balki sifat jihatdan ham kuchli zaxira yaratishimiz kerak. Sifatli zaxira esa — harbiy organizmlar mavjudligi demakdir: tayyorlangan, jihozlangan, yaxshi muvofiqlashtirilgan va bunday masalalarni hal qila oladigan yuqori ruhiyatga ega brigada, korpus va boshqalar», — deya xulosa qilgandi u.

David Gendelmanning hisoblashicha, mudofaa faol urushdan ko‘ra kamroq kuch va g‘ayrat talab etadi, ammo bu vaqtdan aynan hal qiluvchi harbiy harakatlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun foydalanish kerak.

«Mudofaa hujumdagiga qaraganda kamroq resurs talab etadi, ammo yana barchasi aynan istiqbolga bog‘liq: yo‘qotishlar ham, boshqa sarflar ham yirik hujumdagi bir martalik katta yo‘qotishdan ortib ketadi. Shuning uchun agar mudofaa bosqichida harbiy relslarga o‘tishda oldinga siljish bo‘lmasa, bu muammolarni hal etish emas, shunchaki yoqimsiz voqeani kechiktirish bo‘lib qoladi», — deydi u.

Eston harbiylari hisobotida ham shu haqda aytilgan. Estoniya mudofaa vazirligi ekspertlari fikricha, ayni vaqtdagi asosiy maqsad — Rossiyaning urushni 2024 yil davomida yakunlash borasidagi ishonchiga putur yetkazishdir. Ukraina mudofaasi uchun kelgusi yil strategik ahamiyatga ega bo‘ladi, bu vaqt ichida mamlakatning harbiy va sanoat bazasi Kiyevda Rossiya harbiylarini mag‘lubiyatga uchratish imkoniyatini paydo qiladigan darajada qurilishi kerak.

Aftidan, Ukraina QK qo‘mondonligi uzoq muddatli pozitsion qarama-qarshilik paytida yuzaga keladigan muammolarni to‘liq anglab turibdi. Ukraina bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy noyabr oyida Economist jurnalida e’lon qilgan maqolasida Ukrainaga bunday urushda nima kerakligi borasidagi qarashlarini bayon etgandi.

Zalujniyga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari uchun asosiy ustuvor yo‘nalishlar (ya’ni rivojlantirish va mustahkamlash zarur bo‘lgan sohalar) aviatsiya — havoda hukmronlikni ta’minlamasa ham, hech bo‘lmaganda paritet uchun; Radio elektron kurash vositalari — ular dronlar keskin ko‘paygan fonda o‘ta zarur; aksilbatareya kurash vositalari — artilleriya pozitsion urushda asosiy zarba berish vositasiga aylanadi va unga qarshi kurashish kerak bo‘ladi; minalangan maydonlardan o‘tish uchun muhandislik texnikalari — bunday maydonlar Ukraina qurolli kuchlari yozda muvaffaqiyatli qarshi hujum uyushtirishiga imkon bermagan asosiy omillardan biri bo‘lgandi. Va, nihoyat, odamlar, chunki hududlarni ular ozod etadi — samolyotlar, dronlar yoki boshqa texnika bunga qodir emas.

Zalujniy Ukraina o‘z hududiy yaxlitligini faqat harbiy kuch bilan tiklay olishi mumkinligini qayd etgandi. Ammo uning o‘zi urush pozitsion xarakter kasb etgani tan olgan va ko‘plab sharhlovchilar «strategik mudofaa» davrida Ukraina uchun eng asosiysi — yanada ko‘proq yerlarini yo‘qotmaslik ekanini ta’kidlaydi.

Mavzuga oid