Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiyadagi zilzila, husiylarga qarshi ittifoq, kengaygan BRICS - kun dayjesti
Yangi, 2024 yilning dastlabki kunida va shu soniyagacha xorijiy davlatlarda sodir bo‘lgan hodisalar, voqealar va bayonotlar bilan tanishtiramiz.
Yaponiyadagi zilzila
1 yanvar kuni Yaponiya markazidagi Ishikava va Niigata prefekturalarida 5.7, 6.1 va 7.4 balli kuchli zilzilalar sodir bo‘ldi.
Zilziladan so‘ng Yaponiyaning g‘arbiy qirg‘oqlarida sunami xavfi e’lon qilindi. Dengiz to‘lqini ko‘tarilgan bo‘lsa-da, vayronkor sunami kuzatilmadi.
Zilzila tufayli Ishikava prefekturasida kuchli yong‘in ham kelib chiqqan. Olov turarjoy kvartallari va tijorat obektlarini qamrab olgan. Ko‘plab o‘t o‘chirish komandalari olovni o‘chirishga jalb qilingan.
Zilzila qurbonlari 45 kishidan oshgan. Zilzila oqibatida Ishikava prefekturasida 200 dan ortiq uy yonib ketdi. 100 dan ortiq binolar qulab tushdi. Vayronalar ostida 17 kishi qolayotgani aytilmoqda.
G‘azodagi vaziyat
Isroil HAMASning janglarni 1 oyga to‘xtatib turish taklifini rad qildi, deb xabar beradi Axios agentligi. HAMAS buning uchun garovdagilarni ozod qilish taklifini ilgari surgandi. Bunga javoban Isroil ham qo‘lga olinganlarni ozod qilishi ko‘z tutilgandi.
Agentlikning bu xabari zamirida haqiqat bor-yo‘qligi aniq emas. Chunki HAMAS harakati Isroil okkupantlariga qarshi kurashni to‘xtatmayapti. Harakat G‘azo shimolidagi At-Tuffa va Al-Daraj kvartallarida olib borgan janglarning videosini e’lon qildi. So‘nggi 48 soat ichida Qassam mujohidlari TsAHALning ushbu kvartallarga bostirib kirgan 26 ta texnikasini ishdan chiqargan.
Davom etayotgan bombalashlar oqibatida G‘azodagi qurbonlar soni 22 mingga yaqinlashgan. Isroil agressiyasi boshlangandan buyon halok bo‘lganlar soni 21 ming 978 kishiga yetgan. Yaradorlar soni 57 ming 697 nafarni tashkil etmoqda, degan G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi. Birgina so‘nggi sutka ichida 13 marta ommaviy qirg‘in yuz bergan. 156 kishi vafot etgan, 246 kishi yaralangan.
G‘azo sektoridagi 439 ming turarjoylardan 70 foizi, qolgan binolarning 50 foizi yo to‘liq vayron qilingan yo sezilarli talafotga uchragan, deyiladi Wall Street Journal nashri hisobotida.
Vayron qilingan binolar qatorida qadimiy masjidlar, Vizantiya davrida barpo etilgan cherkovlar, shuningdek, zavodlar, turarjoy binolari, savdo markazlari, hotellar, teatrlar va maktablar bor.
Isroil bombalashlari natijasida suv ta’minoti, elektr ta’minoti va sog‘liqni saqlash infratuzilmalari ham jiddiy talafot ko‘rgan.
Isroil askarlari G‘azo sektorida tasodifan o‘zlarining 29 askarini yo‘q qilgan. Ularning 18 nafari «do‘stona o‘t ochish» natijasida o‘ldirilgan. Qolganlari tank va aviatsiya zarbalari tufayli halok bo‘lgan. Shuningdek, baxtsiz hodisalar sabab o‘lganlar ham bor.
Isroildagi xavotir
Isroil hukumati Haagadagi xalqaro jinoyat sudi mamlakatni genotsidda ayblashidan xavotirda.
Mahalliy «Haarets» nashrining yozishicha, ushbu masala bilan shug‘ullanayotgan yuqori martabali yurist TsAHAL hukumatini, jumladan bosh shtab boshlig‘i Gersi Halevini bundan ogohlantirgan. Unga ko‘ra sud Isroilga o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida buyruq berishi mumkin va Isroil bu buyruqni bajarishga majbur bo‘ladi.
Isroil armiyasi va prokuraturasi shikoyatni o‘rganishni boshlagan, tashqi ishlar vazirligida ham masala muhokama qilingan. Xalqaro huquq bo‘yicha ekspertlarning fikriga ko‘ra, jarayon Isroil tomonidan genotsid amalga oshirilayotganini tasdiqlashi mumkin. Bu esa Isroil davlatining siyosiy jihatdan izolsiyaga tushishiga, kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar joriy etilishiga olib keladi.
Shunday tahdidlarga qaramasdan, Isroil bosh vaziri G‘azodagi harbiy operatsiya yana bir necha oyga cho‘zilishi mumkinligini aytgan.
«G‘alabaga erishish ko‘proq vaqt talab qiladi. Urush ko‘p oylar cho‘zilishi mumkin. Mening siyosatim aniq — urushning barcha maqsadlariga erishmagunimizcha kurash davom etadi», – degan Netanyahu.
Isroil bosh vaziri, shuningdek, uning mamlakati «barcha frontlar»da jang olib borayotgani, Eronga qarshi «hamma joyda va barcha usullar bilan» qarshi turishini ham ta’kidlagan.
Isroil qo‘shinlarning bir qismini G‘azo sektoridan chiqarib, HAMASga qarshi aniq maqsadli operatsiyalarga urg‘u beradi.
Yaqin haftalar ichida G‘azoni beshta Isroil brigadasi tark etadi. Lekin shunga qaramasdan urushning maqsadlari o‘zgarmaydi. Gap G‘azoni HAMAS nazoratidan xalos qilish haqida bormoqda.
«Urush maqsadlariga yetishish ko‘proq davom etadigan qurolli harakatlarni taqazo etadi. Biz bunga tayyormiz»,— degan TsAHAL matbuot kotibi, kontr-admiral Daniel Hagari.
Qizil dengizdagi vaziyat
Buyuk Britaniya va AQSh Yaman husiychilariga zarba berishga tayyor — The Telegraph nashri.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh va Britaniya qo‘shma bayonot tayyorlamoqda. Bu Qizil dengizda savdo kemalariga hujum qilayotgan husiychilar manziliga so‘nggi ogohlantirish bo‘ladi.
Husiychilar ham qarab o‘tirgani yo‘q. Ular ham AQShga ogohlantirish e’lon qildi.
Yaman qurolli kuchlarining matbuot kotibi Yahyo Sariy AQShning g‘arbiy Osiyodagi harbiy bazalari xaritasini e’lon qildi.
«Bugundan boshlab sionist-amerikancha dushmanlarga qarshi murosasiz urush boshlanadi. Amerika harbiy bazalari bizning nishonimizga aylanadi», — degan Sariy.
Agar AQSh va uning g‘arblik ittifoqchilari chora ko‘rsa, Yamanning «Ansorulloh» harakati AQShning G‘arbiy Osiyodagi bazalariga raketa zarbasi berishga tayyor.
Ushbu bayonotlar fonida yamanlik husiychilarning «Ansorulloh» harakatiga tegishli harbiy kateri va AQShga tegishli kema Qizil dengizda to‘qnashgan, deb xabar berdi Sky News Arabia.
Biroq «Ansorulloh»dagi manba ushbu xabarni rad etib chiqqan.
Bungacha AQSh harbiy kemasi Qizil dengizda «Ansorulloh»ning 4 ta kateriga hujum qilgan va ulardan uchtasini yo‘q qilgan edi. 10 nafar husiychi o‘ldirilgan.
Bayden administratsiyasi mulozimlari husiychilarga qarshi urush Eronning foydasiga hal bo‘ladi, deb xavotirga tushib qolishgan.
Garchi Pentagon «Ansorulloh»ning Yamandagi bazalariga raketa va dronlar vositasida hujum qilish rejasini tayyorlagan bo‘lsa-da, Bayden hukumati bu rejaning samaradorligidan shubhalanmoqda.
Oq uyning oliy martabali mulozimlari bu hujumlar Eronning foydasiga xizmat qilishi, Yaman va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimga ta’sir qilishidan tashvishda.
Biroq Bayden hukumatidan javob zarbasi bo‘lmasligi husiychilarni yangidan yangi hujumlarga chog‘lantiradi, deyayotgan harbiylar ham bor.
Ukraina fronti
Urushni o‘rganish instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, agar Ukraina Qrimni va janubiy hududlarni ozod qila olsa, Xerson, Mikolayiv, Odessani to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdidlardan qutqargan bo‘ladi.
Tahlilchilarning fikricha, ayni paytda faqat Mariupol shahri frontdagi yagona yirik shahar bo‘lib turibdi va uni ozod qilish yuqori darajada tayyorgarlik va Ukraina mudofaa kuchlarining to‘liq safarbarligini taqozo etadi.
Bu orada Norvegiya Ukrainaga qurol-yarog‘ va mudofaa mahsulotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishga ruxsat berdi. Norvegiya shu yo‘l bilan urush bo‘layotgan davlatlarga qurol-yarog‘ sotish to‘g‘risidagi taqiqqa istisno ochdi.
Kanada esa Ukrainaga qo‘shimcha NASAMS havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib bergan. Volodimir Zelenskiy Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoga buning uchun tashakkur bildirgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy The Economist nashriga intervyu berib, bir qancha yangi bayonotlar qilgan.
«2023 yilda bizdan dunyo kutgan narsaga erisha olmadik. Biroq Putin g‘olib chiqyapti degan fikr — shunchaki aldamchi «sezgi»dan boshqa narsa emas», agar Ukraina mag‘lubiyatga uchrasa, Putin urushni G‘arb tomon yaqinlashtirib oladi. Putin hayvon singari raqibining qo‘rqishini sezadi va g‘alaba qozongan taqdirda u Yevropa Ittifoqi, NATO, erkinlik va demokratiyalaringga qo‘shib sizlarni kechki ovqatga yamlab yuboradi», — degan Zelenskiy.
Zelenskiy 2024 yilda Qrim, uning ko‘prigining yo‘q qilinishi va Qora dengizdagi urushlar asosiy vazifa bo‘lishini ta’kidladi.
«Bizning yaqin maqsadlarimiz Sharqni himoya qilish, Xarkiv, Dnipro, Zaporijjya, Xerson va Mikolayivni qutqarish», — degan Zelenskiy.
U Rossiyadan sulh muzokaralari uchun hech qanday fundamental qadam bo‘lmayotganini ta’kidlagan. Agar Rossiya ayrim G‘arb ommaviy axborot vositalari xabar qilayotganidek, to‘qnashuvni muzlatish istagi to‘g‘risida signal jo‘natayotgan bo‘lsa, bu ularning odilligi uchun emas, ularda raketa, o‘q-dorilar va tayyorgarlik ko‘rgan qo‘shinlar yetishmayotganidan bo‘ladi, degan Zelenskiy.
Shimoliy Koreyadan tahdid
Shimoliy Koreya rahbari Kim Jong In mehnat patriyasi markaziy qo‘mitasi yig‘ilishida chiqish qilib, armiya Janubiy Koreyaning butun hududini bosib olish uchun to‘xtovsiz tayyorlanishi kerakligini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra tomonlar o‘rtasida yadroviy mojaro chiqqan taqdirda, armiya butun kuchlarni, jumladan yadroviy qurollarni ham safarbar qilishga tayyor bo‘lishi kerak.
«Koreya xalq armiyasi yadroviy krizis holat paydo bo‘lganida zudlik bilan harakat qilish hamda barcha kuch va vositalar, jumladan yadroviy qurolli kuchlarni safarbar qilib, Janubiy Koreyaning butun hududini egallashdek yirik voqeaga to‘xtovsiz impuls berishi kerak», — degan Kim Jong In.
Avgust oyida Kim Jong In KXDR armiyasining hujumkor qilib tayyorlanayotgani haqida chiqish qilgandi. Sentyabr oyi boshlarida Shimoliy Koreya yadroviy qurolga ega yangi suvosti kemasini suvga tushirgan edi.
Janubiy Koreyada siyosatchiga hujum
Shimoldan tahdid bo‘lib turganida janubliklar o‘z siyosatchilarini yo‘q qilish bilan band.
Pusanda Janubiy Koreya muxolifati yetakchisiga hujum qilindi. Demokratik partiya yetakchisi Li Je Myung jurnalistlar bilan muloqot qilib turgan vaqtda hujumga uchradi. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olingan. Siyosatchining ahvoli barqaror ekani aytilmoqda.
Li Je Myung 2022 yilgi prezidentlik saylovida ishtirok etib, 47,83 foiz ovoz to‘plagan edi. Konservatorlar partiyasi vakili bo‘lgan Yun Sok Yol esa 48,56 foiz ovoz bilan prezidentga aylangandi.
Istanbuldagi miting
Turkiyaning Istanbul shahrida Falastin bilan birdamlikka bag‘ishlangan keng ko‘lamli aksiya o‘tkazildi. Aksiyada kamida 250 ming odam ishtirok etgan.
2024 yilning dastlkabki kunida o‘tkazilgan ommaviy marsh «Falastinga qo‘llov, jabrdiydalarga rahm» shiori ostida o‘tkazilgan va Isroil terrori qoralangan.
Aksiya doirasida o‘n minglab odamlar Galata ko‘prigidan yurish qilishgan. Tadbir Turkiya yoshlar fondi — TÜGVA shafeligida, milliy iroda platformasi hamda 300 dan ziyod nodavlat tashkilotlari ishtirokida o‘tkazilgan.
BRICS kengaymoqda
1 yanvardan Eron BRICS’ning to‘laqonli a’zosiga aylandi. Bu haqda Eron tashqi ishlar vazirligining vakili Nosir Kanoniy aytib o‘tgan.
Erondan tashqari, tashkilotga 1 yanvardan Misr, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Efiopiya ham a’zo bo‘lgan va a’zolar soni 10 ta davlatga yetgan.
Tashkilot yanada kengayishi mumkin. Venesuela ham Rossiya, Xitoy, Braziliya, Hindiston va JAR tomonidan ta’sis etilgan ushbu iqtisodiy blokka 2024 yil davomida a’zo bo‘lishni maqsad qilganini ta’kidlagan edi.
Avvalroq Argentinaning yangi prezidenti Xaviyer Miley avvalgi ma’muriyat BRICSʼga a’zo bo‘lish uchun bergan arizani qaytarib olishini ma’lum qilgan edi.
Mavzuga oid
14:41 / 17.06.2026
G7'da ko‘tarilgan masalalar va Rossiya neft sanoatini nishonga olayotgan Ukraina – kun dayjesti
15:42 / 16.06.2026
AQSh va Rossiyada bombardimonchilar quladi, Shvetsiyada muhojirlar uchun yangi tartib – kun dayjesti
13:51 / 15.06.2026
AQSh-Eron dastlabki kelishuvi va Britaniya qo‘lga olgan Rossiya tankeri – kun dayjesti
14:40 / 12.06.2026