O‘zbekiston | 17:39 / 16.01.2024
11090
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘ka tumanida hokim o‘zgardi

Baxtiyor Begmatov Bo‘ka tumani hokimi lavozimiga tayinlandi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hokimi Nizomiddin Abbosov sog‘ligi yomonlashgani tufayli o‘z arizasiga binoan lavozimidan ozod etilgan. Bu haqda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirokidagi sessiyada ma’lum qilindi.

Viloyat hokimi tuman hokimi lavozimiga Baxtiyor Paxriddinovich Begmatov nomzodini tavsiya etdi. Xalq deputatlari Bo‘ka tumani Kengashi ushbu nomzodni tumanning yangi hokimi etib tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

B.Begmatov 1976 yili Toshkent viloyati Parkent tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 1998 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, 2001 yil prezident huzuridagi davlat va jamoat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

U faoliyati davomida Nurafshon shahri hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, Toshkent viloyati Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Tayinlovga qadar Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari - mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Muqaddam Xalq banki boshqaruvi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Nizomiddin Abbosov Bo‘ka tumaniga 2020 yil fevralidan buyon rahbarlik qilib kelayotgandi.

Nizomiddin Abbosov

Mavzuga oid