Jahon | 21:17 / 18.01.2024
21121
7 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqdagi mojaro kengaymoqda. Pokiston Eron bo‘ylab javob zarbalari yo‘lladi

Pokiston Eronning janubi-sharqidagi Seyiston va Belujiston viloyatlari bo‘ylab raketa zarbalari yo‘lladi, rasmiy Islomobod ushbu hududlarda terrorchilar joylashganini da’vo qilgan. To‘qqiz kishi zarbalar qurboniga aylangan.

Foto: IRNA Agency

Pokistonning hujumi seshanba kuni Eron tomonidan yo‘llangan raketa zarbalariga javob bo‘ldi. O‘sha kuni Eron Iroq va Suriyada ham qator nishonlarga zarba bergandi.

Eron televideniyesi xabar berishicha, payshanba kungi zarba oqibatida ikki erkak, uch ayol va to‘rt bola halok bo‘lgan.

Eron va Pokiston o‘rtasida raketa zarbalari almashinuvi Yaqin Sharqdagi umumiy keskinlik kuchayishi fonida ro‘y bermoqda.

Isroil G‘azo sektorida HAMASga qarshi amaliyotini davom ettirmoqda va o‘zining shimoliy chegaralariga Livandagi «Hizbulloh» tomonidan qilingan hujumlarni qaytarmoqda.

Bu vaqtda Iroq va Suriyadagi eronparast guruhlar ushbu mamlakatlarga joylashtirilgan amerikalik harbiylarga hujum qilmoqda. AQSh va Buyuk Britaniya esa Yamandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan hamda Qizil dengizdagi xalqaro savdo yo‘llarini xavf ostida qoldirgan husiychilarga zarbalar yo‘llamoqda.

Eron va Pokiston azaldan bir-birini ikki mamlakat chegarasi atrofida harakat qiluvchi radikal guruhlarga boshpana berishda ayblab keladi.

Payshanba kuni Pokiston TIV rahbari Eron hududi o‘qqa tutilganini tasdiqladi. Vazirlikka ko‘ra, mamlakat hukumati Eronda yashiringan, kelib chiqishiga ko‘ra «pokistonlik jangarilar tomonidan Pokistonda keng ko‘lamli terrorchilik amaliyoti rejalashtirilgani haqida ishonchli ma’lumot»ga asoslangan holda harakat qilgan.

Shu bilan birga, Islomobod zarbalar zarbalar faqat terrorchilarga qarshi qaratilgani va aniq yo‘llangani, Pokiston hukumati «Eron Islom Respublikasining suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishi» qayd etilgan.

Pokiston qo‘mondonligi zarbalar dronlar va katta masofaga harakatlanuvchi raketalar orqali yo‘llanganini bildirgan.

Zarbalar nishoni Belujiston ozodlik armiyasi hamda Belujiston ozodligi fronti guruhlari bo‘lgan — bular Pokiston va boshqa qator mamlakatlarda terrorchi deb tan olingan tashkilotlar hisoblanadi. Bu guruhlar bir necha o‘n yillardan buyon Pokistonning janubi-g‘arbidagi Belujiston viloyatiga muxtoriyat berilishi uchun kurashib keladi.

Eronning raketa zarbasidan keyin Pokistonning ko‘plab shaharlarida Eronga qarshi namoyishlar o‘tkazilgandi. Foto: AFP

Javob zarbasi

15 yanvar kuni Eron Iroq va Suriyadagi nishonlarga zarbalar yo‘llagan, rasmiy Tehron bayonotida zarbalar IShID jangarilari boshpanalari, shuningdek Isroil razvedka xizmati «Mossad» josuslari joylashgan manzillar bo‘ylab berilgani aytilgandi.

Eron «Mossad»ni yanvar oyi boshida Kirmon shahrida 84 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan portlashlarga aloqador deb hisoblaydi.

16 yanvar kuni esa Eron qo‘shni Pokiston hududiga ham dronlar va raketalar bilan zarba berdi. Tehrondagi davlat nashrlari bu hududda Eronga qarshi bo‘lgan yarim harbiylashtirilgan sunniy «Jaysh al-Adl» guruhining ikki shtabi nishonga olinganini ma’lum qilgan.

Nournews nashri aniqlik kiritishicha, bu bazalar Eron bilan chegaradagi Belujiston viloyatida joylashgan.

Avvalroq Eron rasmiylari «Jyeysh al-Adl» guruhi chegara hududlarida eronlik harbiylarga hujumlar uyushtirgani haqida xabar bergandi. Tehron mazkur guruhni terrorchi guruh deb biladi.

Pokiston hukumati Eronning harakatlarini noqonuniy deb atadi va zarba oqibatida ikki bola halok bo‘lib, yana uch kishi jarohatlanganini ma’lum qildi. Pokiston tashqi ishlar vazirligiga Eronning harbiy attashesi chaqirtirilib, unga «mamlakat havo kengligi asossiz va noqonuniy buzib o‘tilgani» yuzasidan protest topshirildi.

«Zarba oqibatida begunoh ikki bola halok bo‘lib, uch qizaloq yaralandi. Bu Pokiston suverenitetining mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan buzilishi bo‘lib, jiddiy oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin», – deyilgandi vazirlik xabarida.

«Yanada xavotirlisi shundaki, Pokiston va Eron o‘rtasida ko‘plab aloqa kanallari borligiga qaramay bu noqonuniy akt sodir bo‘ldi. Pokiston doimo terrorizm – butun mintaqa uchun umumiy xavf ekanini ta’kidlab, muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab etishini aytib keladi. Bu kabi bir tomonlama harakatlar yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga to‘g‘ri kelmaydi va ikki tomonlama ishonchga putur yetkazishi mumkin», – deya qo‘shimcha qilgandi vazirlik.

Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi mashg‘ulotlaridan. Foto: AFP

Endi nima bo‘ladi?

Tahlilchilar fikricha, Pokistonning javobi ikki xil oqibatga ega bo‘lishi mumkin: Eron bo‘ylab zarba yoki butun mintaqadagi yanada katta eskalatsiyaga olib keladi, yoki Tehronni qo‘shni mamlakat bilan munosabatlarda tajovuzkor harakatlardan tiyilishga majbur qiladi.

«Eron to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumlar yo‘llab va o‘z ta’siridagi josuslardan foydalanib butun mintaqa bo‘ylab yurish qilayotgan vaqtda Islomobodda vaziyatni to‘xtatish uchun yaxshi sabab paydo bo‘ldi. Agar Pokiston javob qaytarmaganida, u navbatdagi hujumlar xavfi ostida qolardi», — deb hisoblaydi Vilson markazi Janubiy Osiyo bo‘limi rahbari Maykl Kugelman.

Ko‘plab ekspertlar fikricha Pokiston hukumati fevral oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlar arafasida turgani uchun ham javob zarbalari berishga majbur edi.

Bu mamlakatdagi vaziyat ikki yil muqaddam bosh vazir Imron Xon korrupsiyada ayblanib, hokimiyatdan chetlatilganidan keyin beqarorlashgandi.

«Hukumatga jamoatchilikdan kuchli bosim bor. Odamlar qat’iy choralarni talab qilmoqda va shunday ham qilindi. Hukumat qurol yalang‘ochlashda Erondan qolishmasligini isbotlashi kerak edi», — deydi Pokistonning sobiq mudofaa vaziri, iste’fodagi general-leytenant Asif Yasin.

Uning fikricha, buyog‘iga zarbalar almashinuvi davom etmaydi, Pokiston va Eron yaqin vaqtlar ichida muloqotni tiklashi mumkin.

Mavzuga oid