Jahon | 15:33 / 19.01.2024
20243
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi «Vatandosh» o‘zbek jamiyati rahbari ustidan jinoiy ish ochildi

Moskvada o‘zbek jamiyati rahbari qo‘lga olindi, u tuxum narxlari to‘g‘risida kinoyali post yozgandi. Rossiyalik harbiy muxbirlar unda Ukrainadagi urush ishtirokchilariga nisbatan haqorat ko‘rishgan va Bastrikinga murojaat etishgan.

Foto: baratovusman / Instagram

«Vatandosh» o‘zbek jamiyatining Rossiyadagi mintaqalaro bo‘limi rahbari Usmon Baratovga nisbatan nafrat va dushmanlik uyg‘otish moddasi bo‘yicha ish ochilgan. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi xabar bermoqda.

Ish ochilishiga Baratovning «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida qo‘ygan posti sabab bo‘lgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Rossiya Dumasi spikeri Vyacheslav Volodinning tuxum haqida iqtiboslari keltirilgan o‘sha postga «xo‘rozni frontdan qaytarish» to‘g‘risida mem ilova qilingan.

Putin o‘tgan yil yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan «Pryamaya liniya» onlayn muloqotida tuxum taqchilligi haqida hazilomuz fikr bildirgandi. Keyinroq shunga o‘xshash gapni Volodin ham takrorladi. Baratov bu gaplarga ilova qilgan memda pati to‘kilgan tovuq «Sizga tuxum emas, yog‘liqqina bir balo bo‘lsin! Xo‘rozlarni frontdan qaytaring» deb turgani aks etgan.

17 dekabrda yozilgan bu post urush targ‘ibotchilari bo‘lgan rossiyalik blogerlar g‘azabiga sabab bo‘lib, uni urushda qatnashayotgan rossiyalik harbiylarni kamsitish deb qabul qilishdi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Baratovga nisbatan «maxsus harbiy amaliyot» (Rossiyada urushni shunday atashadi) ishtirokchilarini haqorat qilish ayblovi bo‘yicha ish ochishga topshiriq bergan.

Usmon Baratovning bu harakatini Rossiyadagi boshqa o‘zbek jamiyatlari, masalan «Rossiya o‘zbeklari» jamiyati qoralab chiqqan. Tergov qo‘mitasi xabarida aytilishicha, Usmon Baratovni tergov qilish uchun Moskvadagi bo‘linmaga olib ketishgan.

Urushni faol targ‘ib qiluvchi «Tsargrad» nashriga ko‘ra, Baratov o‘sha postini o‘zi yozmagani, akkauntini buzib kirishganini aytib o‘zini oqlamoqchi bo‘lgan. Keyin «vatanparvarlik ruhidagi» postlar qoldirgan. Ammo rossiyalik bloger Sergey Kolyasnikov Baratov bungacha ham Rossiyaga qarshi yozgan postlarni erinmay sanab chiqqan. «Yoki bu postlarni ham kimdir uning sahifasini buzib kirib yozganmi?» deb savol qo‘ygan «Tsargrad» bu haqda.

Baratov kim o‘zi?

Ayni vaqtda 66 yoshda bo‘lgan Usmon Baratov Rossiya fuqarosi bo‘lib, Moskva oblastida yashaydi. Bolaligida Farg‘onadagi rus maktabda o‘qigan. Afg‘on urushi faxriysi, Rossiya Davlat dumasi yettinchi chaqirig‘i saylovlarida ishtirok etgan.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid