O‘zbekiston | 17:27 / 25.01.2024
15295
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda kanatli jamoat transporti paydo bo‘lishi mumkin

Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkentda dor yo‘li transporti yo‘lga qo‘yiladi. Bu bo‘yicha ikki tomonlama investitsiya shartnomasi imzolandi. Kanatli taksilarni yo‘lga qo‘yish borasidagi loyiha jamoatchilikka oldindan taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

23 yanvar kuni Xitoyning Shenchjyen shahrida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiligidagi delegatsiya «Beijing North Bartholet Ropeway Technology» kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. Poytaxt hokimligining xabar berishicha, uchrashuvda «yashil» jamoat transportini rivojlantirish dasturlariga ham to‘xtalib o‘tilgan.

Uchrashuvda «Toshkent invest kompaniyasi» va «Beijing North Bartholet Ropeway Technology» o‘rtasida investitsiya shartnomasi imzolangan.

Ta’kidlanishicha, Xitoy kompaniyasi Toshkent shahrida kanatli jamoat transportini yo‘lga qo‘yishda ishtirok etadi.

Hokimlik e’lon qilgan suratlarda dor yo‘lining Toshkent shahri «Mahtumquli» ko‘chasidan Yangi O‘zbekiston bog‘i tomon qadar qurilganini ko‘rish mumkin. Dor yo‘lida yo‘lovchilarga 10 kishini sig‘dira oladigan kabinalar xizmat qilishi ham keltirilgan.

Bu boradagi loyiha yer usti transportini kanatli taksilar bilan dublyor takrorlashga qaratilgan bo‘lib, jamoatchilikka oldindan taqdim etilishi rejalashtirilgan. Jamoatchilik tavsiyalari va takliflari Xitoy kompaniyasi loyiha ofisiga yuborilishi kutilmoqda.

Kompaniya loyihaning xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilishini va operatsion boshqaruvini ta’minlashi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, uchrashuvda kompaniya mutaxassislari tomonidan shahar rivoji, aeroport va Expo markazining ishga tushirilishi, shuningdek, bo‘lajak xalqaro tadbirlarni hisobga olgan holda transport holatini o‘rganish asosida taklif etilgan loyihalar namunalari ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid