O‘zbekiston | 14:54 / 31.01.2024
2389
2 daqiqa o‘qiladi

112 ta sanoat korxonasi hududida “yashil belbog‘” barpo etiladi 

Mazkur “yashil belbog‘”larga 2,1 mln tup ko‘chat o‘tqazish rejalashtirilmoqda. Yil yakunigacha respublikada yashil bog‘lar soni 444 taga yetkaziladi.

Foto: Kun.uz

2024 yilgi davlat dasturi loyihasida suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishi bo‘yicha qator amaliy tadbirlar belgilanmoqda.

Qayd etilishicha, joriy yildan boshlab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili kamida 200 mln tup manzarali va mevali daraxt hamda butalar ko‘chatlarini, qalamchalarini ekish ko‘zda tutilmoqda. 2024 yil yakuniga qadar yashil bog‘lar soni 444 taga yetkaziladi.

Ekologiya yo‘nalishida 2024 yilda amalga oshirilishi belgilangan asosiy tadbirlar:

  • 112 ta yirik sanoat korxonasi hududida va unga tutash hududlarda 2,1 mln tup ko‘chatdan iborat “yashil belbog‘”lar barpo etiladi;
  • respublikada o‘rmon bilan qoplangan maydonlarni 3,65 mln gektarga (8,1 foizga) yetkazish choralari ko‘riladi;
  • yerlarni eroziyadan va melioratsiya obektlarini qum ko‘chishidan saqlash uchun ihota daraxtzorlari 15 014 gektarga yetkaziladi;
  • o‘rmon xo‘jaliklarida nihol va ko‘chatlar yetishtirish 112 mln tupga yetkaziladi hamda daraxt va buta urug‘larini tayyorlash 688 tonnaga oshiriladi;
  • iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmi 1,5 foizga qisqartiriladi;
  • 93 ta sanoat korxonasida lokal oqova tozalash inshootlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi;
  • 14 ta hududda qarovsiz hayvonlarni saqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi pitomniklar yaratiladi.

Oldinroq prezident rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda yil yakuniga qadar 112 ta yirik sanoat korxonasi va barcha sement ishlab chiqaruvchilarda zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatish va eskilarini almashtirish, havoga chang tashlash darajasi yuqori bo‘lgan korxonalarda filtrlarni yangilash muhimligi ta’kidlangandi.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid