O‘zbekiston | 09:40 / 02.02.2024
8876
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda 4 yoshli o‘g‘lini urgan ota 10 sutkaga qamaldi

42 yoshli ota haqorat qilish va oilaviy zo‘ravonlik huquqbuzarliklarini sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Foto: Videodan kadr

Termiz shahrida voyaga yetmagan bolasiga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan erkak ma’muriy qamoq jazosiga tortildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati sudi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 1 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudida 4 yoshli o‘g‘lini urgan, 1981 yilda tug‘ilgan A.E.ga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan. U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (haqorat qilish) va 59-2-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Erkakka sud qarori bilan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda mazkur 42 yoshli erkak yosh farzandini urib, shafqatsiz munosabatda bo‘layotgani tasvirlangan video tarqalgandi. Bosh prokuraturaning rasmiy bayonotiga ko‘ra, erkak o‘g‘lini har kuni do‘konga olib borishini va turli xil shirinlik hamda o‘yinchoqlar olib berishini so‘raganligi uchun qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilib, yengil tan jarohati yetkazgan.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid