O‘zbekiston | 15:27 / 08.02.2024
19031
3 daqiqa o‘qiladi

«Toshshahartransxizmat» rahbari ishdan ketgan. U hibsga olingani aytilmoqda

«Toshshahartransxizmat» AJ raisi ishdan olingan. Bir vaqtni o‘zida Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i lavozimini ham egallab kelgan Anvar Jo‘rayev jinoyat sodir qilishda gumonlanib, tergovga jalb qilingani aytilmoqda.

Anvar Jo‘rayev

«Toshshahartransxizmat» AJ raisi sifatida ishlab kelayotgan va bir vaqtning o‘zida Transport vazirligi Toshkent shahar bosh boshqarmasi boshlig‘i hisoblangan Anvar Jo‘rayev ishdan ketgan va hibsga olingan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Kun.uz’ning bir biridan mustaqil ikki manbasi xabar berdi.

Kun.uz muxbirining vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida «Toshshahartransxizmat» AJ hamda Transport vazirligi matbuot xizmatlari bilan bog‘lanishga urinishlari besamar ketdi. Ayni paytda Anvar Jo‘rayevning mobil telefoniga ham tushib bo‘lmayapti.

Toshkent shahar hokimiyati axborot xizmati esa holatdan bexabar ekanini aytdi. Lekin saytning hokimiyatdagi boshqa bir manbasi Jo‘rayev hibs olinganini, ishi tergovda ekanini tasdiqladi.

AJ matbuot kotibi Muslima Obidova 7 fevral sanasida tahririyatning boshqa masaladagi so‘roviga Anvar Jo‘rayevning Transport bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ketgani, hozirda hududiy tuzilmada faqat boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Olloyor Norbo‘tayev ishlayotganini ma’lum qilgandi.

Tahririyatning Transport vazirligidagi rasmiy manbasi buni tasdiqladi. Jo‘rayev Toshkent shahar transport va yo‘l transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan yanvar oyida bo‘shagan. Ammo bosh boshqarmaning rasmiy saytida Jo‘rayev boshliq lavozimida turganini ko‘rish mumkin.

  • Eslatib o‘tamiz, 29 yanvar kuni prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda transport sohasining bir qator mansabdorlari, xususan, Anvar Jo‘rayevga hayfsan va so‘nggi ogohlantirish berilgandi. Davlat rahbari Toshkent shahrida tirbandlikni kamaytirish va jamoat transportini yaxshilashdagi kamchiliklarni birma-bir sanab, mutasaddilarning bu boradagi ishlari qoniqarsiz ekanini qayd etgandi.
  • Ma’lumot uchun, Anvar Jo‘rayev 2017-2018 yillarda «Toshshahartransxizmat» raisi bo‘lgan, biroz muddat ishdan olinib, 2019 yilda yana shu lavozimga qaytarilgan.

Mavzuga oid