Qamaldagi G‘azo, husiychilarga hujum va Ukraina urushidagi yo‘qotishlar - kun dayjesti
Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Rafah shahriga hujum kechiktirib turilishi mumkinligini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, agar garovdagi asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishilsa, 1,5 million g‘azoliklarga boshpana bo‘lib turgan sektor janubidagi Rafah shahriga hujum uyushtirish ortga surilishi mumkin.
Isroil garovdagilar to‘liq ozod qilingan taqdirda ham urushni to‘xtatmoqchi emas. Ular o‘z oldlariga HAMAS harakatini to‘liq tugatishni maqsad qilib qo‘yishgan. Buni juda yaxshi anglab turgan hamaschilar garovda ushlab turilgan isroillik fuqarolarni qaytarishni paysalga solishmoqda.
Toki Isroil urushni uzil-kesil to‘xtatishga qaror qilmasa, G‘azoga insonparvarlik yuklari kirishiga ruxsat bermasa, G‘azoda tinchlik o‘rnatilmaydi.
Mana bu videoda falastinlik o‘smirlar G‘azo va Misr chegarasida misrlik harbiylarning sabrini sinayotganini ko‘rishingiz mumkin. Chegaradagi vaziyat juda og‘ir, to‘qnashuvlar ro‘y berish ehtimoli juda yuqori.
BMT 23 yanvardan buyon G‘azoning shimoliga insonparvarlik yordamlarini yetkaza olmayapti. BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha Yaqin Sharqdagi agentligi so‘nggi marta 23 yanvar kuni G‘azo shimoliga oziq-ovqatlar olib borganini aytgan bosh komissar Filipp Lazzarini G‘azo shimolida 400 ming odam qamalda qolayotgani va ularga ocharchilik tahdid solayotganini aytib o‘tgan.
Isroil bugun G‘azodagi genotsidni bas qilish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida hisobot taqdim etishi kerak.
26 fevral kuni BMT Xalqaro sudining Janubiy Afrika Respublikasi da’vo arizasiga ko‘ra, Isroil tomonidan G‘azo sektorida falastinliklarni genotsid qilishning oldini olishga qarshi qaratilgan choralar uchun ajratilgan bir oylik muddat tugaydi.
Isroil o‘zining G‘azodagi yerusti operatsiyasini o‘tkazishi asnosida 473 ta Merkava tanklaridan ayrilgan. Yana 27 ta tank Livan bilan chegarada «Hizbulloh» harakati tomonidan yo‘q qilingan. Isroil armiyasining ishdan chiqarilgan tanklari 500 taga yetgan.
Qizil dengizdagi vaziyat
AQSh va Buyuk Britaniya husiychilar nazorati ostida bo‘lgan Yaman poytaxtiga hujum uyushtirgan.
Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinayotgan, sunniy hukumatga qarshi bo‘lgan shia isyonchi-husiychilarning «Ansorulloh» harakati nazorati ostida bo‘lgan Yaman poytaxti Sano shahriga AQSh va Buyuk Britaniya aviazarbalar bergan.
Nishonga olingan obektlar orasida husiychilarning yerosti qurol-yarog‘ omborlari, raketalar joylashtirilgan omborlar, uchirishga tayyorlangan dronlar, havo hujumidan mudofaa tizimlari va radar qurilmalari borligi iddao qilinmoqda.
AQSh va Buyuk Britaniya husiychilarning Qizil dengizda hech to‘xtamayotgan hujumlariga javoban jami 22 ta aviazarba bergani xabar qilinmoqda. Husiychilar bilan bog‘liq SABA axborot agentligi xabariga ko‘ra, mamlakat janubiy-g‘arbiy qismidagi Toiz shahridagi aloqa liniyalari uch marta hujumga duchor bo‘lgan.
Husiychilar nazorati ostidagi poytaxt Sano shahri va uning yon tarafiga 17 marta aviazarbalar berilgan. Ikkita aviazarba esa mamlakatning shimoliy-g‘arbiy qismidagi Haja shahriga berilgan.
Al Jazeera telekanalining xabar berishicha, husiychilarning «Ansorulloh» harakatiga 200 ming yangi askarlar qo‘shilgan va husiychilar armiyasining umumiy soni 500 mingga yetgan. Falastinning «Qarshilik o‘qi» tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi «Ansorulloh» guruhini musulmon olamida juda mashhur qilib yubordi.
Ukrainadagi urush
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy jurnalistlar oldida chiqish qilib, Ukrainaning kuzgi qarshi hujumi hali boshlanmasdan turib, Kreml uning rejasini qo‘lga kiritganini aytib o‘tgan. Shuningdek, Zelenskiy yangi qarshi hujum rejasi borligini ham ochiqlagan.
«Asosiysi rejaga ega bo‘lish va bu reja mavjud. Men uning tafsilotlarini ochiqlay olmayman: Ukraina armiyasining rejalaridan qanchalik kam odam xabardor bo‘lsa, zafarga tezroq erishiladi va Rossiyaliklar uchun kutilmagan natija olib keladi.
Ochiq aytishim kerak, o‘tgan yilgi qarshi hujumimiz rejasi hali u boshlanmasidan turib Kremldagi stolda bo‘lgan», – degan Ukraina prezidenti.
Zelenskiy ikki yillik urushda Ukraina armiyasining yo‘qotishlarini ham ochiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng ikki yil ichida 31 ming ukrainalik askarlar halok bo‘lgan.
Zelenskiy yarador bo‘lganlar va bedarak yo‘qolganlar sonini ochiqlamadi.
«Men qancha odamimiz yarador bo‘lganini aytmayman, chunki Rossiya jang maydonlarini qancha odamimiz tark etganini bilib oladi», — degan u. Zelenskiy shuningdek, ayni damda frontda Ukraina qurolli kuchlari va Rossiya armiyasining son jihatdan nisbati 1 ga 7 ekanini ta’kidlab o‘tgan.
Shuningdek, ayni paytda Ukrainaning 28 mingga yaqin fuqarolari Rossiyada asirlikka tushgani ma’lum qilingan.
Rossiyaning yo‘qotishlari
Ikki yillik urush davrida Rossiyaning Ukrainada kamida 75 ming askari halok bo‘lgan. Ma’lumotlar 2022 yilning 24 fevralidan 2024 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan davrni qamrab olgan va meros ishlari hamda nekrologlarga qarab mustaqil jurnalistlar tomonidan aniq hisoblab chiqilgan.
2023 yilda jangovar harakatlar boshi berk ko‘chaga kirib qolgani, tomonlarning hech birida aytarli natija bo‘lmaganiga qaramasdan, yo‘qotishlar sur’ati oshgan. So‘nggi yarim yil ichida Rossiyaning yo‘qotishlari kuniga o‘rtacha 120 askarga teng bo‘lmoqda. Agar bu sur’at so‘nggi yurishlargacha saqlanib qolgan bo‘lsa, Rossiyaning yo‘qotishlari 83 mingga yetgan bo‘lishi mumkin.
Raqamlar 2023 yilning yanvar-mart oylarida — Baxmut uchun janglar chog‘ida maksimum ko‘rsatkichlarga yetgan. O‘shanda haftasiga 2 mingga yaqin askarlar, asosan sobiq mahbuslar halok bo‘lgan. Shuningdek, yaqindagina Rossiya armiyasi tomonidan bosib olingan Avdiyivka uchun janglar ham katta yo‘qotishlarga sabab bo‘lgan.
2023 yil davomida qurbonlar soni 2 barobarga o‘sgan. Agar 2022 yilda 24 ming rossiyalik askar halok bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilda bu raqami 50 mingni tashkil etgan. Ularning orasida 22 ming shartnoma asosida xizmatga yollanganlar, 19 ming mahbuslar va 16 ming safarbarlik chaqiruvidan kelganlar bor. Ikki yil ichida yarador bo‘lganlarning taxminiy soni 130 mingdan iborat.
75 ming bu — askarning o‘lgani hujjatlar asosida aniq tasdiqlangan holatlar. Aslida raqam bundan kattaroq bo‘lishi mumkin.
Donald Trampning rejalari
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tgandan so‘ng Ukrainadagi urushni hal qiluvchi onlariga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi.
Kiyev yaqin muddat uchun jangovar harakatlar olib borishning rejasini tayyorlaydi, biroq AQSh prezidentligi saylovi natijalarini ham kutishga qaror qilgan. «O‘sha ondan boshlab keyin nima bo‘lishini tushunib olamiz», — degan u matbuot anjumanida.
Bungacha Ukraina yetakchisi Minsk kelishuvlariga o‘xshash bitim imzolab mojaroni muzlatib qo‘yish taklifini keskin rad etgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev 2014 yildan buyon muzlatilgan mojaro sharoitida yashagan va ortiq bunday tartibga solishga ishonmaydi. Chunki gap «Ukrainaning hududida ham emas, xavfsizligi haqida bormoqda».
Bu orada navbatdagi saylovlarga puxta tayyorgarlik ko‘rayotgan AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp agar saylovda g‘alaba qozonsa Ukrainani Rossiya bilan sulh muzokaralari olib borishga majburlashni rejalashtirayotganini aytgan, deb xabar beradi Bloomberg o‘z manbalariga tayanib.
Nashr manbalarining so‘zlariga ko‘ra, Tramp komandasi saylovda g‘alaba qozonilganidan so‘ng hayallamasdan Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy o‘rtasida sulh sammiti o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqadi. Kiyevni majburlash uchun Tramp harbiy yordamni qisqartirish bilan, Putinni ko‘ndirish uchun, aksincha, Ukrainaga harbiy yordamni oshirish bilan tahdid qilishni ko‘ngliga tugib qo‘ygan.
Lukashenko yana saylanmoqchi
Belarusni 30 yildan beri boshqarib kelayotgan va shu paytgacha olti marta prezidentlik saylovlarida qatnashgan Aleksandr Lukashenko 2025 yilda mamlakatda o‘tkaziladigan navbatdagi prezidentlik saylovida yana ishtirok etishini ta’kidladi.
Lukashenkoning qayd etishicha, G‘arb davlatlari Belarus jamiyatiga bosimni qanchalik oshirsa, u saylovda yana ishtirok etish qat’iyatini shunchalik oshirib boraveradi.
Yettinchi marta saylanishga hozirlik ko‘rayotgan Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, «dunyoning hech bir joyida Belarusdagi kabi ochiq va adolatli saylovlar yo‘q».
Qayd etib o‘tish kerak, o‘tgan yakshanbada Belarusda yagona saylov kuni o‘tkazildi va unda mamlakat parlamenti va mahalliy kengashlarga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Saylov natijalaridan so‘ng mamlakat parlamentining quyi palatasi to‘liq shakllantirilgani e’lon qilindi.
Mavzuga oid
14:13 / 09.11.2024
G‘azodagi harbiy jinoyatlar, NATOdan Ukrainaga yangi yordam va G‘arbni ochko‘zlikda ayblagan Putin - kun dayjesti
15:34 / 08.11.2024
G‘azodagi kasalxonalarga hujum, husiychilarning ogohlantirishi va Trampdan umid qilayotgan Gurjiston - kun dayjesti
13:12 / 07.11.2024
Livan qishlog‘iga hujum, Tramp g‘alabasidan xursand Isroil vazirlari va Germaniyada parchalangan koalitsiya - kun dayjesti
14:30 / 06.11.2024