Jamiyat | 12:16 / 27.02.2024
38165
14 daqiqa o‘qiladi

“Nafsimga qul bo‘lganman” – sobiq soliqchining tazarrulari (Hayotiy hikoya)

“Ho‘l meva rastasining “dolya”sini olib kelgan yigit pullarni qo‘limga bergan zahoti xonamga uch kishi yugurib kirdi. Yuragim shuv etib ketdi. Ular pullardagi belgini ko‘rsatib, qo‘limga kishan taqishdi. O‘sha paytda otam chiqarib oladi degan ishonchda bo‘lganim uchun xotirjam edim. Biroq bir necha kundan so‘ng advokatimdan bildim, meni chiqarib olishga otamning “kuchi” yetmabdi. Shu bilan qamalib ketdim”.

Foto: Kun.uz

“Hayotiy hikoyalar” ruknida berilayotgan navbatdagi hikoyamiz qahramoni bir paytlar poytaxtdagi yirik bozorlardan birida soliqchi bo‘lib ishlagan.

Elektron pochtamga yuborgan maktubida u soliqchi bo‘lib ishlagan paytlarida haromdan, birovning haqidan hazar qilmaganini, oxir-oqibat ishdan quvilib, qamalib chiqqanini yozibdi.

“O‘ziga tinch, yaxshi oilada o‘sib ulg‘aydim. Otam sovet davrida yaxshi amal egasi bo‘lgani uchun yoshligimizda umuman qiyinchilik ko‘rmay o‘sdik.

Maktabni bitirgan paytimda hali Afg‘onistonda harbiy harakatlar davom etayotgan edi. Otam o‘g‘limni urushga olib ketib qolishmasin deb meni darrov o‘qishga joylab qo‘ydi.

Iqtisodiyot sohasida tahsil olayotgan paytimda baribir armiyaga chaqirishdi. Shunda otam yana jonimga ora kirdi va tanishlarini aralashtirib, meni Afg‘onga ketishdan asrab qoldi.

Keyinchalik, o‘shanda otam meni urushdan olib qolish uchun bitta Jigulini pulini berganini eshitganman. Yillar o‘tgach, boshimga sinovlar tushgan paytda, sovet davrida ham poraxo‘rlik bo‘lgan ekan-da deb o‘yladim.

Demak, Moskvaning o‘zbeklarni poraxo‘rlikda ayblab “desant” yuborgani bejizga emas ekan-da. Keyinchalik tushundimki, sovet davrida bir O‘zbekistonda emas, ittifoqning barcha hududida poraxo‘rlik bo‘lgan. Biroq Moskva bor alamini O‘zbekistondan olgan.

Ko‘p o‘tmay sovet harbiylari Afg‘onistondan qaytarildi. Men institutning oxirgi kursida o‘qib yurganimda ittifoq alg‘ov-dalg‘ov bo‘lgan, hamma joyda odamlar mustaqillik haqida gapirayotgan edi.

1991 yilda mustaqil bo‘ldik, markazdan kelib ishlab yurgan juda ko‘p odamlar ortga qaytishni boshlashdi. Juda ko‘p tashkilotlar qayta shakllantirildi. Sovet davrida bo‘lmaganlari yangitdan tashkil etildi.

O‘sha paytda nafaqada bo‘lgan otam tanishlarini ishga solib meni tumanlarning biridagi soliq idorasiga xodim qilib qo‘ydi. Ikki yil o‘tgach poytaxtdagi yirik bir bozorga soliqchi bo‘lib ishga o‘tdim. Bunda ham otamning “hissa”si bor edi.

O‘sha paytlarda bozordagilarning aksariyati viloyatliklar bo‘lib, ular dehqon sifatida savdo qilib yurgani uchun faqat patta puli to‘lardi. Yakka tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib ishlaydiganlar sanoqli edi.

Bozorga moslashib olganimdan so‘ng birin-ketin bozorda doimiy savdo qiluvchilarni har oy “dolya” to‘laydigan qila boshladim. Ya’ni viloyatdan kelib savdo qilayotganlarning qo‘lida mahallasidan olingan “mahsulotni o‘z tomorqasida yetishtirgani haqida”gi ma’lumotnoma bo‘ladi. O‘sha bilan savdo qilaveradi. Lekin har oy menga “dolya” to‘laydi.

Shu tariqa avvaliga ho‘l va quruq meva rastasida o‘tirganlarni, so‘ng salatchilarni, dukkakli mahsulotlar, oxirida sabzavot sotadiganlarni “dolya”ga ildirdim.

“Dolya” miqdorini o‘zimcha insof bilan mahsulotlar narxidan kelib chiqib belgiladim. Ya’ni ho‘l va quruq meva rastasida savdo qiluvchilar narsalari qimmatligi uchun dukkakli mahsulotlar va sabzavot sotuvchilaridan ko‘proq to‘lashardi.

Pullarni o‘zim yig‘masdim. Har bir rastaga bittadan sotuvchini mas’ul qilib qo‘ygandim. Xizmati uchun u “dolya”dan ozod qilingandi.

Yig‘ilgan pullarning barchasi o‘zimda qolmas, boshliqlarga ham konvertga solingan dollar ko‘rinishida yetib borardi. Biroq ko‘proq qismini o‘zimda qoldirardim.

Ko‘p o‘tmay pullar meni salbiy tomonga o‘zgartira boshladi. Xarakterim qo‘rslashdi. Bozorda savdo qiluvchilarni odam o‘rnida ko‘rmay qo‘ydim.

Oylik “dolya”dan tashqari, boshliqlarga yoki ular aytgan odamlarga yuborib turish uchun tez-tez xarid qilib chiqardim. Bunday yo‘qlovlar bayramlarda kanda bo‘lmasdi. O‘shanda bironta sotuvchiga olgan narsalarimning pulini bermasdim.

“Oylik”dan chegirib qolamiz” derdim, lekin “dolya” yig‘ilayotganda pullarni to‘liq olardim. O‘shanda ayrimlar “bergan narsalarimizning puli “dolya”dan oshib ketadi-ku”, deb e’tiroz bildirardi.

Undaylarga agar olibsotar deb ikki enlik qog‘oz qoralasam barcha mahsulotidan ayrilishini, kamiga yana katta miqdorda jarima to‘lashini aytib do‘q urardim. Shunda jim bo‘lib ketishardi. Keyinchalik, mendan pul olib bo‘lmasligini bilgach e’tiroz ham bildirmay qo‘yishdi.

Bozorda ishlar bir maromda ketar, hammasi yaxshi edi. Faqat nafsim battar hakalak otardi. Oxir-oqibat shu meni jarga itardi.

Ish boshlaganimga 5-6 yil bo‘lganda bozorimizda ulgurji bozor bo‘la boshladi. Avvaliga odam kamroq edi. 1-2 yil o‘tgandan so‘ng O‘zbekistonning turli hududlaridan 400-500 kishi keladigan bo‘ldi.

Ular haftaning ma’lum kunida kechki payt yetib kelishar, bozorning bo‘sh qatoriga mahsulotlarini tushirib ertasi kuni tushgacha savdo qilishar, so‘ng uyga qaytishardi. Umumiy hisobda ular bozorda bir sutka ham bo‘lishmasdi.

O‘sha paytlarda men “optomchi”larni qanday qilib “dolya”ga ildirish haqida o‘ylardim. Bir-ikki marta tuman soliq bo‘limidan hamkasblarimni chaqirib, ularning hujjatlarini tekshirtirdim. “Mahalladan ma’lumotnomang yo‘q ekan, demak olibsotarsan” deb ayrimlarining mahsulotlarini tortib olib, jarima qildirdim.

O‘sha paytda ularning orasidan kimlargadir agar har oy bir marta “dolya” yig‘ib berishsa tinch qo‘yishimizni ham aytdim. Biroq bundan naf bo‘lmadi. Ular “biz bozorda o‘tirib savdo qilmayapmiz, bor-yo‘g‘i bir kunga kelib ketyapmiz” deb “dolya” to‘lashdan oshkora bo‘yin tortishdi. Shu tariqa 2-3 yil o‘tib ketdi. Vaqt o‘tgan sayin ulgurji bozorchilarni “izmimga” sololmaganim uchun jahlim chiqardi.

Kunlarning birida bozorga vaqtli bordim, shu paytda “optomchi”lar yuklarini tushirishardi. Yonma-yon turgan yuk mashinalarning haydovchilariga yukni tushirmaslikni, aks holda javobgar qilishimni aytdim. O‘zim o‘sha yerda turdim. Ko‘p o‘tmay yuklarning egalari yig‘ilib kelishdi.

Ularga yukni faqat patenti (Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tganlarga beriladigan guvohnoma nazarda tutilyapti) borlarga tushirishga ruxsat berishimni aytdim. G‘ala-g‘ovur boshlandi.

Shundan so‘ng ular bozor direktorining oldiga ketishdi. Men shu safar “optom”chilarni bo‘ysundirib olishimga ishonardim. Biroq unday bo‘lmadi.

Biroz o‘tib direktor qo‘ng‘iroq qilib qoldi va darg‘azab holda tez xonam yetib kel dedi. Borsam kamida ikki yuz odam direktorning xonasi oldida turibdi. Atrofni g‘ala-g‘ovur ovozlari tutgan, chetdan qaragan odam bozorchilar namoyishga chiqqan deb o‘ylashi aniq edi.

O‘sha paytda yurtimizda nimadir to‘polonlar sodir bo‘lgan va odamlarning bir joyga norozi bo‘lib yig‘ilishi o‘sha hududga javobgar amaldorlar uchun salbiy yakun topishi mumkin edi.

Bozor direktori odamlarga yalinib “Akalar, ukalar, 3-4 nafarlaring qolinglar, qolganlaring tarqalinglar, iltimos. Masalani hal qilamiz. Bunaqa to‘planganlaring tegishli joylarga yetib borsa meni mazamni qochirishadi”, derdi.

Shundan so‘ng “optomchi”larning 4-5 nafari qoldi va qolganlari ketishdi. Ichkariga kirdik. Bozor direktori juda qo‘rqib qolgan, men esa parvoyimga kelmay turardim.

Bozor direktori avval mendan izoh so‘ragandi, unga “optomchi”lar bir kunga kelib ketsa ham aksariyati yillar davomida savdo qilayotganini, ular ham boshqalar qator patent olishi kerakligini, biroq ular bunga ko‘nmayotganini, shunga qonuniy chora ko‘rayotganimni aytdim.

Shundan so‘ng sotuvchilardan biri o‘rnidan turdi va direktorga yuzlanib gap boshladi:

Bizning bu odamga gapiradigan gapimiz yo‘q. Shu uchun sizga gapiraman. Haftada bor-yo‘g‘i bir kun bozorda bo‘lamiz. Boshqa payt joylar bo‘sh turadi. Bozorning mehmonxonasi, uning atrofidagi oshxona va boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchalari biz tufayli bir kun bo‘lsa ham savdo qilib olishadi. Kamida 400-500 odam kelamiz, patta pulining o‘zi ehhe qancha bo‘ladi. Agar soliq xodimlari bizni bu yerda savdo qilishga qo‘ymasa keyingi haftadan kelmaymiz, boshqa bozorga ketamiz. Bu odam (meni nazarda tutdi) hozir qonuniy chora haqida gapirdi. Biroq yolg‘on gapiryapti. Avvalroq u bizga oylik “dolya” qo‘ymoqchi bo‘ldi, ko‘nmadik. Endi o‘sha ishni amalga oshirish uchun bizni bozorda savdo qilishdan to‘syapti. Buning maqsadi davlatga pul tushirish emas, o‘ziga pul yig‘ish. Teshik quloq eshitadi, bu bozorda doimiy o‘tirib savdo qiluvchilarni to‘liq “dolya” berishga majburlab kelyapti. Buni siz tiyib qo‘ya olmasangiz, biz boshqa joyga ketamiz. Oxirgi gapimiz shu”.

Direktor “optomchi”chining gaplarini eshitgach ularni hech kim bezovta qilmasligini, bunga kafolat berishini, bemalol kelib savdo qilib ketaverishlarini aytdi. So‘ng menga yuzlandi:

Nega xalqni norozi qilib namoyishga to‘playapsan? Ikki qulog‘ing bilan ham eshit, mana bularni oldida aytyapman, sen bu yerda ishlashga noloyiqsan. Hoziroq rahbarlaringga chiqaman, seni xohlagan joylarida ishlatishsin, lekin bu yerda emas. Endi esa, bor yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma”.

O‘shanda direktor aytganini qildi va rahbarlar meni boshqa yoqqa ishga o‘tkazishdi. Bozordan kelib turgan “dolya”lardan quruq qoldim. Otam aralashib ham meni bozorda olib qololmadi.

Keyinroq eshitishimcha, o‘sha kuni odamlarning to‘plangani shahar hokimligigacha yetib borgan va oqibatda direktor yaxshigina gap eshitibdi.

Oradan ikki yil o‘tgach, meni bozordan quvgan direktor ishdan ketdi. Shundan so‘ng ortga qaytishga harakat boshladim. Yana otamning tanishlarini aralashtirdik va men o‘sha bozorga qaytdim.

Biroq, nafsim qanchalik bezovta qilmasin “optomchi”chilarga tegmaslikka qaror qildim. Ular bu safar bosh ko‘tarib shahar hokimligiga ham borishi mumkin. O‘sha paytda ular bilan “o‘ynashish” o‘t bilan o‘ynashishday gap edi.

Ortga qaytgach yana eski “dastyor”larimni topib “dolya” yig‘ish masalasini muhokama qildim. Barchasi yana birga ishlashga rozi bo‘ldi.

Hanuzgacha esimdan chiqmaydi, ho‘l meva rastasining “dolya”sini olib kelgan yigit pullarni qo‘limga bergan zahoti xonamga uch kishi yugurib kirdi. Yuragim shuv etib ketdi. Ular pullardagi belgini ko‘rsatib, pora olganlikda gumonlanayotganimni aytib, qo‘limga kishan taqishdi.

O‘sha paytda otam chiqarib oladi degan ishonchda bo‘lganim uchun xotirjam edim. Biroq bir necha kundan so‘ng advokatimdan bildim, meni chiqarib olishga otamning “kuchi” yetmabdi.

Sudda menga qarshi guvohlar ancha edi. Ular navbati bilan qilmishlarimni ochib tashlashdi, hech narsa deya olmay qoldim. Yetti yil qamoq jazosi oldim.

Qamoqdaligimda avvaliga otam, keyin onam vafot etdi. Men noqobil o‘g‘il ularni qabrga ham qo‘ya olmadim. Muddatning yarmidan ko‘prog‘ini o‘taganimdan so‘ng shartli ravishda ozod qilishdi. Shu muddat ham ko‘zim ochilishi uchun yetarli bo‘ldi.

Qamoqdan chiqib kelganimdan so‘ng to‘g‘ri hayot kechirishga qaror qildim va tadbirkorlik qila boshladim. Hozir ishlarni farzandlarimga topshirganman.

Keyinchalik ishlarim yaxshi bo‘lib ketganda mustaqillikdan keyin keng imkoniyatlar ochildi, nega boshdanoq tadbirkorlik qilmay nafsimning quliga aylanganimga ajablanaman.

Juda ko‘pchilikning haqini yeganman, o‘sha odamlarni topib pullarini qaytarishning iloji yo‘q. Ming afsuslanganim bilan endi vaqtni ham ortga qaytarib bo‘lmaydi.”

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid