Jahon | 10:01 / 08.03.2024
2845
2 daqiqa o‘qiladi

Norvegiyada NATOning Nordic Response keng ko‘lamli mashqlari boshlandi

NATOning Chekka Shimoldagi mashg‘ulotlarida Finlandiya, Shvetsiya va Germaniya kabi 13 davlatdan harbiy xizmatchilar qatnashmoqda. Manyovrlarda ular alyans hududiga hujumni qaytarishni mashq qiladi.

Foto: Reuters

Norvegiya shimolida alyans hududiga qilingan hujumni qaytarish uchun NATOning keng ko‘lamli mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Germaniya Bundesveri ma’lumotlariga ko‘ra, 7 mart, payshanba kuni yarim tunda boshlangan Nordic Response - 2024 («Shimoliy javob») manyovrlarida 1500 ga yaqin nemis askari, jumladan, 700 tog‘larda harakatlanuvchi miltiqchi qatnashmoqda.

Mashg‘ulotlarning birinchi kunida askarlar Norvegiyaning Alta shahri hududidan (Rossiya bilan chegaradan taxminan 500 km uzoqlikda) uning janubida joylashgan hududlarni ozod qilish uchun «aksilhujum» o‘tkazishi kerak. Manyovrlar ssenariysiga ko‘ra, bu joy allaqachon «dushman tomonidan bosib olingan».

Norvegiya ma’lumotlariga ko‘ra, Nordic Response - 2024’da 13 ittifoqchi davlatdan 20 mingga yaqin askar ishtirok etmoqda, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga hujumidan keyin alyansga qo‘shilishga qaror qilgan Finlandiya va Shvetsiyadan ham harbiylar bor. Manyovrlarda turli xil qurol tizimlari, jumladan, 100 ta samolyot va fregat hamda suvosti kemalari bilan dengiz kuchlari ishtirok etadi.

Nordic Response - 2024 faol bosqichining boshida Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Altaga keldi. Bir kun oldin u Rossiya bilan chegaradagi Norvegiya harbiy bazasiga tashrif buyurdi va hozirda asosiy e’tibor Ukraina va Yaqin Sharqqa qaratilayotganiga qaramay, Bundesverning Uzoq Shimoldagi ishtirokini kengaytirish taklifi bilan chiqdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid